9.4. Rossiya imperiyasining Turkistondagi iqtisodiy siyosati
Rossiya Imperiyasi Turkistonni bosib olishda albatta, iqtisodiy maqsadga ega edilar. Yuqorida ta’kidlanganidek, Rossiya to‘qimachilik sanoati AQSh paxtasiga bo‘g‘liq edi. Rossiya to‘qimachilik sanoati uchun keltirilayotgan Amerika paxtasi uchun yiliga 30-40 million rubl to‘lab kelardi. Shu boisdan, Turkistonni paxta xomashyosi yetishtiradigan bazaga aylantirish Rossiya agrar siyosatining bosh maqsadi deb belgilandi.
1886-yil Nizomga ko‘ra xonliklar davrida davlat mulki hisoblangan yer maydonlari Rossiya davlati xazinasiga tegishli, deb e’lon qilindi. Vaqf mulklari ham asta-sekin davlat ixtiyoriga olindi. Xususiy mulk hisoblangan yerlar ilgarigi egalariga merosiy ravishda foydalanishga berildi va soliq solindi. Ijaraga yer olib, undan amalda foydalanib kelayotgan xonadonlarga o‘sha yerlar meros qilib biriktirildi va ularga soliq solindi. Shu tariqa, o‘lkaning barcha hosildor yerlari Rossiyaning daromad manbaiga aylantirildi. XIX asr oxirida yer solig‘i 4 million rublni tashkil etgan bo‘lsa, 1916- yilda 38 million rubldan oshib ketdi.
Shuning uchun Turkistonda paxta plantasiyalarini kengaytirishga jiddiy e’tibor berildi. Paxta plantatsiyalari asosan Farg‘ona viloyatida tashkil etildi. Xususan, Turkistonda 1885-1916- yillarda paxta ekiladigan yer maydoni 40 ming tanobdan 550 ming tanobga ko‘paydi. 1884-yilda hosildorlikni oshirish maqsadida tajriba- urug‘chilik stansiyasi ochildi. Shu yildan paxtachilikda pishiq tolali va hosildor “Amerika” navini ekish keng tarqala boshlandi.
Shuningdek, Turkistonda yangi ekinlar paydo bo‘lib, Rossiya iqtisodiyotiga foyda keltiradigan mahsulotlar yetishtirish oshirildi. Qishloq xo‘jaligida pilla yetishtirish ko'paytirildi, o‘lkada qand lavlagi, kartoshka, karam ekinlarini ekish o'zlashtirildi. Vinochilik, asalarichilik paydo bo'ldi.
Turkistonni Rossiya bilan bog‘lash uchun qurilgan temir yo‘l tizimi avvalo harbiy maqsadlarda qurilgan bo‘lsa-da, uning qurilishi ma’lum darajada o‘lka boyliklarini tashib ketishda ham foydalanildi. 1880-1889- yillar oralig‘ida Krasnovodsk, Ashxabod, Marv, Chorjo‘y, Kushka, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qo‘qon, Andijon shaharlarini bog‘lovchi O‘rta Osiyo temir yo‘li qurildi. 1890-1905-yillarda Toshkent–Orenburg temir yo‘Ii qurilib, Turkiston Rossiyaning markazi bilan bevosita bog‘landi. 1915- yilda Buxoro-Qarshi va Termiz-Qarshi-Shahrisabz-Kitob temir yo‘li qurildi.
Turkiston Rossiyaning markazi bilan temir yo‘l orqali bog‘langach, rus kapitali (sarmoyalari) o‘lkaga kirib kelishi jadallashfi. Turkistonda Rus-Osiyo banki, Moskva savdogarlar banki, Rossiya davlat bankining filiallari tashkil etildi. O‘lkada bir qator zavodlar, savdo shahobchalari, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar qurildi. Paxta va uni xarid qilish bilan shug‘ullanuvchi 30 ga yaqin savdo shahobchasi vujudga keldi. Turkiston iqtisodiyotiga yirik sarmoyadorlar ta’siri kuchaydi. Masalan, yirik sarmoyador Vodyaevlar Turkistonda “Vodyayevlar savdo uyi”ni tashkil etib, 30 ta paxta zavodi qurdi. Farg‘ona vodiysidagi keng paxta dalalari, temir yo‘llar, paxta tozalash zavodlari va Ivanovo to‘qimachilik korxonalari ham ushbu shirkatga tegishli edi.
Turkistonda sanoat tarmoqlarining rivojlanishi ta’sirida milliy sarmoyadorlar va ishchilarning shakllanish jarayoni boshladi. 1914- yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘lkada 49,5 ming ishchi bo'lib, ulardan 25,5 mingi sanoatda, 24 mingi temir yo‘l va unga xizmat qiluvchi ustaxonalarda ishlagan. Turkistonda paxta tozalash zavodlari, do‘konlar, tegirmonlar, yirik bog' va uzumzorlarga ega bo'lgan mahalliy mulkdorlar ham faoliyat yuritdi.
Turkiston iqtisodiyotining mustamlakachilik xususiyatidan yana biri, o‘lka Rossiya tovarlari sotiladigan bozorga aylantirildi. 1895- yilda Turkistonda Rossiya korxonalarida tayyorlangan taxminan 6 million rubl miqdorida temir, mis, chinni buyumlar, gazlama, yog‘och, choy, oziq-ovqat va boshqa buyumlar sotilgan bo‘lsa, 1914- yilda sotilgan buyumlar salmog‘i 243 million rubldan oshib ketdi. Sotilgan mahsulotlarning 40 foizini o‘lkadan tashib ketilgan paxtadan Rossiya to‘qimachilik korxonalarida to‘qilgan gazlamalar tashkil etardi.
Rossiya savdogarlari va sanoatchilari Turkistonda sanoat mahsulotlari sotishdan ham, bu yerdan xomashyo sotib olishdan ham katta daromad olardilar. Shunday qilib, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston Rossiya Imperiyasining nafaqat siyosiy, shuningdek, iqtisodiy mustamlakasiga aylantirildi. O‘lkada tramvay, telegraf, elektr, telefon, temir yo‘l kabi fan-texnika yutuqlarining paydo bo‘lishi shu davrga to‘g‘ri kelishini ta’kidlash zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |