O’rta Osiyoning xonliklarga bo’linib ketish oqibatlari
Uchta xonlik boshqaruv tizimida feodal munosabatlar asos qilib olingan edi. Xonliklar hududida er egaligining uchta turi: davlat erlari, xususiy erlar, vaqf erlari mavjud edi.
Xonliklar aholisi asosan dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shuQullanar edilar. Asosiy solig’ turlari xiroj, zakot bo’lib, shu bilan birga turli majburiyatlar mavjud edi. Bular Xiva xonligida begar, qazuv, mushrifona va boshqalar bo’lsa, Buxoro amirligida urush paytda olinadigan favqulodda solig’-jul, suv haqi, nimsara va boshqalar, Qo’qon xonligida esa hashar, harbiy xizmat majburiyatlari bor edi.
Xonliklar boshqaruvida islom mafkurasi asosiy o’rinni egallagan bo’lib, diniy mutaassiblik mamlakat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatar edi. Ayniqsa, xonliklar ichidagi etnik guruhbozlik fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishiga to’siq bo’lar edi. Undan tashqari turli urug’ vakillari davlat boshqaruvida yuqori mavqega ega bo’lish uchun boshqa urug’ vakillariga qarshi zimdan va ochiqchasiga kurash olib borib, siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarar edilar. Buni Xiva xonligidagi XVIII asr voqealarida yaqqol ko’rishimiz mumkin. Bu davrda Xivada turli urug’ vakillaridan xonlar ko’tarildi.
Bu xonlarning almashishi xalq uchun katta kulfatlar keltirar edi. XVII asr oxirlariga kelib, Xiva xonligida qo’nQirotlarning mavqei osha bordi va 1804 yilda ular Xiva xonligi taxtini egallab, 1920 yilgacha bu xonlikda hukmronlik qilishdi. Qo’qon xonligida hukmronlik qilishgan minglar sulolasi o’zlarining tashqi istilochilik urushlari va o’zaro sulolaviy kurashlari bilan xonlik aholisining ijtimoiy, iqtisodiy ahvolini yanada og’irlashtirdi. Ayniqsa Xudoyorxon davrida talonchilik urushlari va solingan ko’plab solig’lar xalqning ko’plab noroziligiga sabab bo’ldi, natijada Xudoyorxon ikki marotaba taxtdan haydalib, yana taxtni egalladi. Minglar sulolasi Qo’qonda 1710 yildan 1876 yilgacha hukmronlik qilishdi.
XVII-XVIII asrning birinchi yarmida bitta iqtisodiy hududdagi bir elat, bir xalqning uchta mustaqil, siyosiy xonlikka ajralib ketishi, bu hududda yashayotgan xalqlarning boshiga juda og’ir kulfatlarni keltirdi. Xonliklar ichidagi sulolaviy va o’zaro urushlari xalqning og’ir ahvolini yanada og’irlashtirdi. Xivaliklarning turkman urug’lariga qarshi uyushtiradigan mavsumiy talonchilik yurishlari, Buxoro amirligining Kitob va Shahrisabz bekliklariga qarshi olib borgan doimiy urushlari, Qo’qon xonligining Toshkent va Xo’jand uchun Buxoro amiriga qarshi kurashlari bitta xalqning parchalanishiga, o’zaro madaniy, savdo aloqalarining uzilib qolishiga sabab bo’ldi.
Xonliklar hududidagi xalq norozilik harakatlari shafqatsizlik bilan bostirildi, har qanday ilQor fikr, yangilik diniy mutaassiblarning ta’qibiga uchrar edi. Bu paytda nafaqat boshqa hududlar bilan hatto Qo’qon, Xiva, Buxorodagi madaniy markazlarning ham o’zaro aloqasi yo’q edi. Bu o’z navbatida O’rta Osiyo ilm-fanini turG’unlikka, hatto tanazzulga olib keldi. Tabiiy fanlarga e’tibor umuman yo’qoldi. O’rta Osiyo xalqlari Evropa fan texnika taraqqiyotidan bexabar bo’lib, orqada qolib ketdi.
Rossiya bilan o’rnatilgan savdo aloqalari asosan bir guruh boylar qo’lida bo’lib, ular madaniy aloqalarga, fan-texnika taraqqiyotini kirib kelishiga aytarli ta’sir ko’rsatmadi va o’lkadagi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy vaziyat chor Rossiyasining o’z agressiv maqsadlari uchun sharoit yaratib berdi. Natijada Rossiya O’rta Osiyoni osonlik bilan bosib oldi.
Tayanch tushunchalar
O’zaro urushlar, Shohruh, Ulug’bek, Husayn Boyqaro, Navoiy, Shayboniyxon, Bobur, Safoviylar, Ubaydulla Sulton, Abdullaxon II, ashtarxoniylar, hokimiyatni kuchaytirish uchun kurash, Xiva inoqlari va qo’nQirotlari, Qo’qon minglari, Buxoro mang’itlari, xonliklardagi norozilik harakatlari, Rossiya bilan savdo aloqalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |