Ekoestetikaning XXI asr ilmiy-texnik taraqqiyotdagi o‘rni Globallashuv sur’atlarining ortishi, xalqaro raqobatning kuchayishi, axborot texnologiyalari jadal rivojlanishi hamda fanlar integratsiyalashib borayotgan hozirgi sharoitda jamiyat yangicha falsafiy tafakkurga zaruriyat sezmoqda. Endilikda, falsafa inson, jamiyat va davlatga har doimgidan ham ko‘ra ko‘proq kerak ekanligi ayon bo‘lib bormoqda. Chunki, inson ma’naviy kamol topib, jamiyat, fan va texnika rivojlanib borgani sari falsafiy tafakkurga bo‘lgan ehtiyoj ham kengayadi, chuqurlashadi. Bu esa falsafiy fanlarga yangicha, ijodiy yondashish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Globallashuv jarayonida yangicha mazmunga va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan estetik qadriyatlar shakllanmoqda. Bu insonning tabiatga, jamiyatga, turmush tarziga, atrof-muhitga bo‘lgan munosabatida tobora aks etmoqda.
XXI asrda olamni bilish, voqelikni estetik o‘zlashtirish bilan bir qatorda uni qadriyat sifatida e’zozlashga alohida e’tibor berilmoqda. Endilikda odamlarning yaratuvchanlik faoliyati yuksalishi barobarida estetik qadriyatlarga nisbatan munosabati tubdan o‘zgarmoqda. Bu o‘z navbatida inson mohiyatan eng oliy qadriyat ekanligi, inson manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash barcha islohot va evrilishlarning bosh maqsadiga aylanganligi bilan belgilanadi.
Ekologiyaning inson ekologiyasi bo‘limi odamning atrof-muhitga moslashishi, kasalliklarning kelib chiqishi va ularni oldini olish, salomatlikning tabiiy va ijtimoiy omillari, irsiyat, atrof-muhit, turmush tarzi, oilani rejalashtirish, sog‘liqni saqlash, sport bilan shug‘ullanish va shaxsiy gigiyenalar haqida bilimlar beradi, shuningdek salomatlikni baholash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Shubhasiz, ekologik ta’lim dolzarb global muammo hisoblangan tabiat va inson o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlashda katta o‘rin egallaydi. Insoniyatni o‘rab turgan borliq, tabiiy va ijtimoiy atrof-muhit, tirik va notirik tabiatning eng muhim tomonlarini ifodlaydigan qadriyatlar umumbashariy xususiyatga egadir. Bunday qadriyatlar jamiyat uchun hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan, abadiy, mutlaq va muqaddas qadriyatlardir. Darhaqiqat tabiat go‘zalligini his qilish, undan zavqlanish, nafosat qonuniyatlari asosida tabiatni yanada go‘zallashtirish, inson estetik didini rivojlantirish va estetik ehtiyojini qondirish bilan estetik qadriyatlarning yangi ko‘rinishlari shakllanib bormoqda. Tabiat va uning borlig‘idagi estetik qadriyatlarga aylangan nabotot va hayvonot olami shular jumlasidandir.
Ekoestetika quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
Dunyoni ekologik manzarasiga estetik munosabat.
Inson hayoti- hayvonot dunyosi - nabotot olami uyg‘un rivojlanishi.
Atrof-muhitni muhofaza qilishning estetik asoslari.
Tabiatni estetik qadriyat sifatida baholash.
Tirik organizmlar bir butunliginini estetik anglash.
Tabiiy jarayonlar va hodisalarning antropotsentrikdan biotsentrik va politsentrikka o‘zgarishi usulini qo‘llash.
Ekologik tanglikning estetik madaniyat tangligi sifatida his etish.
Ishlab chiqarish munosabatlarni estetik mezonlar asosida tartibga solish.
Ekoestetika va etikosferaning axloqiy-estetik maqomini anglash.
Insoniyat barqaror rivojlanish konsepsiyasiga tabiat va jamiyat evolyutsiyasi sifatida estetik baho berish.
Insoniyat kech bo‘lsada yer sayyorasidagi tabiatning yuksak qadriyat ekanligini anglab bormoqda. Endilikda tabiat go‘zalligini asrash, tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish va tabiatni go‘zallashtirish global masalalardan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir. Uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi ko‘p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bog‘liqdir” - deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, insoniyat hozir o‘z tarixining mas’uliyatli davrida yashamoqda, u “Tabiat – Jamiyat - Inson” munosabatlari uyg‘unligining yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu tarixiy davr o‘z real imkoniyatlari, obyektiv taraqqiyot qonuniyatlari bilan jamiyat oldiga turli muammolarni qo‘ymoqda. Bu muammolar orasida eng muhimi - tabiatni asrash va oqilona munosabatdir.
Tabiat alohida bir xalq va millatniki emas. Tabiat muqaddas bir dargoh, inson ko‘z ochib ko‘rgan dunyo, ona zamin, insoniyatning umumiy uyi. Shunday ekan uni avaylab-asrash, atrof-muhitning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik, umumdavlat, umuminsoniyat ishidir. Ekologik muammoni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizatsiyaning yashab qolishi ham ushbu muammoni qay tariqa hal qilinishiga bog‘liq. Bu o‘z navbatida, insonning tabiatga estetik munosabatini o‘zgartirishni taqozo etadi. Negaki, voqelikka estetik munosabat - tabiatga muhabbatdan boshlanadi. Chunki, tabiat inson kamoloti, salohiyati, iqtidori, imkoniyati uchun betakror manba bo‘lib xizmat qiladi.
Inson bilimining ortishi, tabiatni o‘rganish va o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengayishi texnik-texnologik taraqqiyotga va inson qudratini yuksalishiga olib keldi. Bu holat o‘z navbatida, insonni tabiat ustidan hukmronlik qilishga undadi. Buning oqibati turli ko‘rinishdagi ekologik halokat, tahdid, zarar va illatlarni yuzaga keltirdi.
Endilikda tabiat va inson o‘rtasida yangicha muloqot vujudga kelmoqda. Inson tabiatning hukmroni emas, balki uning bir bo‘lagi ekanligi tabiatga nisbatan qilingan har qanday yomonlik oqibat insonga qilingan yomonlik ekanligini anglab yetdi. Har qancha ekologiyaga e’tibor qilmaylik, uni fan sifatida zo‘r berib o‘qitmaylik, baribir tabiatni tushunishimiz qiyin, zotan ekologiya tabiatni asrashni, qutqarishni, boyitishni targ‘ib qiladi. Biroq ularning hammasiga faqat estetika yordamida, uning ekologiya bilan hamkorligida erishish mumkin. Chunki estetika insonga tabiatni sevishni, uning go‘zalligiga beg‘araz munosabatda bo‘lishni o‘rgatadi, ya’ni tabiatni faqat odamlar uchun yaratilgan deb emas, uni jamiyatdan tashqaridagi umumolamiy mustaqil qadriyat sifatida idrok etishni taqozo qiladi.
Ekologiya atrof-muhitning sifat holatini belgilovchi omil bo‘lganligi uchun u iqtisodiyot, ijtimoiy hayot, davlatlarning ichki va tashqi siyosatiga ham kirib bordi. Bu bejiz emas, chunki dunyoda ekologik muammolarning jiddiylashib borayotganligi hech kimga sir emas. Ekologik xavfsizlik muammosi allaqachonlar milliy va mintaqaviy doiradan chiqib butun insoniyatning umumiy muammosiga aylandi. Ayniqsa Markaziy Osiyo davlatlarida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik rivojlanmoqda va takomillashmoqda, genofondni barqaror rivojlantirishni saqlab qolishni tabiiy resurslarda oqilona foydalanishni ta’minlaydigan hamda fuqarolarning maqbul atrof muhitga bo‘lgan huquqni kafolatlaydigan xalqaro konvensiyalar, shartnoma va bitimlarga qo‘shilish jarayoni davom etmoqda.
Atrof-muhitga bepisandlik, tabiat ne’matlariga hurmatsizlik, o‘simlik va nabotot olamiga e’tiborsizlik bugungi kunga kelib pirovardida inson va uning genofondiga salbiy ta’sirini o‘tkaza boshladi. Bundan tashqari, tabiatga g‘ayriestetik munosabat biologik xilma-xillikning qisqarishiga, katta hajmdagi sanoat va boshqa xil chiqindilarning ko‘payishiga, cho‘llanish, yer va suv resurslari degradatsiyasiga hamda mintaqaviy va global miqyosda yechilishi zarur bo‘lgan muammolarni keltirib chiqardi. Bu muammolar inson hamda uning manfaatlari himoyasi, avvalo, sog‘lom va musaffo atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlash jarayoni amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘zagini tashkil etgan O‘zbekiston uchun atrof tabiiy muhitni asrab-avaylashni va uni sog‘lomlashtirishni yanada dolzarb qilib qo‘ydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |