Mavzu: Oliy ta’lim muassasalarida “akademik yozuv” fanining o‘rni,maqsad va vazifalari haqida Muqaddas Ahmedova, p.f.n., dotsent
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
Annotatsiya.
Bu maqolada muallif hozirgi kunda OTM da o‘rganilayotgan “Akademik yozuv” fani haqida fikr yuritadi. Bu fanning asosiy vazifasi talabalarda ilmiy nutqni rivojlantirish, mutaxassislik tili, ixtisoslik terminologiyasi, ixtisoslik matnlari yaratish asoslarini shakllantirishdan iborat.
Kalit so‘zlar: akademik yozuv, mutaxassislik, terminologiya, matn, ilmiy uslub, maqola, fan va texnika, ixtisoslik, nutqiy ko‘nikma.
Maqola matni
Hozirgi kunda o‘zbek tilining ijtimoiy mavqei tobora ortib borayotganligi, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarining joriy etilganligi, ish yuritishda to‘liq davlat tiliga o‘tilganligi barcha mutaxassislarning millatidan qat’iy nazar, o‘zbek tilini puxta egallashlarini taqozo etmoqda.
Ma’lumki, istiqlol yillarida o‘zbek tilining qo‘llanilish doirasi fanda nihoyatda kengaygani, uni ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilgan tadqiqotlar, tilimizning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan ilmiy va ommabop risolalar, o‘quv qo‘llanmalari, yangi-yangi lug‘atlarning chop etilayotgani jamiyat tafakkurini yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. O‘zbek tilining kompyuter va internet, aniq fanlar, tibbiyot, iqtisodiyot, sport kabi maxsus atama va tushunchalarni talab qiladigan sohalarda ham keng qo‘llana boshlagani uning imkoniyatlari nechog‘lik katta ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishib, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan borayotgan bugungi kunda dunyo andozalari darajasidagi bilimdon, zukko, har tomonlama yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur fan talabalarga matnlar, ularning turlari, har bir matnda aks etishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar, axborotlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma’naviy hayotimizga oid hamda o‘rganayotgan mutaxassisliklariga doir terminlar, ularni tanlashdagi o‘ziga xos xususiyatlarni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan.
Bu esa ta’lim andozalariga yangi, zamonaviy fanlarni kiritish orqali amalga oshiriladi. Endilikda respublikamizdagi barcha korxonalarda yuritiladigan hujjatlarni o‘zbek tili qonun-qoidalariga mos ravishda rasmiylashtirilishiga erishishdek ulkan vazifa hammamizning oldimizda turibdi.
“Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqqan holda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bakalavrlariga “Akademik yozuv” fani kiritildi.
Bu fanni o‘qitishdan maqsad ixtisosligi sohasida bilimli, zukko, og‘zaki va yozma savodxonligi yetuk mutaxassisni tayyorlash uchun talabalarda mutaxassislik tili bilimlarini – so‘z va terminlarni qo‘llash, gap va matnlarni to‘g‘ri va mantiqli tuzish, nutqiy etiket va notiqlik mahorati bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakani shakllantirishdir.
Shunga ko‘ra universitet talabalari uchun “Akademik yozuv” kursining kiritilishi maqsadga muvofiq ish bo‘ldi.
Fanning muhim vazifalaridan biri bakalavrda mutaxassislik tili, ixtisoslik terminologiyasi, ixtisoslik matnlari yaratish, mutaxassislik nutqi asoslarini shakllantirishdan iboratdir.
“Akademik yozuv” fani nutq madaniyati va o‘zbek tilining boshqa sohalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Bakalavr o‘z mutaxassislik fanlari bilan bir qatorda mutaxassislik tili va uslubi, mutaxassislik terminologiyasi va atamashunoslik, ish yuritish va hujjatchilik to‘g‘risida mukammal bilimga ega bo‘lmasdan turib, o‘z fikrini ixtisosligi sohasiga qo‘yiladigan talablar asosida aniq va ravshan ifoda eta olmaydi. Shunga ko‘ra, bo‘lajak mutaxassislar fan va texnika tilining o‘ziga xos xususiyatlaridan puxta xabardor bo‘lmog‘i lozim.
