9-bob. BANKLARDA KASSA OPERATSIYaLARI
9.1.Naqd pul muomalasi mazmuni
Iqtisodiyotda naqd pul muomalasi muhim ahamiyatga ega bo’lib, ijtimoiy ishlab chiqarish bilan aholining turmush darajasi o’rtasidagi munosabatlar naqd pul yordamida aks etadi. Rivojlangan mamalakatlar tajribasidan Ma’lumki, iqtisodiyotda barqaror pul muomalasiga erishishda naqd pul muomalasi ulushini qisqartirish (20% gacha) va uni samarali tashkil etish katta ahamiyatga ega.
Naqd pul muomalasi deganda mamlakat pul tizimida amaldagi qonunchilik bo’yicha naqd pullarni muomalaga chiqarilishi, aylanishi(harakati) va muomaladan chiqarilishi tushuniladi. Naqd pul muomalasini tashkil etish va nazorat qilishda Markaziy bankning aloxida o’rni mavjud. Bankdan tashqari naqd pul aylanmasi sezilarli darajada ekanligi hozirgi kunda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Banklar tomonidan korxonalar, tashkilotlar va jismoniy shaxslarning hisob raqamlaridagi mavjud pul mablag’lari qonunchilikda belgilangan tartibda, birinchi talabga binoan, naqd pul shaklida berilmokda.
Markaziy bank iqtisodiyotda kassa operatsiyalarini olib borilishi tartibini belgilaydi, banknotlar(qog’oz pullar) va tanga pullarni zarb etilishini tashkil qiladi, naqd pullarning muomalasi, saklanishi, inkassatsiya qilinishi koidalarini o’rnatadi, qog’oz va tanga pullarning yagona rezerv fondlarini shakllantirilishini ta’minlaydi, pullarni muomaladan chiqarish koidalarini o’rnatadi.
Mazmuniga ko’ra, muomalaga naqd pul chiqarish xo’jaliklar va aholini pul belgilari bilan kreditlashni anglatadi.
9.2.Bankda naqd pulni qabul qilish va berish
Kassa operatsiyalari deganda bankning o’z mijozlari bilan naqd pul yuzasidan kelib chiqadigan o’zaro alokalari, xuquq va majburiyatlari majmui tushuniladi. Kassa operatsiyalarini amalga oshirishda banklar quyidagi talablarning bajarilashini ta’minlaydilar:
1.Barcha korxona va tashkilotlar o’z pul mablag’larini banklarda saklashlari shart.
2.Korxonalar o’rtasida hisob-kitoblar naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi. Mamlakat xududidagi korxonalar o’rtasida barter taqiqlangan.
3.Bankdan u yoki bu maqsadda olingan naqd pul shu maqsadda ishlatilishi shart.
4.Korxonalar o’z kassasida naqd pulni belgilangan limit doirasidagina saqlashi mumkin.
5.Korxona kassasiga naqd pul tushumi belgilangan tartibda va muddatda bankka topshirilishi shart.
Demak, naqd pulni egasi korxona bo’lsa ham, uni ishlatilishida Markaziy bankning tartib-koidalariga rioya etish zarur, chunki Markaziy bankning pul-kredit siyosatida naqd pullarning qonuniy asosda muomalaga chiqishi muhim o’rin egallaydi.
Bank naqd pul bilan operatsiyalarni bajarish uchun texnikaviy mustaxkamlik va signalizatsiya bilan jihozlangan kassa xonalariga ega bo’lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |