Yoshlarni ma’naviy tahdidlar, axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat” va boshqa yot mafkuralarga qarshi immunitetini shakllantirish shart-sharoitlari.
O’zbekiston demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida yangi hodisa – ma’naviy tahdidlarning zamonaviy ko’rinishlariga duch keldi. Bu ko’rinishlar tarkibiy jihatdan turlicha bo’lsa-da, lekin ular umumiy salbiy tendensiyalarga egadir. Shu ma’noda bu o’rinda ma’naviy tahdidlarning zamonaviy ko’rinishlarini aniqlab olish lozim bo’ladi.
Kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, bugungi kunda yoshlar ma’naviyatiga xavf solib turgan ma’naviy-mafkuraviy tahdidlarning asosiy ko’rinishlari quyidagilar:
Mutaassiblik.
„Ommaviy madaniyat”.
Giyohvandlik.
OITS illati.
Bu tahdidlar xorijdan eksport qilinayotgani bilan xavfli hisoblanadi. Ular orasida ayniqsa mutaassiblik ma’naviy tahdidi keng ko’lamliligi va salbiy ta’sirga egaligi bilan o’ta xavfli hisoblanadi.
Mutaassiblik deganda insonning biror g’oya, aqida yoki odatlarga me’yoridan ortiq darajada ishonishi tushuniladi (fanatizm). Mutaassib odatda o’zining tushunchalarini va qarashlarini mutloq haqiqat deb biladi. O’zgalar fikr-mulohazalarini eshitishni ham istamaydi. „Men haqman, mening bilganlarim to’g’ri”, - deb o’zini ishontiradi va ruhiy jihatdan noto’g’ri shakllanadi.
Mutaassiblik maqsadli va ongli ravishda g’alamis va g’arazgo’y kimsalar, guruhlar tomonidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, yoshlarning ongini zaharlab, o’zlarining zararli maqsadlarini amalga oshirish uchun foydalaniladi.
O’zbekistonning mustaqil taraqqiyoti va o’ziga xos rivojlanishini ko’rolmaydigan kimsalar yoshlarning ongida mutaassiblikni shakllantirishga harakat qilmoqda. Chunki mutaassib odam ota-onasi, yaqinlari va o’zi yashayotgan jamiyat a’zolarining gap-so’ziga quloq solmaydi, o’zi ishongan soxta g’oyalar uchun jon fido qilishga tayyor turadi. Mutaassiblikning shakl va ko’rinishlari juda ko’p. Bugungi kunda yurtimizda chetdan turib tiqishtirishga urinilayotgan quyidagi ko’rinishlar uchramoqda:
Diniy aqidaparastlik
G’arb madaniyatini ustuvor bilish.
Diniy aqidaparastlik iymon-e’tiqodni noto’g’ri talqin qilishdan iborat. Unga ko’ra, johil kimsalar iymon borasidagi o’z tushunchalarini yoshlar ongiga singdiradilar. Haqiqiy diniy manbalarni o’qitmaydilar. Yurtimizdan chiqqan mutafakkirlar asarlarini o’qima, ota-onang yoki yoru-birodarlaring gap-so’ziga quloq solma deya o’rgatishadi.
Vaholangki, O’zbekiston mo’tadil diniy e’tiqodni ta’sis etib, dunyo xalqlariga taqdim qilgan mamlakatlardan biridir. Shu ma’noda „Butun dunyoga ma’lum va mashhur bo’lgan buyuk alloma va aziz-avliyolarimiz orasida Abduxoliq G’ijduvoniy va Bahouddin Naqshbandning muborak siymosi alohida ajralib turadi. Ota-bobolarimiz ulug’ avliyo Bahouddin Naqshbandga chin dildan ixlos qo’yib, uni “Bahouddin Balogardon” (Balolardan saqlanuvchi) deb ta’riflab kelishida teran ma’no bor. Uning „Diling Ollohda, qo’ling mehnatda bo’lsin” degan hayotbaxsh hikmati dinimizning olijanob ma’no-mohiyatini yorqin ifodalab, xuddiki shu bugun aytgandek jaranglaydi ” (I.Karimov. Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch. –T.: Ma’naviyat. 2008. – b.40 ). Chunki Abdulxoliq G’ijduvoniy (XII asr) va Bahouddin Naqshband (XIV asr) diniy aqidaparastlikning dushmani edilar. Ularning fikricha, iymon-e’tiqod dilda bo’ladi va odamning halol mehnat bilan kun kechirishini taqozo etadi.
G’arb madaniyatini ustuvor bilish aqidasi milliy madaniyatni mensimaslik, ongsizlik va xalqona urf-odatlarni rad qilishga asoslanadi. Ochiq-sochiq kiyinish, jamoat joylarida axloqsizlik qilish, G’arb turmush-tarziga havas bilan qarash kabi illatlar tabiiy qabul qilinadi. Ba’zi g’alamis kimsalar chetdan turib “san’atda oshkoralikni pesh qilib, televizor, kino ekranlarida, matbuot vositalarida bo’lmag’ur lavhalarni aks ettirish, bema’nilik va hayosizlikni, ba’zan esa, hatto axloqiy buzuqlikni targ’ib qilishlari ko’payib qoldi” (Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – b.80). Shu sababli G’arbga ko’r-ko’rona taqlidchilik aqidasiga, mutaassiblikka qarshi kurashishimiz lozim.
Binobarin, mutaassiblikning zararli oqibatlari moddiy zararlardan o’nlab barobar ustuvor turadi. Bu zararli oqibatlarning eng asosiylari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
Mutaassiblik shaxs aqlini zaiflashtiradi.
Mutaassiblik shaxs qarashlari va fikrlarini dogmalashtiradi.
Bularning natijasida odam manqurtlashib boradi.
Barcha zamonlarda mutaassiblik qoralanib kelingan. Turkiy xalqlar mutafakkirlaridan biri Ch. Aytmatov mutaassiblik oxir-oqibatda insonning nasliga daxl qiladi, degan fikrga kelgan („Qiyomat” asari).
Bugungi kunda mutaassiblik ijtimoiy illat sifatida qabul qilinib, jamiyat taraqqiyotini cheklovchi asos sifatida rad etiladi. Mutaassiblikning oldini olish yo’llari ko’p. Lekin, ular orasida Prezident I.A. Karimov tomonidan ilgari surilgan quyidagi metodologiya muhim ahamiyatga ega:
G’oyaga qarshi g’oya.
Fikrga qarshi fikr.
Jaholatga qarshi ma’rifat.
Buning ma’nosi shuki, zararli g’oyalarga qarshi milliy g’oyamiz qo’yiladi. Cheklangan fikrlarga qarshi milliy mafkuramizni qo’llaymiz. Jaholatli harakatlarga qarshi haqqoniy bilimdonlikni qo’yamiz. Shu ma’noda mutaassiblikni oldini olish asosi uchta:
Milliy g’oya.
Milliy mafkura.
Chuqur bilim.
G’oya maqsadni, mafkura faoliyatni va bilim esa saodatni beradi. Bizning yo’limiz shundan iborat.
„Ommaviy madaniyat” hodisasi G’arb olamida XX asr o’rtalarida paydo bo’ldi. Bu hodisa milliy madaniyatga zid o’laroq ayrim shaxslar tomonidan o’ylab topilgan g’oyalar, udumlar va odatlar majmuini qamrab oladi. “Biz yurtimizda yangi hayot asoslarini barpo etar ekanmiz, bir masalaga alohida e’tibor berishimiz lozim . . . Chetdan biz uchun mutlaqo yot bo’lgan, ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o’z ichiga olgan “ommaviy madaniyat” yopirilib kirib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak” (I. Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: 2008. B. - 117). Bu eng maqbul ta’rif bo’lib, „ommaviy madaniyat” asosini ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlari tashkil qiladi. Masalan, bizning milliy madaniyatimizda hayo, andisha, ibo kabi yozilmagan, ammo qat’iy amal qilinadigan qonuniyatlar bor. Lekin, „ommaviy madaniyat” jamoat joylarida yigit-qizning bemalol o’pishib turishini tabiiy xol deb qabul qiladi. Shu sababni P. Bыyukenen Amerika xalqiga qarata deydi: “1950-yillarda boshlangan “ommaviy madaniyat” harakati 1990-yillarga kelib millatimizni naslsizlik balosiga duchor qildi” (Smert Zapada. – M.: 2004). “Ommaviy madaniyat” asta-sekin insonni hayvonga xos xususiyatlarini kuchaytirib boradi.
Bu ma’naviy va axloqiy illatning bir qator ko’rinishlari mavjud. Yurtimizda uning quyidagi shakl va ko’rinishlari uchramoqda:
Axloqiy buzuqlik. Jamoat joylarida o’pishish, shahvoniy filmlar ko’rish kabi illatlar paydo bo’lmoqda.
Zo’ravonlik. Zo’ravonlikni targ’ib qiluvchi filmlar, kompyuter o’yinlariga odatlanib qolish.
Individualizm. „O’zim bo’lsam bo’ldi, o’zga bilan nima ishim bor” degan “prinsip”ning tarkib topishi.
Egosentrizm. Barcha narsaga shaxsiy manfaat nuqtai nazardan yondoshish va h.k.
„Ommaviy madaniyat” san’at va madaniyatimiz sahnalariga daxl qilmasligi kerak. Shu ma’noda “avvalambor “milliy estrada” degan iboraning ma’no-mazmuniga alohida e’tibor berishimiz, uni har qanday begona ta’sirdan, ayniqsa, “ommaviy madaniyat” ruhidagi oqimlar ta’siridan himoya qilishimiz tabiiy” (Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – b. 141-142). “Ommaviy madaniyat” ko’rinishlari deyarli barcha sohada barham berilishi lozim.
Bugun insoniyat ma’naviyatiga ta’sir ko’rsatuvchi tahdidlardan yana bir bu – giyohvandlik bo’lib, inson ongini va fiziologik quvvatlarini sarxush holatga soluvchi moddalarni qabul qilishdir. Bu o’rinda giyohvandlikning inson ma’naviyatiga daxl qiluvchi xususiyatlariga diqqatingizni tortamiz.
Giyohvandlik illatining mazmuni ikki xususiyatdan iborat: 1) insonni ruhiy-ma’naviy falajga aylantirish; 2) insonni jismoniy jihatdan noto’g’ri shakllantirish. Bu ikki xususiyat millat salomatligiga daxl qilish bilan kishini hushyor torttirishi lozim.
Giyohvandlik illatining shakl va turlari balo-qazodek ko’payib borayotganligi sog’lom fikrli kishilarni tashvishga solmoqda. Bu o’rinda mazkur illatning quyidagi shakllari uchrayotganligini ta’kidlab ko’rsatish mumkin.
Kashandalik. Dastlab sigaretga o’rgatish va uning vositasida giyohvand modda chekishga ko’niktirish.
Ichkilikbozlik. Dastlab spirtli ichimliklarga o’rgatish va keyin uning vositasida giyohvand moddaning suyultirilgan ko’rinishiga o’rgatish.
Taksomaniya. Kashandalik va ichkilikbozlik bosqichidagi o’smirlarni suyultirilgan shakldagi giyohvand moddalarni hidlash vositasida sarxush bo’lishga o’rgatish.
Narkomaniya. Giyohvandlikning eng oliy ko’rinishi, davosiz illat va bu illat maxsus davolash yo’li bilangina barataraf qilinishi mumkin.
Giyohvandlikka qarshi ma’naviy-mafkuraviy kurashning turli shakl va vositalari mavjud. Ularning asosiylari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
Giyohvandlik va uning ayanchli oqibatlari haqida jamoatchilikka keng va izchil ma’lumot berib borish.
Giyohvandlikka qarshi targ’ibot ishlarida video-rolik kabi jonli tasvirlardan keng foydalanish.
Bu ishga sog’lom fikrli kishilarni keng jalb qilish.
O’smirlar va yoshlarni maktabdan tashqari ta’lim muassasalari mashg’ulotlariga keng jalb qilish.
Yoshlarning bo’sh vaqtlarini to’g’ri tashkil qilish.
Bunday amaliy ishlarga asosiy e’tiborni qaratish kutilgan samarani berishi aniq.
O’zbekiston bugun jahon ahlini tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda ham faol ishtirok etmoqda. Shulardan biri OIV/OITS kasalligining tarqalishiga qarshi keng ko’lamli kurashdir. Bugungi kunda ilm-fanning barcha sohasida bu kasallikning insoniyat uchun xavfli ekanligi to’g’risida bong urilmoqda va keng jamoatchilik uning zararli oqibatlari haqida xabardorlikka ega. Bunda davlat miqyosida olib borilayotgan ishlarning salmog’i ahamiyatli bo’lmoqda.
OITS tarqalishini oldini olish va unga qarshi kurashning mafkuraviy usul va vositalari ham ishlab chiqilishi kerak. Hozircha bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emas. Chunki bu masalada aniq mafkuraviy usul va vositalar kerak. Bunday usul va vositalarni ishlab chiqish kasallikni davolashga emas, uni oldini olishga xizmat qiladi. Mana shu jihati bilan OITSga qarshi kurashning mafkuraviy usul va vositalari katta ahamiyatga ega. Masala qanchalik dolzarb bo’lsa, uning yechimini topish shunchalik sermehnat ishdir. Shu ma’noda „chumchuqdan qo’rqqan tariq ekmaydi” hikmatiga amal qilib ishga kirishish lozim bo’ladi. Quyida taklif qilinayotgan usul va vositalar jamoatchilikda fikr uyg’otadi deb o’ylaymiz.
11 Миллий истиєлол ғояси: асосий тушунча ва тамойиллар. – Т., Ўзбекистон, 2000. Б.23..
11 Nefiodow L. Zusammenhang zwischen information, Ethik und Religion// Mensen B. (Hrsg.) Globalisirung. St. Augustin, 1998. C. 46. Манба: Назарчук А.В. Этика глобализирующегося общества.
22 Федотова В.Г. Неклассические модернизации и альтернативы модернизационной теории// Вопросы философии, 2002. №12. С. 20.
33 Brian Magee. Confessions of a Philosopher. L., 1997. P. 162.
44БзежинскийЗ. Великаяшахматнаядоска. Господство Америка и геостратегические императивы – М., 1998. С. 38.
11 Почепцов Г. Теория и практика коммуникации. – М., Центр, 1998. С. 196-197.