Bakalavrlar o‘z ixtisosligidan kelib chiqqan holda, respublikamiz iqtisodini yuksaltirishga, uni jahonda munosib o‘rin egallashiga hissa qo‘shadi, chet mamlakatlarda va yurtimizda davlatimiz manfaatini himoya qiladi, kuch-qudratini namoyish etadi. Shunga ko‘ra, bo‘lajak mutaxassislar davlat tili – o‘zbek tilini mukammal, aniq va ravshan egallashlari shart. Shuning uchun dasturda mutaxassislik tili bilimlariga alohida urg‘u berildi.
Hozirgi kunda o‘zbek tilining ijtimoiy mavqei tobora ortib borayotganligi, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarining joriy etilganligi, ish yuritishda to‘liq davlat tiliga o'tilganligi barcha mutaxassislarning millatidan qat’iy nazar, o‘zbek tilini puxta egallashlarini taqozo etmoqda.
Shu bois, mazkur o‘quv kursining o‘qitilishi muayyan amaliy yo‘nalishga ega bo‘lib, bakalavr mutaxassislik tili bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni, o‘z sohasiga oid so‘z va terminlarni, hujjatlarni to‘g‘ri yozish malakasini hosil qilishni ko‘zda tutadi.
Bo‘lajak mutaxassisning kasbiy layoqati va mahorati hozirgi davrda o‘z kasbining madaniyati asoslari hamda notiqlik me’yorlarini ham bilishni taqozo etmoqda.
Fanni o‘qitish tamoyillari, mazmuni va uslubini o‘zgartirib, talabalarning yozma nutqiy ko‘nikmalarni takomillashtirish, o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha foydalanish, fikrini to‘g‘ri, aniq, mantiqli ifoda etishga o‘rganishni ko‘zda tutadi. Shularni nazarda tutib, fan bo‘yicha o‘quv dasturi ishlab chiqildi hamda bu dastur asosida o‘quv qo‘llanma yaratildi.
Shuni ta’kidlash joizki, ushbu qo‘llanma nutqiy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan kommunikativ tamoyilga asoslanib tuzildi. Nazariy bilimlar fikr ifodalash vositasi bo'lib, asosiy maqsadning amalga oshishiga xizmat qiladi.
Qo‘llanmada nutq uslublariga, jumladan, ilmiy, publitsistik, ilmiy-ommabop va rasmiy-idoraviy uslublarga keng o'rin ajratilib, talabaning o‘z mutaxassisligi sohasi bo‘yicha ulardan foydalanib, matn yaratish ko‘nikmasi hosil qilinadi.
Qo‘llanmada talaba oldiga ilmiy, publtsistik, badiiy adabiyotlarni o‘qib tahlil qilish, mutaxassislik sohasida matn yaratish, matnni tarjima qilish, uni shakl va mazmun jihatdan yangilash kabi talablar qo‘yildi.
Umuman olganda, “Akademik yozuv ” fani talabalarda yozma nutq ko‘nikmalarini shakllantirish, ya’ni, hujjat yuritish, tilning stilistik va imlo qoidalari, sohaviy terminologiya, mutaxassislik tili va nutq uslublari, sohaviy hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish, soha lug‘atlarini o‘rganish, ular yordamida ilmiy, ommabop maqolalar tayyorlash kabi masalalarni qamrab oladi.
Аdabiyotlar:
1. N. Jiyanova, O. Mo‘ydinova. Nutq madaniyati. – T.: “Ilm ziyo zakovat”, 2019. 221 b.
2. Xolmonova Z. Adabiy tildan ma’ruzalar umumlashmasi-T.: «O‘zbekiston», 2013, 250 b.
3.М. Аминов, А. Мадвалиев, Н.Махкамов, Н Маҳмудов. Иш юритиш (амалий қўлланма). Тошкент, 2017 й . - 440 б.
4.X.S.Muhiddinova, N. A. Abdullayeva. Rasmiy uslubning diplomatik turlari.T; 1997 y.
Do'stlaringiz bilan baham: |