III.Yangi mavzu bayoni: To’rtinchi salib yurishi. 1202- yilda to’rtinchi salib yurishi boshlandi. To’rtinchi salib yurishi oldingilaridan xristianlarning xristianlar yurtini bosib olishi bilan farq qiladi. Bunda Venetsiya shahri katta rol o’ynadi. Uning maqsadi asosiy savdo raqibi - Vizantiyani kuchsizlantirish edi. 1204- yilda salibchilar Vizantiya poytaxti Konstantinopol shahrini egalladilar. Bosqinchi salibchilar shaharni ayovsiz taladilar. Barcha ibodatxonalar, jumladan, Muqaddas Sofiya ibodatxonasi ham ship-shiydon qilindi. Salibchilar Vizantiyaning bosib olingan hududlarida yana bir yangi davlat tuzdilar. Bu yangi davlat Lotin imperiyasi deb ataldi. 1261- yildagina Vizantiya imperiyasi qayta tiklandi, biroq u avvalgidek qudratli bo’la olmadi. To’rtinchi salib yurishining yana bir o’ziga xos tomoni - unda bolalarning yurishda qatnashish istagida bir joyga to’planganligidir. Savdogarlar ularni kemalarda Misrga olib borganlar va qullikka sotib yuborganlar.
1217- yildan 1270- yilgacha o’tgan davrda yana to’rt marta salib yurishlari uyushtirildi. Lekin ular samarasiz tugagan. Bu yurishlarda endi butun Yevropa qatnashmagan. Yurishlar oqibatida salibchilar Quddus shahrini butunlay qo’ldan chiqardilar. 1291- yilda turklarning zarbasi natijasida salibchilar Sharqdagi barcha mulklaridan batamom ayrildilar. Kipr oroli XV asrning ikkinchi yarmidan Venetsiya qo’liga o’tdi. Salib yurishlari oxir-oqibatda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, butunlay to’xtadi.
XIII asr oxirlariga kelib Yevropada qishloq xo’jaligi yuksala bordi. Hosildorlik ortdi. Bu esa feodallarning daromaularini yanada orttirdi. Oqibatda ularga og’ir va xatarli urushlar kerak bo’lmay qoldi. Dehqonlarning birinchi salib yurishida qirilib ketishi qolganlarning ko’zini ochdi. Endi dehqonlar Papa va feodallar da’vatiga ishonmay qo’ydilar. Uzoqdan to’kin hayot izlash o’rniga feodallarga kuchliroq qarshilik ko’rsatish yoki shaharga qochib ketish afzal edi. Shaharlarning o’sishi ularga ish topish imkonini bera boshladi. Ritsarlar ham salib yurishlarida qatnashishdan bosh tortganlar. Chunki Yevropa davlatlari o’rtasida nizolarning kuchayishi ritsarlarga bo’lgan talabni oshirib yubordi. Shunday sharoitda ritsarlarga qirol qo’shinida xizmat qilish afzal bo’lib qoldi. Eng muhimi, Yevropada markazlashgan davlatlarning tashkil topa borishi katolik cherkovining oldingi qudratini yo’qqa chiqara bordi. Uning mavqei pasaya boshladi.
Salib yurishlari o’zining asosiy maqsadiga erisha olmadi. Buning ustiga bu yurishlarda yevropaliklar katta talafot ko’rdilar. Shunday bo’lsa-da, salib yurishlari Yevropa uchun qator ijobiy natijalar keltirdi. Chunonchi, O’rta Yer dengizi orqali olib borilgan savdo-sotiq yanada jonlandi. Savdo-sotiqda yetakchilik Italiyaning Venetsiya va Genuya shaharlariga o’tdi. Yevropaliklar sharqliklardan tarvuz, limon, o’rik, shakarqamish, sholi kabi qator o’zlari uchun yangi dehqonchilik ekinlari yetishtirishni o’rganib oldilar. Bundan tashqari, shamol tegirmonidan foydalanish, shoyi to’qish, oyna (ko’zgu) yasashni ham o’zlashtirdilar. Shaxmat o’yini ham shu davrlarda Sharqdan kirib keldi. Bir so’z bilan aytganda, salibchilar Sharq madaniy hayoti Yevropanikidan ustun ekanligiga amin bo’ldilar. Eng muhimi, yevropaliklar Sharqda turli dinlarning bir-biribilan o’zaro murosada yashayotganligini ko’rdilar.