Buxoro ilk o‘rta asrlar davrida. Ilk o‘rta asrlarda Buxoro shahri G‘arbiy Sug‘dning markaziy shahri edi. Buxoro shahri mil. avv. I mingyillik o‘rtalarida paydo bo‘lgan1. Buxoro shahri tarixiga tegishli muhim ma’lumotlarni Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida uchratamiz. Unga ko‘ra Buxoro shahri o‘rni ilgari botqoqlik bo‘lib uning ba’zi erlarini to‘qayzor, daraxzor va ko‘kalamzorlar tashkil etgan, ayrim joylari esa shunday bo‘lganki, biror hayvon ham oyoq qo‘yishga joy topa olmagan.
Zarafshon daryosining quyi oqimida aholi manzilgohlari qadimdan bo‘lgani ma’lum. Ilk o‘rta asrlar davridagi demografik va migratsion jarayonlar bu hududning tarixiy geografiyasiga katta o‘zgarishlarni olib keldi. Bu aholining ko‘payishi va unga bog‘liq ravishda yangi qishloqlar va shaharlarning paydo bo‘lishida ko‘zga tashlanadi. Ma’lumki Buxorolik tarixchi Narshaxiy o‘zining “Buxoro tarixi” asarida Buxoro vohasidagi yirik shahar va qishloqlar, mulklar haqida muhim ma’lumotlar yozib qoldirgan. Xususan, Buxoro shahri paydo bo‘lmagan davrda Nur, Xarqonrud, Vardana, Tarovcha, Safna va Isvona kabi qishloqlar bo‘lganligi bu asarda qayd etilgan.
Buxoro vohasining siyosiy mavqei ayniqsa eftalitlar davrida katta bo‘lgan. Poykentning eftalitlar davlatining siyosiy markazi bo‘lgani, Varaxshada podsho qarorgohi joylashgani ham bundan dalolat beradi.
Turk hoqonligi davrida Buxoroda turklarning harbiy lashkarlari joylashtirilib, shahar SHad, ya’ni harbiy sarkarda tomonidan boshqarilgan. Buxoro Xitoy manbalarida An nomi bilan qayd etilgan. Sharqiy Turkiston va Ettisuvdagi hoqon qarorgohini Marv orqali Eron bilan bog‘lovchi yo‘lning muhim bo‘g‘inini tashkil etgan bu shahar hoqonlikning janubi-g‘arbidagi yirik savdo markazi va katta harbiy-siyosiy ahamiyatga ega shahri hisoblanardi.
Arab manbalarida Buxoro shahri ark, shahriston va rabotdan iborat yirik shahar sifatida qayd etiladi. Buxoro mintaqaviy va xalqaro savdo aloqalarida katta o‘rin tutar, karvon yo‘llari Buxoroni Sug‘diyonaning boshqa mulklari, Tohariston, Ettisuv, Xorazm va Xurosonning turli shaharlari va Eronning savdo markazlari bilan bog‘lagan edi. Buxoro atrofidagi ko‘plab shahar va qishloqlar. ham mahalliy va tranzit ahamiyatga ega karvon yo‘llari orqali o‘zaro bog‘langan edi.
Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Buxoroga tegishli bo‘lgan yirik va mashhur shahar va yirik qishloqlar sanab o‘tilgan. Ularning barchasi ilk o‘rta asrlar davrida ham yirik aholi markazlari sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ular ichida Karmina,Nur, Tavois, Iskajkat, SHarg‘. Zindana, Vardana, Afshina, Barkand, Ramtin (Romitan), Varaxsha, Baykand, Farabga tarixiy geografik sharh berib o‘tilgan. Ular ichida Baykand (Poykent), Afshina va Farab shaharlar sifatida, qolganlari garchi kuhandiz va jome masjidiga ega bo‘lsalarda, yirik qishloqlar sifatida qayd etilgan. Buxoroga tegishli bo‘lgan shahar va qishloqlar ichida Baykent (Poykent), Romtin (Romitan), Nur (Nurota), Varaxsha, Vardana kabilar Buxorodan qadimiyroq hisoblangan.
Buxoro sug‘dining g‘arbiy chegaralarida joylashgan Poykent shahri Buxoroning g‘arbiy qismidagi o‘troq aholi manzilgohlari chegaralarini aniqlashtirishda muhim ma’lumot beradi. Buxoro - Marv karvon yo‘lida joylashgan Poykent ilk o‘rta asrlarda iqtisodiy va harbiy-siyosiy ahamiyatga ega yirik shaharlardan edi. Eftalitlarning siyosiy markazi bo‘lgan bu shahar Turk hoqonligi davrida ham o‘z mavqenini saqlab qoldi. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan qadimgi Poykentda dorixona mavjud bo‘lganligidan dalolat beruvchi topilmalar ham olingani ma’lum. Bu ham shaharning Buxoro Sug‘dining yirik madaniy markazlardan biri bo‘lganligidan dalolat beradi. Poykent ilk o‘rta asrlar davrida, arab istilosi arafasida ham yirik savdo markazi sifatida mashhur bo‘lgan. Poykentliklar Xitoy va dengiz orqali boriladigan boshqa mamlakatlar bilan savdo aloqalari olib borganlar. Bu shaharni mustahkam qal’asi borligi uchun jezdan qurilgan shahar deb ataganlar. Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arab qo‘shinlari ham bu shaharni zabt etishda ko‘p qiyinchilik ko‘rgan. Buxorodan qadimiyroq bu shaharni islomgacha bo‘lgan podshohlar o‘zlariga qarorgoq qilganlar.
Movarounnahr shaharlarini Buxoro orqali Eron va Xurosonning savdo shaharlari bilan bog‘lovchi karvon yo‘lining birinchi muhim qismi Buxoro – Poykent – Farob – Amul kechuvi – Marv yo‘nalishi bo‘lgan. Manbalarda “jez shahar”, “savdogarlar shahri” kabi epitetlar bilan atalgan Poykent atrofida mingdan ortiq rabotlar qurilgan bo‘lib, shahar aholisi asosan savdo-sotiq bilan shug‘ullangan va Xitoy va Amudaryo suv yo‘li orqali boriladigan boshqa mamlakatlar bilan xalqaro savdoda ishtirok etgan.
Buxoro va Poykent orasidagi masofa, farsax2 bilan hisoblaganda, Ibn Xurdobehga ko‘ra 5 farsax, Samoniyda esa bir kunlik yo‘l sifatida qayd qilingan. Ba’zi tadqiqotchilar, manbalarga tayanib, bu masofa 7-8 farsaxni tashkil qilishini qayd etganlar. Poykentning xarobalari3 Buxorodan 55 km. janubi-g‘arbda joylashganligini hisobga olsak, so‘nggi fikr haqiqatga to‘g‘ri kelishini ko‘ramiz.
Buxorodan keluvchi yo‘l Poykent – Farob (12 farsax) yo‘nalishida qumli cho‘ldan o‘tib, Movarounnahrning Xuroson va Eron shaharlari bilan aloqalarida asosiy o‘rin tutgan kechuvga kelgan. Bu kechuv nomi manbalarda Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘i joylashgan Farob shaharchasiga nisbat berilib “Farob kechuvi” yoki daryoning chap qirg‘og‘ida joylashgan Amulga nisbatan “Amul kechuvi” deb atalgan. Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Farobdan Movarounnahr chegaralari boshlangan. Manbalarga ko‘ra, mintaqa hududi orqali o‘tgan karvon yo‘llarining eng uzun tarmog‘ini Amudaryodagi Farob kechuvidan Buxoro, Samarqand va Xo‘jand orqali O‘zgandga olib boruvchi yo‘l tashkil etib, bu yo‘nalishni karvonlar 23 kunda bosib o‘tganlar.
Farob Amudaryoning o‘rta oqimidagi muhim kechuvlardan birini nazorat qilib turish maqsadida barpo etilgan qadimgi qal’alardan biridir. Narshaxiy ma’lumotga ko‘ra, Farob shahri Amudaryodan 1 farsang uzoqlikda joylashagan bo‘lib, Amudaryo suvi toshganda Farobgacha etib kelgan. Amudaryoning chap qirg‘og‘ida, Farob yaqinidagi kechuvdan o‘tilib Xurosonga tegishli bo‘lgan Amul qal’asiga chiqilgan. Buxorodan Marvga Farob kechuvi orqali o‘tilgan yo‘nalish ilk o‘rta asrlarda keng foydalanilgan. Turk hoqonining elchisi sifatida Eronga borgan sug‘d savdogari Maniax boshchiligida elchilar ham Buxoro, Poykent, Amul va Marv orqali Eronga borishgani bu yo‘nalishning ahamiyatini ko‘rsatib turadi.
Antik davrga oid (mil. I asr) madaniy qatlamlari mavjud Eski CHorjo‘y ham milodiy era boshlaridan boshlab Marvdan va chap qirg‘oq Amudaryoning quyi oqimidan Poykent – Buxoro – Karmana – Samarqand yo‘nalishida Markaziy Sug‘dga ketuvchi savdo yo‘lini nazorat qilib turgan muhim qal’alardan biri bo‘lgan. Bu yodgorlik qadimgi davr va o‘rta asrlarda Amudaryo suv yo‘li bo‘yidagi muhim bekat sifatida ham ahamiyatga ega bo‘lganligini hisobga olsak, uning mintaqa janubidagi savdo yo‘llari tizimida tutgan o‘rni yanada aniqlashadi.
Buxoroga tegishli bo‘lgan va Buxordan ham qadimiyroq hisoblangan shahar va qishloqlar ichida Romtin (Romitan)ga alohida to‘talib o‘tish kerak. Kuhandizga ega bu katta qishloqda islomdan oldingi davrda podshohlarning qarorgohlari bo‘lgan. Romitanni Turon podshosi Afrasiyob (turkiy manbalarda Alp Er Tunga deb atalgan hukmdor) barpo qilgan va shu viloyatga kelganda faqat shu erda turgan. Islom davriga kelib esa hukmdorlar faqatgina qish faslida bu erda yashaganlar.
Buxoro Sug‘dining muhim shaharlaridan biri Varaxsha hisoblanadi. Narshaxiy uni Buxorodan qadimiyroq ekanligini va yirik qishloqligini, islomdan oldin bu er podshohlar qarorgohi bo‘lganligini qayd etadi. Mustahkam hisorga ega bu qishloq qo‘rg‘onida obod bir qasr bo‘lgani uni Buxorxudot barpo etganini, uzoq yillar vayron bo‘lib yotgandan keyin uni Buxoro hukmdorlaridan Xunukxudot (VIII asr boshlarida Buxoroda hukmronlik qilgan podsho) qayta tiklab, obod qilganligini yozadi.
Buxoroga tegishli mashhur joylar ichida Tavois va Zandana qishloqlari ham bo‘lgan. Narshaxiyga ko‘ra, Tavois buxoro viloyatlaridan bo‘lib, asli nomi Arqud deb yuritilgan. Bu erda yashagan kishilar zebu ziynatni sevuvchi kishilar bo‘lib, har biri uyida bitta yoki ikkita tovus saqlagan. Arablar davrida, ya’ni ilk islom davridan boshlab, bu joy Tovois deb atalib ketgan. Buxorodan etti farsang uzoqlikda, Samarqandga o‘tuvchi katta yo‘l bo‘yida joylashgan bu shahar katta shahristonga ega bo‘lib, bu shaharda kuz faslida 10 kun katta bozor bo‘lgan., Bu bozorga Farg‘ona, Choch va boshqa joylardan savdogarlar kelgan
Zandana katta qal’aga ega yirik qishloq bo‘lib, uni mashhur qilgan narsa sifatli bo‘z mato bo‘lgan. “Zandaniychi” deb atalgan bu bo‘z mato ipak mato bahosida sotilgan, undan barcha ulug‘lar va podshohlar kiyim qilib kiyganlar. Bu mato Iroq, Fors, Kermon, Hindiston va boshqa chet mamlakatlarda ham mashhur bo‘lgan.
Shu tariqa, Buxoro viloyati ilk o‘rta asrlarda Sug‘diyonaning muhim va gullab yashnagan o‘lkalaridan biri bo‘lgan. Ko‘plab shaharlar va yirik qishloqlarga ega Buxoro viloyatining tarxiy geografiyasini, chegaralarini aniqlashtirishda ilk o‘rta asrlar davri tarixini o‘rganishning ahamiyati ham yuqoridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |