9-mavzu.Tadbirkorning bosh ma’naviy fazilatlari
1.Bozor iqtisodi iqtisodiy adolatdir.
2.Ma’naviy merosimizda bozor iqtisodiga munosabat.
3.Bozor ma’naviyati. Madaniyat bozori.
4.Tadbirkor ma’naviyati.
5.Mustaqil 0‘zbekistonda bozor iqtisodining shakllanish jarayonida siyosiy ijtimoiy va ma’naviy muammolaming o‘zaro nisbati va ulaming tadrijiy yechimi.
Har bir ishni bamaslahat, yetti oʻlchab, imkoniyatlarni chamalab, puxta reja asosida boshlash xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy fazilatlardan biri. Olis oʻtmishga nazar tashlasak, el-yurt shu fazilat bois oʻta murakkab sharoitlarda ham muammolarning toʻgʻri, adolatli yechimini topa olgan, qiyinchiliklarni omilkorlik bilan yengib oʻtgan. Dunyoga mashhur buyuk ipak yoʻli, choʻl-biyobonlarda qurilgan karvonsaroy va sardobalarning oʻziyoq bu koʻhna zaminda odamlar azal-azaldan tadbirkor boʻlishganining dalolatidir.
Sohibqiron Amir Temurning Ovrupo qirollari bilan yozishmalariga koʻz tashlasak, qadim Movarounnahrda tadbirkor, ishbilarmon kishilarga alohida hurmat-eʼtibor koʻrsatilgani, oʻzaro savdo aloqalarini yoʻlga qoʻyib, yurtni obod qiluvchi tujjorlar uchun sharoitlar yaratilgani va hech kim bunday kishilarga zulm oʻtkazmagani, mol-mulkiga koʻz tikmagani maʼlum boʻladi. “Endi ul Amiri Kabirdan iltimosimiz va umidimiz shulki, deyiladi Sohibqironning Farangiston qiroli Karl VIga yoʻllagan nomalaridan birida, – bizga muborak maktublarini hamisha yoʻllab tursalar, toki ular bizni Amiri Kabirning salomatliklaridan xabardor etib, bu borada xotirimizni jam qilgʻay. Yana, hazratlari oʻz tojirlarini biz tomon yuborsalar va biz ularning hurmat-eʼtiborlarini bajo keltirsak, hurmat-izzatlari saqlansa, ularga hech kim zoʻrlik koʻrsatmasa, (mol-mulkiga) ziyon-zahmat yetkizmasa. Chunki dunyo tojirlar bilan oboddir...”
Bundan anglashiladiki, tadbirkorlar turli zamonlarda ham mamlakatlar, millatu elatlar oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, foydali hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyganlar. Qayerdaki tadbirkorlik, ishbilarmonlik rivoj topsa, soha fidoyilariga ragʻbat berilsa, bu holat nafaqat oʻsha yerga, unga tutash joylarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Har bir tadbirkor oʻz ortidan uquvli, layoqatli yoshlarni ergashtirgan, demakki, ularning biror foydali ish bilan band boʻlishiga koʻmaklashgan. Faqat shu emas, olis yurtlarni bir-biriga bogʻlaydigan savdo karvonlarida faqat chiroyli matolar, taqinchoqlar, kiyim-kechak, uy-roʻzgʻor buyumlari bilan birga noyob kitoblar, ilmiy majmualar ham boʻlgan. Tujjorlar madaniyat, ilm-fan, adabiyot elchilari ham boʻlishgan. Ular uylariga qaytgach, oʻzga yurtlarda koʻrgan-kechirganlarini, ibratga molik yangiliklarni, ezgu urf-odatlarni soʻzlab berishgan, bu bilan yoshlar tarbiyasiga muhim hissa qoʻshishgan.
Tadbirkorlikni kimdir mashaqqatli kasb, kimdir tugʻma isteʼdod, yana kimdir avloddan avlodga oʻtadigan ilohiy inoyat deb tushunadi. Bu qarashlarga eʼtiroz bildirish qiyin. Chunki, haqiqiy tadbirkor bu ishni kasb darajasiga yetkazish uchun bor isteʼdodini ishga soladi, oʻzigacha boʻlgan tadbirkorlarning tajribalariga qiziqadi, yillar davomida tinimsiz mehnat qiladi, izlanadi. Goh yanglishadi, hisobi chiqmay qoladi, ammo shunda ham niyatidan qaytmaydi. Aksincha, tanlagan kasbini farzandlariga, nabiralariga oʻrgatib, ularni yoniga oladi. Shu tariqa yurtda savdogarlar, duradgorlar, oʻymakor yoki zargarlar kabi sulolalar paydo boʻladi. Faqat bir muhim jihat borki, “Bugundan boshlab tadbirkorlik bilan shugʻullanaman”, deb ish boshlagan kishilarning hammasiga ham omad kulib boqmaydi.
Tadbirkor avvalo, bozorni, ishchi kuchlari va ishlab chiqarish vositalarini oʻrganishi, qayerda qanday mahsulot (xomashyo) mavjudligini, ularning sifati va zaxirasini, odamlarning talabi va xarid quvvatini bilishi, shu asosda ishga kirishishi etiladi. Ikkinchidan, chinakam tadbirkor birinchi navbatda el-yurtga xizmat qilish, bozorni toʻldirish uchun ham bu xayrli ishga bel bogʻlaydi. Nima qilib boʻlsa-da, foyda koʻrishni, daromadni oshirishni oʻylaydiganlar, aslida, bu sohaga tasodifan kirib qolgan kishilardir. Tarixiy manbalarda yozilishicha, foyda ortidan quvib, bozorga soxta, sifatsiz mahsulot olib chiqqan, hisob-kitobda gʻirromlik qilgan, xaridorning haqiga xiyonat qilgan “tadbirkor”larga jazo choralari qoʻllanilgan. Ularning usti yaltiroq, ichi qaltiroq buyumlari bozor darvozalariga hamma koʻrishi uchun osib qoʻyilgan.
Shu maʼnoda, chinakam tadbirkorlarni millatparvar, fidoyi insonlar deyish mumkin. Qadimda tijorat bilan shugʻullanuvchi kishilarga ayni shunday munosabatda boʻlishgan. Chunki ular savdo-sotiq bois, ellarni ellarga, mamlakatlarni mamlakatlarga bogʻlaganlar, oʻzga yurtlarda koʻrgan yaxshi amallari, xayrli-savobli ishlar toʻgʻrisida soʻzlab berganlar, “falon yurtda mana bundoq urf-odat, udum bor ekan, biror muammoga duch kelishsa, uni koʻplashib hal qilishar ekan”, deya ezguliklarni targʻib-tashviq qilishgan. Bundan-da muhimi, tadbirkorlar oʻzga yurtlarga borishganda, oʻz yurtlari, vatandoshlari toʻgʻrisida yaxshi taassurot qoldirishga harakat qilishgan, beodob xatti-harakatlardan tiyilishgan, xaridorlarning ishonch-eʼtiborini qozonishgan, taʼbir joiz boʻlsa, halollik, poklik, diyonatlilik elchilari boʻlishgan. Sohibqiron Amir Temur davrida Samarqandga kelgan tujjorlar bu yurtda raiyatni boshqarishda adolat tamoyillariga qatʼiy amal qilinishini oʻz koʻzlari bilan koʻrganlar va bu toʻgʻrida oʻz vatandoshlarini xabardor qilib turishgan.
Sobiq tuzum ishbilarmon, tashabbuskor, gʻayrat-shijoatli kishilarning yoʻlini toʻsdi, qoʻl-oyogʻini bogʻladi. Tadbirkorlik qonun yoʻli bilan taqiqlab qoʻyildi. Talabalik yillarim Chorsu bozori atrofidagi xonadonlarda yashaydigan kosib, misgar, tikuvchi va duradgorlarga qanday tazyiq oʻtkazilganini oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Mustabid saltanatning inqirozga yuz tutishi sabablari endilikda hammaga ayon, ammo shu birgina taqiqning oʻzi ham tanazzul uchun yetarli edi. Chunki, tadbirkorlik rivojlanmagan, odamlarning tashabbuslari, gʻayrat-shijoatlari qoʻllab-quvvatlanilmagan joyda taraqqiyot boʻlmaydi. Chunki, davlatimiz rahbari aytganidek, bitta tadbirkor oʻnta oilani boqadi, qancha kishini ish bilan taʼminlaydi, bandlik bilan bogʻliq muammolarning hal etilishiga hissa qoʻshadi. Yirik xususiy korxona yoki zavodda necha yuzlab yoshlar mehnat qilar ekan, bu — bekorchilikning, demakki, koʻpdan-koʻp mayda jinoyatlarning oldini olish degani hamdir.
Keyingi ikki yil ichida tadbirkor va ishbilarmonlarga munosabat yanada oʻzgardi. Ozod yurt kelajagi, millat ravnaqi, yangidan qad rostlayotgan erkin jamiyat poydevorining nechogʻli mustahkamligi jamiyatda yuzaga kelgan yangi ijtimoiy qatlam — mulkdorlarning samarali faoliyati bilan bogʻlandi. Xorijiy investorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha tegishli qonunchilik yuzaga keldi. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir oila, har bir kishi, millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, oʻz umridan rozi boʻlib yashashga, mulkka egalik qilishga, halol mehnati samaralaridan bahramand boʻlishga, farzandlarining kamolini koʻrishga haqli ekanligi rasman eʼtirof etildi. Ular faoliyatiga asossiz aralashish holatlariga chek qoʻyildi. Natijada odamlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan yangi islohotlarga ishonchi ortdi, fikri, dunyoqarashi oʻzgardi, koʻnglida jamiyat taraqqiyoti uchun masʼullik hissi paydo boʻldi, yoshlarning ijtimoiy faolligi koʻzga tashlana boshladi. Bugun Oʻzbekiston zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar safidan mustahkam joy olish uchun iqtisodiyotni modernizatsiya qilish yoʻlidan borayotgan ekan, bunda mamlakat boʻylab tobora keng quloch yozayotgan “Har bir oila — tadbirkor” harakatining ham munosib hissasi bor, albatta.
Keyingi ikki yil ichida xalqimizning turmush tarzi, dunyoqarashi va ong-shuurida yuz bergan oʻzgarishlar mamlakat iqtisodiyotidagi oʻzgarishlardan kam emas. Xalq bilan muloqot, ularni tinglash, muammolariga quloq tutishning oʻzi Oʻzbekistonni dunyoga yangi maqomda namoyon etdi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Qishloq joylarida mahalliy ishlab chiqarish izchil rivojlanayotgani, zamonaviy infratuzilma shakllanayotgani, yosh oilalar, xasta va nogironlar uy-joy bilan taʼminlanayotgani dunyo davlatchiligi tarixida kamdan-kam uchraydigan hodisa. Yurtboshimizning saxovatli bu siyosati bugungi kunimizning oddiy voqeligi boʻlib qoldi. Xalq ertaklarida tasvirlangan ulkan qurilishlarni real hayotda koʻrib turibmiz. “Oddiy dehqon oilasidan ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport va boshqa sohalarda jahon chempionlari, xalqaro Olimpiada gʻoliblari yetishib chiqadi, maʼrifatli dunyo Oʻzbekistondan koʻp narsalarni oʻrganadi” desa, bunga ishonish qiyin edi.
Shunday kunlarni uzoq kutgandik. Istiqlol bu orzularimizni roʻyobga chiqardi. Oʻqish, ishlash, yaratish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Yurtimiz tinch, maqsadimiz aniq. Ammo erishilgan yutuqlar bilan qanoatlanib qolmaslik kerak. Dunyo chayqalib turibdi. Bir tomonda yangilanish, evrilishlar, ikkinchi tomonda iqtisodiy boʻhronlar, mafkuraviy tazyiqlar, boʻlingan dunyoni qayta boʻlib olish harakatlari. Yanada tashvishlisi, yosh avlod ongi va qalbini egallash, milliy tuygʻuni zaiflashtirish, yigit-qizlarni oʻzga qadriyatlar ogʻushiga olish kurashi kun sayin kuchaymoqda. Bunday sharoitda xalqimizga azaldan xos boʻlgan yana bir tadbirkorlik — ogohlik va zukkolik, fikr uygʻoqligi, kuzatuvchanlik, chuqur mulohaza, bosiq-vazminlik, uzoqni oʻylab ish tutish, taʼlim-tarbiyaga befarq boʻlmaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Boylik, kuch-qudrat yecha olmagan tugunni maʼnaviyat deb atalmish insoniy fazilat yechishi mumkin. Keyingi yillarda bunga koʻp bor amin boʻldik, shu bois, maʼnaviy tarbiya hayotimizning oʻzagi boʻlib qoldi. Bu oʻzak moliyaviy tanglik mashaqqatini boshidan kechirayotgan dunyo mamlakatlari uchun ham xaloskor kuch boʻlishi aniq.
Do'stlaringiz bilan baham: |