Viruslarning reproduksiyasi Virus va hujayra orasidagi munosabat Produktiv (mahsuldor) - virus zarralari hosil bo‘ladigan, infeksion jarayonning umumiy tavsifi. V.I. Agol bu munosabatni quyidagi so‘zlar bilan ifodalaydi: “Virus zarrasi va hujayra orasidagi to‘qnashish birorta biologik natijaga olib kelishi mumkin yoki buning aksi - virus va hujayra to‘qnashsa ham biror natijaga olib kelmasligi mumkin. Birinchi holatdagi o‘zaro munosabatda biologik kompleks - “virus-hujayra” kompleksi hosil bo‘ladi. Bu kompleks hujayra genetik apparati va virus genetik apparatlaridan tashkil topadi va ularni funksiyalari bir-biri bilan aralashib kutilmagan holatlar yuzaga kelishi mumkin. Demak, bu kompleksni ikki organizm gibridi deyish mumkin”. Bu munosabatlarni sxematik ravishda ikki xilini farqlash mumkin:
Virus genomi mustaqil hujayra genomiga bog‘liq bo‘lmagan ravishda yoki avtonom holatda reproduksiyalanishi (ko‘payishi) mumkin. Bunday holatda hujayraga kirib avtonom ko‘payadigan virus - virulent viruslar guruhiga kiradi. Bu tipdagi munosabat hujayrada virus zarralarini yangi avlodlari hosil bo‘lishi bilan tugaydi. Bu tipdagi munosabat “produktiv munosabat” deb ataladi, virus zarralari – mahsulotlari hosil bo‘ladi. Ba’zan infeksion jarayonning ma’lum davrida to‘xtab qolishi mumkin, natijada yuqumli virus avlodi hosil bo‘lmaydi. Bunday virus va hujayra orasidagi munosabat abortiv munosabat deyiladi.
Ko‘pincha hujayra va virus genomlari simbiozi qisqa muddatli bo‘ladi va virus zarralaring yangi avlodi hosil bo‘lganidan so‘ng kasallangan hujayra (xo‘jayin-hujayra) nobud bo‘ladi. Bunday virus infeksiyasiga “litik reaksiya” yoki “xo‘jayin-hujayraning erib ketishi” deyiladi.
Boshqa holatlar ham bo‘lishi mumkin, ya’ni xo‘jayin-hujayra uzoq muddat hayot faoliyatini saqlash mumkin.
II. Infeksion jarayon sodir bo‘layotgan “virus-hujayra” kompleksining rivojlanishi tubdan o‘zgacha yo‘lda borish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi. Bu holatda ikki organizm genomlari birlashadi (integratsiya) va hujayrada ikkala genom reproduksiyasi bir vaqtda yuz beradi va umumiy idora qilinadi. Birlashgan genomlik yangi organizm to‘la hayotchan bo‘lishi mumkin. Bo‘linishdan hosil bo‘lgan qiz hujayralar birlashgan hujayralar o‘zgargan hususiyatga ega bo‘ladilar. Bu tip virus va hujayra munosabati virogeniya deyiladi, agar bakteriya viruslari va bakteriyalar orasidagi munosabat bo‘lsa lizogeniya deyiladi. Virogeniya holatini qo‘zg‘atadigan viruslar mo‘‘tadil viruslar guruhiga kiradi.
Bu ikki guruh viruslar - virulent va mo‘‘tadil viruslar guruhlari orasida o‘tib bo‘lmas chegara yo‘qdir. Bir guruh viruslarini o‘zaro munosabat bosqichlari bir xil prinsipda amalga oshadi. Ba’zan mo‘‘tadil viruslar ba’zi holatlarda avtonom reproduksiya xususiyatiga ega bo‘ladi. Mo‘‘tadil viruslar esa yuqumli jarayon rivojlanishi bosqichlarida virogeniyaga olib kelish xususiyatini butunlay yo‘qotishi mumkin, ya’ni virulent viruslar tipi xususiyatlariga ega bo‘lishi mumkin.