9-amaliy mashg‘ulot bo’yicha topshiriq
Mavzu: Modern adabiyoti mohiyati: falsafiy estetik asoslari.
1-topshiriq. O’zbek adabiyotida modernizm va uning o`ziga xos belgilari haqida ma’ruza matnidan foydalanib fikrlaringizni yozing.
Modernizm – falsafa, san’at va adabiyot sohasidagi noklassik qarashlar tizimini umumlashtiruvchi atama. Kunbotish mamlakatlarida 19 asrning so‘nggi choragida yuzaga kelgan va frantsuzcha “eng yangi”, “zamonaviy” ma’nolarini anglatuvchi modernizm o‘zini o‘sha zamon hamda kelajakdagi yagona haqiqiy estetik va falsafiy yo‘nalish hisoblab, olamni falsafiy hamda badiiy idrok etish, izohlash va tasvirlash borasida mavjud bo‘lgan an’anaviy yondashuvlarni inkor qilishi bilan ajralib turadi. Modernizm olam hodisalari va odamga munosabat, ulardagi turli-tuman holatlarni izohlash hamda tasvirlashda o‘ziga xoslikka intilib, klassik yondashuv yo‘sinini inkor etish yo‘lidan borgan g‘oyat ko‘p tarmoqli falsafiy-estetik hodisadir.
Modernizm klassik falsafadagi san’atga real voqelikning in’ikosi tarzida qarashdan voz kechib, borliqqa qat’iy bog‘lanib qolish san’atkorni cheklab qo‘yadi, u o‘z o‘yu xayollari bilan voqelikdan tashqarida turganida ko‘proq ijodiy imkoniyatga ega bo‘ladi deb qaraydi. Realistik nazariya san’atning yagona ob’ekti borliq deb bilgani sababli ham undan yuz o‘girish kerak deb hisoblaydi. San’at borliqning nusxasi emas, balki uning o‘zi alohida mustaqil borliq deb biladi. Modernistik adabiyot va san’atning barcha yo‘nalishlarda yaratilgan asarlarda unga qadar qo‘llanib kelingan an’anaviy badiiy vosita va usullar yo butunlay inkor qilinadi, yoxud ulardan tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgartirilgan holda foydalaniladi.
Ma’lumki, san’at va adabiyotdagi klassik qarashlar tizimi sharoitida badiiy yaratiqning aqlga muvofiqligi (ratsionallik), ijodiy tajriba davomida shakllangan badiiy qoliplarga rioya qilishi (normativlik), tasvir vosita va unsurlari orasida uyg‘unlikning mavjudligi (garmoniya), badiiy ifodaning aniq, oson va bir xil tushuniladigan bo‘lishi, kompozitsiyaning formal insoniy mantiqqa muvofiq qurilishi, har qanday badiiy asarning real hayotga muvofiq keladigan yo‘sindagi muayyan taxminiy sxematik modelga egaligi, idealni tasvirlash kerakligi, tilning oddiy so‘zlashuv nutqidan farq qiladigan tarzda silliqlangan bo‘lishi lozimligi singari talablar qo‘yilar edi. Badiiy ijodni muayyan talablarga bo‘ysundiradigan bunday klassik yondashuvlarga isyon o‘laroq yuzaga kelgan modernizm turli-tuman ko‘rinishlarga ega serqatlam falsafiy-estetik qarashlar tizimidan iborat bo‘lib, bu yo‘nalishdagi izlanishlar jamiyat hayotida keskin to‘ntarishlar hamda qaltis kataklizmlar yuz bergan sharoitda, ayniqsa, kuchayadi. Negaki, inson ijtimoiy turmushidagi keskin chayqalishlar uning tuyg‘ularini muvozanatdan chiqarib, ta’sirlanish va bu ta’sirni ifodalash yo‘sinlariga tahrir kiritadi.
Milliy adabiyottanuv ilmida modernizmni faqat turli shakliy izlanishlarni amalga oshirishdangina iborat kechim tarzida tushunish ham keng yoyilgan. Bunga ko‘ra, badiiy ifodada mavjud an’analardan har qanday chekinishga modernizmning yuzaga kelishi tarzida qaraladi. Umuman olganda, juda teran yozilgan bir maqoladagi: “Salim Ashur ijodida shakliy, mantiqiy tajribalar, ya’ni modern she’rlar salmoqli o‘rin tutadi. Ayni paytda shaklbozlikka, eksperimentlarga mahliyo bo‘lib, she’rning asosiy sharti – tirik qalbning tirik tuyg‘ularini chetlab o‘tmaydi”, – shaklidagi qarashlar bitilgani fikrimizning asosidir. Modernizmday serqirra estetik hodisani bu qadar jo‘n va yengil izohlashga doir misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Yondashuvlar tizimidagi bunday xilma-xillikni tushunish mumkin. Chunki jarayon to‘xtagani yo‘g‘u hamon kechmoqda. To‘xtamagan kechim borasidagi to‘xtamlar ham xilma-xil bo‘lishi tabiiy. Shunga tayangan holda badiiy ijodda paydo bo‘lgan biror yo‘nalish, jumladan, modernizm ham izsiz yo‘qolib ketmaydi. Insoniyatning badiiy didi takomillashib borgani sari ijod kechimi ham borgan sari turfalashib boraveradi deb o‘ylaymiz.
2-topshiriq. O’zbek adabiyotshunos va munaqqid olimlarining modernizm haqidagi maqolalari bibliografiyasini tuzing.
Qozoqboy Yo’ldosh.Modernizm:ildiz,mohiyat va belgilar.”Yoshlik”jurnali,2014-yil,9-son
Muhammadjon Xolbekov.XXasr modern adabiyoti manzaralari
Ozod Sharafiddinov “Modernizm-jo’n hodisa emas”
Muhammadjon Xolbekov. Badiiy adabiyotda modernism tavsifi.
Do'stlaringiz bilan baham: |