Sharq bilan savdo-sotiq aloqalari. Yevropa savdogarlari O’rta Yer dengizidan Suriya va Misr portlariga borardilar. Arab va Eron savdogarlari bu yerlarga qimmatbaho sharq tovarlarini olib kelardilar. Yevropa savdogarlari ulardan zeb-ziynat buyumlari, ziravorlar sotib olib, ularni o’z mamlakatlaridagi boylarga sotib, ko’p foyda topardilar. Italiyadagi Venetsiya va Genuya shaharlarining savdogarlari Sharqqa boradigan savdo yo’llarini o’z qo’llariga oldilar. Ularning savdo flotlari, o’nlab uylari, omborlari va do’konlari bo’lardi. Sharq bilan savdo-sotiq qilish natijasida O’rta Yerdengizi bo’yidagi Yevropa shahadari, ayniqsa, Italiya shaharlari o’sdi va boyib ketdi.
Yevropa shimolidagi savdo-sotiq ishlari. Boltiq va Shimoliy dengizlardan muhim savdo yo’llari o’tardi. Bu yerda tuz, mo’yna, jun, movut, mum, yog’och, temir va xo’jalik uchun zarur bo’lgan boshqa tovarlar bilan savdo qilinardi. Bunda Rusdagi Novgoroddan tortib, Angliyaning poytaxti Londongacha Shimoliy Yevropa mamlakatlari va shaharlarining savdogarlari savdo-sotiq qilardi. Savdo-sotiq markazi - Bryugge shahri edi. Yevropa shimolidagi savdo-sotigda yetakchilikni egallash uchun nemis shaharlarining savdogarlari XIV asrda Ganzaga (ya’ni ittifoqqa) birlashdilar. Ganzaga 70 dan ottiq shahar kirardi. Bu ittifoqqa Germaniyaning Lyubek shahri boshchilik qilardi. Ganza savdogarlari Shimoliy va Boltiq dengizi bo’ylarida olib boriladigan savdo-sotiq ishlaridan o’z raqiblarini siqib chiqarishga urinardilar. Novgorod, Bryugge, London va boshqa shaharlarda ularning mustahkam savdo saroylari bor edi. Ganza kattat flotga ega edi.
Yarmarkalar va sarroflar. XIII asrda eng mashhur yarmarkalar Fransiyaning shimoli-sharqidagi Shampan grafligida ochilgan. Savdogarlar sarroflar yordamiga juda muhtoj edi. Chunki har bir mamlakatda og’irligi va zarb shakli turli bo’lgan pullar yurardi. Bu pullarni qirollargina emas, balki yirik feodallar va katta shaharlar ham chiqarardi. Faqat Fransiyaning o’zida kamida 80 xil tanga zarb qilinardi. Sarroflar muayyan xizmat haqi evaziga ularning pullarini yarmarkada muomalada yuradigan pullarga almashtirib berardi. Banklarning vujudga kelishi. Savdo-sotiqning rivojlanishi banklarni vujudga keltirgan. Dastlabki bankirlar sarroflar va sudxo’rlar bo’lishgan. Ular foiz evaziga qarz berishardi. Shuningdek, pullarni saqlash uchun ham qabul qilishardi. Xizmat vazifalariga ko’ra, bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatdagi savdogarlarga pul jo’natishar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |