7-ma’ruza O`ZBEKISTONDA QUYOSH ENERGIYASINING SALOHIYATI VA UNDAN FOYDALANISH IMKONIYATLARI Reja: 1. O`zbekistonda quyosh energiyasining salohiyati.
2.O`zbekiston hududining yillik va oylik radiatsiya rejimi haqida ma’lumotlar. 3.O`zbekiston iqlimi.
4.Quyoshning gorizontga nisbatan turish balandligini aniqlash.
Tayanch iboralar:quyosh energiyasining yalpi salohiyati, quyosh energiyasining texnik salohiyati, radiatsiya rejimi, quyoshning balandligi, atmosferaning tiniqlik koeffitsiyenti.
O‘zbekistonda quyosh energiyasining yalpi salohiyati 51 mlrd. t.n.e. (tonna neft ekvivalenti) atrofida ekanligi aniqlangan. Bu energiya turining texnik salohiyati (yalpi salohiyatning mavjud texnologiyalarni qo`llagan holda foydalanish mumkin bo‘lgan qismi) 177 mln. t.n.e. ni tashkil etadi. Respublikaning turli mintaqalarida Quyosh yil davomida 2500 dan to 3100 soatgacha nur sochib turadi va har bir kv.m. sirtga 5400 MJ dan 7600 MJ gacha ekologik toza energiya tushadi. Quyosh mamlakatimiz hududini yoz kunlari o`rtacha 11 soatgacha va qish kunlari esa 4 soatgacha ravshan yoritib turadi. O‘zbekistonda quyosh energiyasining katta salohiyati ekologik toza va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga jiddiy turtki berishi muqarrar. Mamlakatimiz mintaqalarida quyosh energiyasining salohiyati 1-jadvalda keltirilgan.
1-jadval O`zbekiston mintaqalarida quyosh energiyasining salohiyati
Viloyatlar
mln.t.n.e.
Viloyatlar
mln.t.n.e.
Andijon
129
Navoiy
14388
Buxoro
4747
Samarqand
1703
Farg`ona
215
Sirdaryo
327
Jizzax
2090
Surxondaryo
2554
Qashqadaryo
3027
Toshkent
1462
Xorazm
542
Qoraqalpog`iston
19548
Namangan
241
Jami
50973
2-jadval O`zbekiston Respublikasining ayrim mintaqalarida quyosh energiyasining yillik resurs ko`rsatkichlari
Respublikaning shimoli (Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimoli)
2900-3000
6840-7560
Respublikaning janubi (Qoshqadaryo va Surxondaryo viloyatlari)
2950-3050
6840-7056
Farg`ona vodiysi (Farg`ona, Andijon va Namangan viloyatlari)
2650-2700
5400-5580
Zarafshon vohasi (Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlari va Navoiy viloyatining janubi)
2930-3000
6876-7128
Quyosh issiqlik va energetik qurilmalarining samarali ishlashi u o‘rnatilgan hududga tushayotgan quyosh radiatsiyasining miqdori bilan birga klimatik va meteorologik omillarga (havoning temperaturasi, namligi, shamolning tezligi va h.k.) ham bog‘liq bo‘ladi. Quyosh qurilmalarini loyihalash va barpo etishda bu omillarni e’tiborga olish muhimdir. Shuni inobatga olib O‘zbekiston iqlimiga tegishli umumiy ma’lumotlarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbekiston hududi 448,9 ming kv.km maydonni egallaydi. U Yer sharining 37011' va 45031' shimoliy geografik kengliklari hamda 56000' va 73010' sharqiy uzoqliklari orasida joylashgan bo‘lib, shimol va janubdagi eng chekka nuqtalari orasidagi masofa 925 km ga, eng chekka g‘arbiy va sharqiy nuqtalari orasidagi masofa 1400 km ga teng. Mamlakatimizning turli mintaqalarida quyosh energiyasining yillik resurs ko`rsatkichlari 1-3 jadvalda keltirilgan.
O‘zbekistonning, xususan Toshkent shahrining radiatsiya sharoiti yetarlicha to‘liq o‘rganilgan. Toshkentda yil davomida deyarli 2900 soat quyosh charaqlab nur sochib turadi. Bu yerda quyosh radiatsiyasi yig‘indi oqimining o‘rtacha 3/4 qismi to‘g‘ri va 1/4 qismi tarqoq radiatsiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Yer sirtiga yo‘nalgan quyosh radiatsiyasining sutka davomida o‘zgarishiga atmosferaning tiniqlik darajasi sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston hududida atmosfera tiniqligi keng chegarada o‘zgarib turadi. U yog‘ingarchiliklardan keyingi paytlarda yuqori qiymatga ega bo‘ladi. Tiniqlikning o‘zgarishiga ko‘pincha tez-tez ro‘y berib turuvchi chang ko‘tarilishlari ham sabab bo‘ladi, ayniqsa kuchli shamollar paytida havodagi chang-g‘ubor miqdori ko‘payib atmosfera xiralashadi. Kuchsiz shamollar ta’sirida ham katta miqdordagi chang-g‘ubor atmosfera havosiga qo‘shilib qolishi mumkin.
Atmosferaning o‘rtacha tiniqligi sharoitida tarqoq radiatsiyaning eng katta qiymati mart-aprel oylarida qayd etilgan bo‘lib, uning qiymati tekis hududlarda 0 ,24–0,28 MVt/m2 ni va tog‘lardagi meteorologik stansiyalarda 0,35–0,42 MVt/m2 ni tashkil etadi. Masalan, bulutsiz kunlarda to‘g‘ri va tarqoq radiatsiyaning sutkalik maksimal va minimal yig‘indisi 1,5–2 marta, yig‘indi radiatsiyaniki esa 1,2–1,6 marta farqlanadi.
Quyoshning nur sochish davomiyligi oydan oyga ancha tekis o‘zgaradi: qishdan yozga uzayib, yozdan qishga qisqarib boradi. Quyoshning nur sochish davomiyligi qishning 3 oyida bulutli kunlarning ko‘pligi sababli ehtimol tutilgan miqdorining yarmidan ham kam bo‘ladi. Qolgan 9 oyda (martdan noyabrgacha) esa ehtimol tutilgan miqdorining yarmidan ancha ko‘p va hatto iyul oyida 94–96 %ga yetadi.