Analitik psixologiyada psixologik funksiyalar
Turli toifadagi ekstrovert va introvertlar mavjudligi sababli YUng psixologik funksiyalarga asoslanib insonlar o‘rtasidagi qo‘shimcha farqlarni ajratdi. Ushbu funksiyalar insonning sub’ektiv ichki dunyosi va tashqi real dunyoni turlicha va teskari yo‘llar bilan anglash hamda his qilishga aloqador. YUng psixikaning to‘rt funksiyasini ajratadi: sezgi, intuitsiya, tafakkur va his qilish.
Sezgi va intuitsiya irrotsional funksiyalar guruhi hisoblanib, ushbu guruh sabab jarayonini qo‘llamaydi. Ushbu funksiyalar voqelikni qabul qiladi, lekin uni baholamaydi. Sezish voqelikni sezgilar orqali borligicha aks ettiradi. Intuitsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqi stimuldan paydo bo‘lmaydi, masalan, qorong‘u xonada biz bilan yana kimdir borligiga ishonsak, bu ishonch aktual sezish voqeligidan ko‘ra intuitsiya yoki intuitiv hissiyotga asoslanishi mumkin.
Ikkinchi juft funksiyalar, tafakkur va his qilish, rotsional funksiyalar bo‘lib voqelik haqida hukm chiqarish va baholashni o‘ziga qamrab oladi. Fikrlash funksiyasi voqelik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida ongli hukm chiqaradi. His qilish funksiyasi yaxshi ko‘rish yoki yomon ko‘rish, yoqimli yoki yoqimli emas kabi yo‘nalishdagi baholash usulini namoyon etadi.
Inson psixikasi har ikki ekstroversiya va introversiya yo‘nalganligini ham qamrab olgani kabi, ushbu to‘rt psixologik funksiyaga ham layoqat mavjud. Faqat bitta yo‘nalganlik dominantaligi kabi faqat bitta funksiya dominanta hisoblanadi. Boshqalari esa shaxsiy ongsizlikda saqlanadi. Bunga asosan insonda ikki juft funksiyalar, ya’ni irrotsional yoki ratsional funksiyalardan biri dominanta bo‘ladi va ushbu juftliklarni tashkil qiluvchi funksiyalardan biri dominanta bo‘ladi. Insonda bir vaqtda ikki funksiya sezgi va intuitsiya yoki tafakkur va his qilish dominanta bo‘lmaydi, chunki ular teskari funksiyalar hisoblanadi.
Psixologik tiplar
YUng ikki asosiy tip va to‘rtta funksiyalarning o‘zaro aloqasidan quyidagi sakkiz psixologik tiplarni ajratadi:
Ekstrovert tafakkur qiluvchi tip vakillari to‘laligicha ijtimoiy qoidalarga muvofiq ravishda hayot kechiradi. Ushbu tipdagi insonlar hayotning barcha jabhalariga ob’ektiv bo‘lish hamda fikr va qarashlarining uyg‘unligiga erishish uchun hissiyot va kechinmalarini siqib turishga moyil bo‘ladi. Bu esa ularda turg‘un va sovuqqon ko‘rinishni namoyon etishi mumkin. Ular tashqi dunyoni o‘rganishga yo‘nalganligi va mantiqiy fikrlashni qo‘llashi sababli fan sohasida yuqori natijaga erishishi mumkin.
Ekstrovert his qiluvchi tip vakillari fikrlash jarayonini siqib turishga va yuqori darajali emotsional bo‘lishga moyil. Ushbu insonlar o‘zlari o‘rgatilgan ananaviy qadriyatlar va axloqiy qoidalarga amal qiladi. Ular odatda boshqalarning fikr va qarashlariga ta’sirchan bo‘ladi. Ular emotsional javob beradi va tez do‘st orttiradi, do‘stlar davrasiga va yuqori emotsiyalarni namoyon etishga moyil bo‘ladi.
Ekstrovert sezuvchi tip vakillari xursandchilik, mamnuniyat va yangi voqeliklarni topishga yo‘naladi. Ushbu insonlar real dunyoga yo‘nalgan hamda turli toifadagi odamlar va o‘zgaruvchan vaziyatlarga moslashuvchan bo‘ladi. Ular o‘z ichki olamiga emas tashqi olamdan zavqlanishga moyil.
Ekstrovert intuitiv tip vakillari imkoniyatlardan foydalanish qobiliyatiga ega ekanligi sababli biznes va siyosatda muvaffaqiyatga erishadi. Ushbu insonlar yangi g‘oyalarga boy bo‘lib, yaratuvchi bo‘lishga moyil. Ular boshqalarni intilishga va erishishga ruhlantiradi. Ular o‘zgaruvchan bo‘lishga, bir g‘oya yoki fikrdan boshqasiga ko‘chishga moyil hamda aks ettirishdan ko‘ra intuitiv ravishda xulosa qilishga asoslanadi.
Introvert tafakkur tip vakillari boshqalar bilan munosabatga kirishishda qiynaladi. Ular his qilishdan ko‘ra fikrlashga va boshqalardan ko‘ra o‘zini tushunishga yo‘nalgan bo‘ladi. Boshqalarga ular vazmin, o‘ziga ishongan bo‘lib ko‘rinadi.
Introvert his qiluvchi tip vakillari ratsional fikrlarini siqib turadi. Ushbu insonlarda chuqur hissiyotlar mavjud bo‘lib tashqi namoyon etilishidan qochadi. Ular sirli va yopiq bo‘lib ko‘rinadi hamda sokin, kamtar va bolalardek bo‘lishga moyil bo‘ladi.
Introvert sezuvchi tip vakillari passiv, tinch va tashqi dunyodan ajratilgandek ko‘rinadi. Ular insonlarning ko‘pgina faoliyatiga qiziqish bilan qaraydi. Ularda sezgirlik yuqori bo‘lib, o‘zlarini musiqa va san’atda namoyon etadi hamda intuitsiyani siqib turadi.
Introvert intuitiv tip vakillari intuitsiyaga qaratilganligi bois, reallik bilan kam aloqada bo‘ladi. Ular tasavvurga berilgan, vazmin, amaliy ishlardan yiroq va boshqalar tomonidan tushunish qiyin bo‘ladi. O‘zgacha va ekssentrik xususiyatlarga ega bo‘lib kundalik hayot va kelajak muammolarni echishda qiyinchiliklarga uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |