8– mavzu. Aholini ijtimoiy muhofaza qilish. Mehnat munosabatlarini boshqarish
1. Ijtimoiy muhofaza bo‘yicha asosiy tushunchalar (1 ball)
2. Ijtimoiy muhofaza shakllari va mexanizmlarini amalga oshirishda davlatning roli (1 ball)
3.O‘zbekiston Respublikasida aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimining o‘ziga xos xususiyatlari (1 ball)
4. Mehnatni boshqarish xususiyatlari (1 ball)
5. Mehnatni boshqarish turlari va usullari (1 ball)
Jamiyatdagi ijtimoiy-tashkiliy institutlar bilan bir qatorda ko‘pgina ijtimoiy-normativ institutlar ham borki, ular biron-bir tashkilotda namoyon bo‘lmasdan, balki o‘zlaricha mavjud bo‘lib, faoliyat ko‘rsatadilar hamda ijtimoiy himoya qilishda muayyan rol o‘ynaydilar. Huquqning har bir sohasi ana shunday ijtimoiy-normativ institutlar tizimidan iborat (mehnat huquqi, mehnat qonunlari). Yollanma xodimlarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi muhim ijtimoiy-normativ institut hozirgi vaqtdagi ta’rif bitimlari, kontraktlar, jamoa shartnomalari va hokazolardir.
O‘zining faoliyati bilan butun korxona jamoasini qamrab oladigan va buning uchun zarur huquqlari va imkoniyatlarga ega bo‘lgan asosiy ijtimoiy himoya qilish instituti – bu, kasaba uyushmasi tashkilotidir. Bozor sharoitida bu tashkilotning himoya qilish rolini oshirish ayniqsa zarur. Korxona bankrot yoki yopilgan taqdirda yohud o‘z ixtisosini o‘zgartirgan sharoitda xodimlarni ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash ayniqsa muhimdir. Bozor sharoitida korxona normal ishlab turganda ham kasaba uyushmalari tashkilotlarining ijtimoiy himoya qilish vazifasini keskin oshirish talab qilinadi.
Korxonada xodimlarni ijtimoiy himoya qilishning aniq omili va vositasi jamoa shartnomasidir. Bu shartnomaning mohiyati hozirgi vaqtda keskin ravishda o‘zgarib ketdi, chunki yollanma xodimlarga ijtimoiy himoyalanishning pishiq-puxta huquqiy bazasi zarur bo‘ladi.
Korxonalarimiz va turli-tuman tashkilotlarimiz hayotiga tobora kengroq kirib borayotgan va muayyan sharoitda ijtimoiy himoya vositasi sifatida maydonga chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa muhim ijtimoiy-normativ institut mehnat kontraktidir. Uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va shak-shubhasiz ijtimoiy himoya qilish instituti deb qabul qilib bo‘lmaydi, lekin korxonadagi (mehnat tashkilotidagi) kontrakt tizimi xodimlar huquqini ta’minlaydigan maxsus tizim sifatida qaraladigan, agar kontraktda ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlar berilishi qayd etib o‘tilgan bo‘lsa, u aynan ijtimoiy himoya qilish instituti sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.
Yuqorida sanab o‘tilgan ijtimoiy institutlar ma’lum darajada ijtimoiy himoya qilish mexanizmiga kiritilgan. Mamlakatimizda ijtimoiy himoya qilish mexanizmini shakllantirish jarayoni uzluksiz davom etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |