1.Markaziy Osiyoda XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida ta'lim-tarbiya va pedagogik fikr.
Markaziy Osiyo zaminida Temuriylar hukmronligi inqirozga yuz tutgandan keyin, bu o`lkani qo`lga kiritish uchun jahonning ko`pgina mamlakatlari harakat qildilar. Ana shulardan biri chor Rossiyasi edi. Markaziy Osiyoni Rossiyaga qaram qilish g`oyasi Petr 1 dan boshlanib, uning vafotidan so`ng Ekaterina hukumati tomonidan davom ettirildi. Nikolay II taxtga o`tirgach, tezlik bilan Markaziy Osiyoni o`ziga bo`ysundirishga intildi. Rossiyaning bosqinchilik yurishi XIX asrning ikkinchi yarmiga to`g`ri keladi. Chunki bu davrda sobiq imperiya o`rnida 3 ta xonlik – Buxoro amirligi, Xiva hamda Qo`qon xonliklari bo`lib, bular o`rtasida nizo kuchaygan edi. Bundan foydalangan chor hukumati o`zining yovuz niyatlarini amalga oshirishga kirishib dastlab Qozog`istonni o`zlariga tobe qildilar. So`ngra Qozog`iston orqali 1864 yilda Turkmaniston, Chimkent, Avliyo otani, 1865 yilda Toshkentni zabt etdilar. 1867 yilda Ettisuv viloyati, 1868 yilda Samarqand, 1876 yilda Farg`ona viloyati Rossiya qo`liga o`tdi.1876 yil 19 fevralda podsho Aleksandr II Qo`qon xonligi tugatilganligi to`g`risida buyruqqa imzo chekdi. 1885 yilga kelib Markaziy Osiyoning hamma erlari Russiya tasarrufiga o`tdi va o`lkada Turkiston general gubernatorligi tashkil etiladi. Markaziy Osiyo mustamlaka davlatiga aylantirilgach, chor hukumati mustamlakachilik siyosatini yurgizdi, bu siyosatga qarshi ko`tarilgan xalq qo`zg`olonlarini esa ayovsiz bostirdi. U Markaziy Osiyo xududida istiqomat qiluvchi turli xalqlarni bir-biriga qarshi qo`yish bilan ular o`rtasida kurashni avj oldirdi. Chor hukumati xalqimizning milliy madaniyatiga va uning rivojiga tish-tirnog`i bilan qarshilik qildi milliy zulmni kuchaytirdi. Bu zulm birinchi navbatda madaniyat, fan, san'at, ijtimoiy va pedagogik fikr, turmush tarziga ham o`z ta'sirini ko`rsatdi. Xalq o`zining milliy merosi, qadriyati va g`ururidan mahrum bo`la boshladi. Turkiston general gubernatori fon Kaufman imperatorga yo`llagan bir maktubida Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy-ijtimoiy taraqqiyoti uch yuz yil orqaga surib yuborilganini maqtanib yozgan edi. Inqilobdan oldin masjid va madrasalardagi kitoblar, noyob qo`llanmalar yondirib tashlandi, bir qismi Peterburgga olib ketildi. Bunday hatti-harakatlardan g`azablangan Abdurauf Fitrat xalqqa qarata: «Ey ulug` Turon, arslonlar o`lkasi! Senga ne bo`ldi? Holing qalaydur! Ey Temurlarning, O`g`uzlarning oilalarining shonli bolalari! Qulliq chuqurlariga nedan tushding!» qabilidagi jangovar shiorlari bilan xitob qilgandi.
O`lkada yuz bergan bu voqiliklar ilg`or ziyolilarning faoliyatida ham o`z ifodasini topdi. Ular o`lkada chor ma'murlari qo`llagan jabr-zulmlariga qaramay ilm-fan va madaniyatning umumiy rivojiga o`z hissalarini qo`shdilar. Ular o`zlaridan oldin o`tgan ulug` mutafakkirlarning insonparvarlik, pedagogik fikr, g`oyalarini davom ettirdilar. Buni Anbar otin, Ahmad donish, Mahmudxo`ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Furqat, Muqimiy, Avaz O`tar, Zavqiy, Saidahmad Siddiqiylarning ijodida ko`rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |