3. «Xususiy kapital to‘g‘risidagi hisobot»ni tuzish va to‘ldirish tartibi Xususiy kapital harakati to‘g‘risidagi hisobotning «Yil boshidagi qoldiq» moddasi bo‘yicha quyidagi axborot aks ettiriladi:
a) «Ustav sarmoyasi» 3-ustunida ta’sis hujjatlarida qayd etilgan ustav sarmoyasi (fondi) summasi ko‘rsatiladi;
b) «Qo‘shilgan sarmoya» 4-ustunida «Ustav sarmoyasi» hisobvarag‘ining «Qo‘shilgan sarmoya» ilova hisobvarag‘ida qayd etilgan qo‘shilgan sarmoya summasi ko‘rsatiladi;
v) «Zaxira sarmoya» 5-ustunida qonun hujjatlariga muvofiq barpo etilgan zaxira sarmoya mablag‘lari summasi aks ettiriladi;
g) «Taqsimlanmagan foyda» 6-ustunida yil boshidagi taqsimlanmagan foyda summasi ko‘rsatiladi;
d) «Qoplanmagan zararlar» 7-ustunida yil boshidagi korxona balansida qayd etilgan zarar summasi aks ettiriladi.
«Xususiy (aktsiyadorlik) sarmoyaning o‘sishi» moddasi bo‘yicha (020-satr) xususiy sarmoyaning o‘sish summasi aks ettiriladi.
«Xususiy (aktsiyadorlik) sarmoyaning kamayishi» moddasi bo‘yicha (030-satr) xususiy sarmoyaning kamayish summasi aks ettiriladi.
«Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi» moddasi bo‘yicha (040-satr) belgilangan tartibda tegishli emissiyalar summasi aks ettiriladi.
«Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash» moddasi bo‘yicha (050-satr) asosiy fondlar, nomoddiy aktivlar va boshqa uzoq muddatli aktivlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilgan qayta baholash summasi aks ettiriladi.
«Ustav sarmoyasini shakllantirish chog‘ida ko‘rsdagi farq» moddasi bo‘yicha (060-satr) buxgalteriya va statistika hisobida «Ustav sarmoyasi» hisobvarag‘ining «Qo‘shilgan sarmoya» ilova hisobvarag‘ida qo‘shilgan sarmoya sifatida aks ettiriladigan, korxona ustav sarmoyasini shakllantirish chog‘ida ta’sis hujjatlarini ro‘yxatga olish sanasi va mablag‘larni ustav sarmoyasiga haqiqatda kiritish sanasida Markaziy bank ko‘rslari o‘rtasida yuzaga keladigan ko‘rs farqi aks ettiriladi.
«Zaxiraga ajratmalar» moddasi bo‘yicha (070-satr) barpo etilishi ta’sis hujjatlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan zaxira fondiga hisoblab yozilgan mablag‘lar summasi aks ettiriladi.
«Joriy yilning taqsimlanmagan foydasi (zarari)» moddasi bo‘yicha (080-satr) hisobot davrida olingan taqsimlanmagan foyda (qoplanmagan zarar) summasi ko‘rsatiladi.
«To‘langan dividendlar» moddasi bo‘yicha (090-satr) oldingi yil uchun hisobot davri boshidagi taqsimlanmagan foydadan hisoblab yozilgan dividendlar summasi ko‘rsatiladi.
«Hisobot davri oxiridagi qoldiq» moddasi bo‘yicha (100-satr) tegishli ustunlar bo‘yicha «Ustav sarmoyasi» hisobvarag‘ining «Ustav sarmoyasi», «Qo‘shilgan sarmoya», «Zaxira sarmoya» ilova hisobvaraqlari bo‘yicha hisobot davri oxiridagi saldo va taqsimlanmagan foyda summasi ko‘rsatiladi.
«Hisobot davri oxirida ustav sarmoyasiga kiritilgan badallar» moddasi bo‘yicha (130-satr) muassislar va aktsiyadorlar tomonidan korxona ustav sarmoyasiga haqiqatda kiritilgan mablag‘lar summasi ko‘rsatiladi. 120 - 142-satrlarni aktsiyadorlik jamiyatlari to‘ldiradi.