Intonatsion hamda fikran ajratilib, gapda ma’lum mustaqillikka ega bo’lgan bo’laklar ajratilgan bo’laklar sanaladi.
Ajratilgan bo’laklar nutqda biror bo’lakni ajratib, bo’rttirib, ta’kidlab ko’rsatish uchun xizmat qilib, tinglovchi diqqatini shu bo’lakka jalb qiladi. Bunday bo’laklar og’zaki nutqda alohida intonatsiya bilan aytilib, muhim uslubiy vosita ham hisoblanadi.
Intonatsiya gap bo’laklarini ajratuvchi grammatik vositadir: ajratilgan bo’laklar oldidan ohang ko’tariladi. Ajratilgan bo’laklar odatda pauza bilan ajratilib mantiqiy urg’u oladi: Ko’kda, daraxtlar ustida, g’uj - g’uj yulduzlar yonadi (O.).
Gap bo’laklarining ajratilishi turli sintaktik holat bilan bog’liq. Bular quyidagilar:
1) izohlash zaruriyati gap bo’laklarini ajratish uchun sharoit yaratadi: Bahor bilan Po’lat hovlida, hovuz bo’yidagi tollar soyasida, dars tayyorlab o’tirishardi (Sh.R.);
2) inversiya sifatlovchi va izohlovchilarning ajratilishi uchun imkoniyat yaratadi: G’ulomov, yalang bosh, majnun tollar tagida aylanib yurardi (I.R.). Sobir Rahimov, birinchi o’zbek generali, o’chmas nom qoldirdi.
3) gap bo’laklarining yoyiq holda kelishi. Bunda ravishdosh, sifatdosh, - day, - dek affikslari bilan yasalgan ravish o’ziga oid so’zlar bilan kengayib, ajratilgan bo’lak hosil qiladi: Traktorchilar, bo’ron bilan o’chakishganday, tun bo’yi yer haydadi (Sh.R.).
4) gap bo’laklarining ko’makchilar bilan kelishi ularni ajratish uchun sharoit yaratadi. Bunda qurilma ko’pincha yoyiq holda bo’ladi: Qamishkapaliklar, odamlarni nomlari bilan atashdan ko’ra, xususiyatlari bilan ta’riflashni afzal ko’radilar (A.Q.).
Ajratilgan bo’laklar qaysi gap bo’lagiga tegishligiga qarab, bir necha xil bo’ladi: ajratilgan egalar, ajratilgan kesimlar, ajratilgan aniqlovchilar, ajratilgan izohlovchilar, ajratilgan to’ldiruvchilar, ajratilgan hollar.
Ajratilgan bosh bo’laklar o’zidan oldin kelgan ega yoki kesimni izohlaydi:
1. Ajratilgan egalar: Hamma, hatto ko’rgan odamlar ham, klubni yana ko’rishga shoshilar edi (A.Q.). Keyinchalik biz, aka - uka ikkovimiz, texnikaga berildik (P.Q.).
2. Ajratilgan kesimlar: Mening tug’ilgan yilim - shu-bir ming to’qqiz yuz yettinch .
Ikkinchi darajali bo’laklarning ajratilishi izohlash, inversiya, gap bo’laklarining kengayib kelishi bilan bog’liq.
Ajratilgan aniqlovchilar ikki xil: ajratilgan sifatlovchi, ajratilgan qaratuvchi.
Sifatlovchilarning ajratilishi inversiya hodisasi bilan bog’liq: belgi ta’kidlab, bo’rttirib ifoda qilinganda, u o’z sifatlanmishidan keyin keltiriladi:
Biri aks etadi gullarda,
Biri olim - yoqimli, xushfe’l (X.P.).
Ajratilgan qaratuvchi o’zidan oldin kelgan boshqa bir qaratuvchini izohlaydi va konkretlashtiradi: Onasi ham bolasining, baxti qora jigargo’shasining, ko’zlarida shu zoru mushtoqlik olovini ko’rdi (M.I.).
Izohlovchilarning ajratilishi inversiya hodisasi bilan bog’liq: kasb-hunar, amal, unvon kabilarni ifoda qiluvchi izohlovchilar o’z izohlanmishidan keyin keltiriladi: Denisov - dehqonlar orasida ko’p yurgan sobiq irrigator -sodda, odamshavanda, lekin talabchan, haqiqatchi edi (O.).
Ajratilgan izohlovchilar ko’pincha egaga taalluqli bo’ladi. Ajratilgan izohlovchi bilan izohlanmish o’rtasida ya’ni, masalan, ayniqsa, shu jumladan kabi so’zlar keladi:
Agar boshlansa to’y, qishloq mirobi chiqmasin yoddan;
Reja to’lganda, ya’ni qishloq bazm chog’ida ( S.Abd. ) .
Ajratilgan to’ldiruvchi. To’ldiruvchi o’zidan oldin kelgan to’ldiruvchining ma’nosini izohlaydi, unga aniqlik kiritadi, boshqa turdagi ajratilgan bo’laklar kabi, o’ziga xos intonatsiyaga ega bo’ladi. Vositasiz va vositali to’ldiruvchi ajratiladi. Bunda ular o’zlaridan oldin kelgan shu tipdagi to’ldiruvchilarni izohlaydi: Xalq mulkining katta parchasin, yetti yuz gektar oltin tuproqni, necha yillardan beri qamish, sho’r bosib yotibdi (H.G’.). Bektemirga, sobiq sodda cho’ponga, komandirning fikri g’oyat yoqdi (O.).
Yoyiq holda kelgan ko’makchili konstruksiyalar bilan ifodalangan to’ldiruvchilar ajratiladi. qurilma tarkibida imkoniyatlarga qaraganda, tashqari, ko’ra, ustiga, singari kabi ko’makchilar keladi: Bu yer, ilm san’at o’chog’i bo’lishidan tashqari, mamlakatdagi eng go’zal shaharlardan biri edi (O.).
Ajratilgan hollar. Ajratilgan hollar o’zidan oldin kelgan holning ma’nosini izohlaydi. Ajratilgan holning so’rog’i, vazifasi izohlayotgan holning so’rog’i va vazifasiga teng bo’ladi: Ahmedov divanga, Bo’taboyning yoniga, o’tirdi (A.Q.).
Ajratilgan hollar - day, -dek affikslari bilan yasalgan ravishlar bilan ifodalanadi va ular o’xshatish o’rami shaklida kengayib kelib ajratiladi: Onaxon, hozirgina yugurib kelgan odamday, tez - tez nafas olar edi (Asq.M.).
Ravishdosh bilan ifodalangan hollar o’zlariga oid so’zlar bilan kengayib kelib ajratiladi: Oyqiz, ikki qo’lini ko’ksiga qo’yib, hurmat bilan xalqqa ta’zim qildi (Sh.R.)
Do'stlaringiz bilan baham: |