Qadriyat kategoriyasining mazmuni. Qadriyat so’zning etimologik ma’nosi ancha sodda bo’lib, atamaning o’ziga mos keladi: qadriyat – odamlar qadrlaydigan narsa. Narsalar yoki buyumlar ham, tabiat hodisalari ham, ijtimoiy hodisalar ham, insonning xatti-harakatlari ham, madaniyat hodisalari ham qadriyat bo’lishi mumkin. Ammo «qadriyat» tushunchasining mazmuni, uning tabiati oddiy ong tasavvur qilganidek sodda emas. Qadriyat, xuddi haqiqat kabi, xossa emas, balki fikr va voqelik o’rtasidagi munosabatdir. Inson o’zining individual tajribasiga asoslanib, o’zi uchun muhim bo’lgan ob’ekt bilan o’z ehtiyojlari va manfaatlari o’rtasida aloqa mavjudligini anglab etadi.
Inson uchun ijobiy ahamiyatga ega bo’lgan narsa yoki hodisa qadriyat hisoblanadi. Muhimlik narsaning o’zidagi xossalari bilan emas, balki ularning inson hayotidagi ahamiyati bilan belgilanadi.
Qadriyatlar individual bo’lib, ular anglanishi yoki anglanmasligi yoki noto’g’ri anglanishi mumkin. Ammo qadriyatlarni sub’ektiv darajada maqbul hodisa sifatida anglashning har qanday varianti baholash ko’rinishida amal qiladi. Haqiqatdan farqli o’laroq, baholash narsalarning haqiqiy holatiga bilimning muvofiqligiga erishishdan emas, balki narsalarni va ularning xossalarini inson uchun zarur va muhim deb anglab etishdan iborat.
Qadriyatlar san’at va din, axloq va huquq, siyosiy va madaniy hayot sohasida etakchi o’rinni egallaydi. Ularni ilmiy tushunchalar tiliga o’girish mumkin emas va aksariyat hollarda ular badiiy-obrazli mifologik yoki diniy shakl-shamoyilga solinadi.
Xo’sh, «qadriyat» tushunchasining falsafiy mazmuni nimada?
1. Qadriyat o’z mohiyatiga ko’ra ijtimoiydir va ob’ekt-sub’ektli xususiyat kasb etadi. Ma’lumki, jamiyat bo’lmagan joyda qadriyatlar mavjudligi haqida gapirishning o’zi behudadir. Zero narsalar, voqealar ularning inson bilan, sosium hayoti bilan aloqasisiz, o’z holicha qadriyatlar bilan bog’lanmaydi. Xullas, qadriyatlar doim insoniy qadriyatlar hisoblanadi va ijtimoiy xususiyat kasb etadi. Bu insoniylashgan tabiatga, ya’ni butun sivilizasiyagagina emas, balki hatto ko’p sonli tabiat ob’ektlariga ham taalluqli. Masalan, kisloroddan iborat bo’lgan atmosfera Erda inson paydo bo’lishidan ancha oldin mavjud bo’lgan, lekin kishilik jamiyati vujudga kelganidan keyingina atmosferaning odamlar hayoti uchun ulkan ahamiyati haqida so’z yuritish imkoniyati tug’ilgan.
2. Qadriyat insonning amaliy faoliyati jarayonida vujudga keladi. Insonning har qanday faoliyati muayyan maqsadni belgilashdan boshlanadi va mazkur faoliyat ayni shu maqsadga erishishga bag’ishlanadi. Maqsad – individga o’zining muayyan ehtiyojlarini qondirish imkonini berishi mumkin bo’lgan faoliyatning pirovard natijasi haqidagi insonning tasavvuri. Shunday qilib, individ o’z faoliyatining mo’ljallangan natijasiga avval-boshdanoq qadriyat sifatida qaraydi. Shu sababli inson natijaga erishishga qaratilgan faoliyat jarayonining o’ziga ham o’zi uchun muhim, qadrli bo’lgan jarayon sifatida yondashadi.
3. «Qadriyat» tushunchasini «muhimlik» tushunchasidan farqlash lozim. qadriyat «muhimlik» tushunchasi bilan nisbatlashadi, lekin u bilan ayniy emas. Muhimlik qadriyatga bo’lgan munosabatning faollik, qizg’inlik darajasini tavsiflaydi. Nimadir bizni ko’proq, nimadir kamroq ta’sirlantiradi, nimadir bizni o’ziga nisbatan butunlay befarq qoldiradi. Shuningdek, muhimlik qadriyat xususiyatigagina emas, balki «aksilqadriyat», ya’ni ziyon xususiyatiga ega bo’lishi ham mumkin. Yomonlik, ijtimoiy adolatsizlik, urushlar, jinoyatlar va kasalliklar jamiyat va shaxs uchun ulkan ahamiyatga ega, lekin bu hodisalarni qadriyatlar deb nomlash odat tusini olmagan.
Binobarin, «muhimlik» tushunchasi «qadriyat»ga qaraganda kengroq. Demak qadriyat – ijobiy muhimlik. Ijtimoiy rivojlanishda salbiy rol o’ynaydigan hodisalar salbiy ahamiyatga molik deb talqin qilinishi mumkin. Shunday qilib, har qanday muhimlik emas, balki inson, uning birlashmalari yoki butun jamiyat hayotida ijobiy rol o’ynaydigan muhimlikkina qadriyat hisoblanadi.
4. Qadriyatlar o’z tabiatiga ko’ra ob’ektivdir. Bu qoida e’tiroz uyg’otishi mumkin. Zero sub’ekt mavjud bo’lmagan joyda qadriyat to’g’risida so’z yuritish behuda ish ekanligi yuqorida qayd etilgan. Qadriyat insonga, uning tuyg’ulari, mayllari, emosiyalariga bog’liq bo’ladi, ya’ni qandaydir sub’ektiv narsa yoki hodisa sifatida qaraladi. Bundan tashqari, individning buyumga bo’lgan qiziqishi yo’qolgani, buyum uning ehtiyojlarini qondirmay qo’ygani zahoti individ uchun buyum o’zining qadriyat sifatidagi ahamiyatini yo’qotadi. Boshqacha aytganda, sub’ekt bilan bog’liq bo’lmagan holda, uning ehtiyojlari, mayllari, manfaatlari bilan buyumning aloqasisiz qadriyat mavjud bo’lishi mumkin emas.
Yana shuni ham hisobga olish lozimki, qadriyatlarga munosabat sub’ekti sifatida avvalo jamiyat, katta ijtimoiy guruhlar amal qiladi. Masalan, ozon «tuynuklari» muammosiga u yoki bu individuum befarq qarashi mumkin, lekin jamiyat unga befarq qaray olmaydi. Bu qadriyat ob’ektiv tabiatga ega ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi.
Qadriyat tushunchasining yuqorida keltirilgan umumiy tavsifidan kelib chiqib unga quyidagi ta’rifni berish mumkin. Qadriyat – bu borliq rang-barang elementlarining ob’ektiv ahamiyati bo’lib, ularning mazmuni jamiyat sub’ektlarining ehtiyojlari va manfaatlari bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |