Ustuncha – urug‘chining o‘rta qismi. U tuguncha bilan tumshuqchani birlashtirib turadi. Uning ichi g‘ovak bo‘ladi.
Tumshuqcha – urug‘chining (ustunchaning) eng yuqori qismi – uchi. U changlarni ushlash uchun xizmat qiladi.
Gulqo‘rgon – gul ochilguncha changchi va urug‘chilarni o‘rab, tashqi ta’sirdan saqlab turadi. U oddiy yoki murakkab bo‘ladi.
Gulqo‘rg‘on bo‘laklarining rangi asosan bir xil bo‘lsa uni oddiy gulqo‘rg‘on deyiladi. Oddiy gulqo‘rg‘on oddiy gulkosacha yoki gultojdan iborat bo‘ladi. Lola, chuchmoma, gulsafsarning guli oddiy gulqo‘rg‘onli bo‘ladi.
Agar gulqo‘rg‘on gulkosacha va gultojdan tashkil topgan bo‘lsa murakkab gulqo‘rg‘on deyiladi. Ko‘pchilik o‘simliklar (olma, g‘o‘za, olcha, nok)ning guli murakkab gulqo‘rg‘onli bo‘ladi.
Gulqo‘rg‘on bo‘laklari qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan gullar ham bor. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari qo‘shilgan gullarga qo‘ypechak, karnaygul, marmarak kabilarning guli misol bo‘ladi. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari qo‘shilmagan gullarga o‘sma, g‘o‘za, olma, nok, lola, boychechak va boshqa o‘simliklarning gullari kiradi.
Tabiatda yana shunday gulli o‘simliklar borki, ular gulining gulqo‘rg‘oni yo‘qolib ketgan yoki tangachaga aylangan. Bularga tol, terak, tut, yong‘oq kabilar kiradi. Gullarning tuzilishi formulasi orqali beriladi.
Gullarning tuzilishi bilan tanishishni osonlashtirish maqsadida gullarning diagrammasi va formulasidan foydalaniladi.
Gul tuzilishining sxema bilan ifodalanishiga gul diagrammasi deyiladi.
Formulada gul qismlarining nomi shu qism nomining boshlang‘ich harfi bilan, soni esa raqamlar bilan belgilanadi. Masalan, gulkosachabarglar – «Gk», gultojbarglar – «Gt», changchilar – «Ch», urug‘chilar – «U», oddiy gulqo‘rg‘on esa – «Og» harflari bilan ifodalanadi. Halqadagi qismlar qo‘shilgan bo‘lsa, ularning sonini ko‘rsatuvchi raqam qavs ichida beriladi, aksincha ular qo‘shilmagan bo‘lsa, qavssiz (ochiq) yoziladi. Halqadagi qismlarning soni ko‘p bo‘lsa, cheksizlik belgisi «∞» qo‘yiladi. Halqada uchrashi kerak bo‘lgan qism rivojlanmagan bo‘lsa – 0 (nol) bilan belgilanadi. Agar gul qismlarining har biri bir emas, balki ikki halqada joylashgan bo‘lsa, har qaysi halqadagi qism sonini ko‘rsatuvchi raqam yozilgandan keyin + (plus) ishorasi qo‘yiladi, so‘ngra keyingi halqadagi qismning soni yoziladi.
Misol uchun bir nechta o‘simlik gulining formulasi keltirildi.
1. Jag‘-jag‘ (achambiti) gulining formulasi – Gk 4Gt 4Ch 4+2U(2).
Izoh. Gulkosachabarg va gultojbarglari 4 tadan, bir-biri bilan qo‘shilmagan, changchilar 6 ta bo‘lib, ikki halqada (birinchisida 4 tasi, ikkinchisida 2 tasi) o‘rnashgan, urug‘chi 1 ta, lekin u ikkita urug‘chibargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan.
2, Olxo‘ri gulining formulasi – Gk 5Gt 5Ch∞U1
Do'stlaringiz bilan baham: |