Sabzavot ekinlarining kelib chiqish markazlari. Akademik N.I.Vavilov o’zining irsiy o’zgaruvchanlikda gomologik qatorlar qonuni asosida butun dunyo o’simliklar kollektsiyasini chuqur o’rganish natijasida 1935 yil madaniy o’simliklarning, shu jumladan sabzavot-poliz ekinlarining kelib chiqish va madaniy ekin sifatida shakllanishining markazlari to’g’risidagi ta’limotini yaratdi. Bu ta’limotga ko’ra sabzavot-poliz ekinlari 8 ta markazdan kelib chiqqan. Ular quyidagilar:
1. Xitoy markazi (g’arbiy, markaziy rayonlari). Pekin, Xitoy karamlari, turp, batun piyoz, rovoch shu markazdan kelib chiqqan.
2. Hindiston (Hindiston, SHarqiy Pokiston, Birma, Bangladesh) markazi. Bu markaz bodring, boyimjon, hind salatining vatanidir.
3. O’rta Osiyo (Afg’oniston, G’arbiy Pokiston, O’zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston). Bu markazdan qovun, bosh piyoz, sarimsoq, ismaloq, rediska, sholg’om, sariq sabzi, gorox kelib chiqqan.
4. Old Osiyo (Turkiya, Suriya, Eron, Iroq, Isroil, tog’li Turkmaniston, Zakavkazya). Qovun, qattiq po’stli qovoq, petrushka, porey piyoz, salat shu yerdan kelib chiqqan.
5. O’rta yer dengizi markazi. Bu lavlagi, karamni ko’p turlari, karotinli sabzi, petrushka, sholg’om, sparja, shivit, pasternak, shovul, gorox vatanidir.
6. Habashiston (Efiopiya). SHalot piyoz, bargli xantal, gorox, bamiya, dukkaklar shu markazdan kelib chiqqan.
7. Meksika va Markaziy Amerika markazi. Bu markazdan qalampir, makkajo’xori, fizalis, olchasimon pomidor, muskat qovoq kelib chiqqan.
8. Janubiy Amerika markazi (Peru, Ekvador, Boliviya). Bu yer tomat, yirik mevali qovoq, kartoshka vatanidir.
Madaniy o’simliklar kelib chiqishi hamda shakllanishining markazlarini birlamchi va ikkilamchilarga ajratish N.I.Vavilov tomonidan taklif etilgan. Birlamchi markazlar juda qadimiy bo’lib, ikkilamchi markazlar ancha keyinroq tashkil topgan. Ularning vujudga kelishi dehqonchilik bilan shug’ullanuvchi rayonlar o’rtasida savdo-sotiq va boshqa aloqalarning rivojlanishi bilan bog’liqdir.
Pomidorning vatani Janubiy Amerika hisoblanadi. U Yevropaga XVI asr o’rtalarida keltirilgan bo’lsada, lekin uzoq vaqtgacha manzarali va dorivor o’simlik sifatida o’stirilgan. XVIII asr oxirlarida pomidor oziq-ovqat ekini sifatida yetishtirila boshlandi. XIX asr o’rtalarida esa Rossiya va Yevropa janubiga keng tarqalib, o’tgan asrning oxirlaridan boshlab O’rta Osiyoda ham ekila boshlangan. O’zbekistonda sabzavot ekinlari ichida ommabop va keng ko’p tarqalgani pomidor bo’lib, maydoni va yalpi hosili bo’yicha birinchi o’rinda turadi. Sabzavot ekinlar umumiy maydonining 35-38% ini pomidor tashkil etadi.
Ildizmevali sabzavot ekinlar O’rta yer dengizi atroflaridan kelib chiqqan. N.I.Vavilov (1940) fikricha sabzi va turp kelib chiqish markazi ikkita: O’rta yer dengizi va janubiy – g’arbiy hamda sharqiy Osiyo hisoblanadi. Yapon olimi I.Nisiyama (1958) fikricha sabzi va turp Xitoy va Yaponiyaga Yevropadan qadimgi Ipak yo’li orqali kirib kelgan.
Ularning ko’pchiligi qadimdan, jumladan, turp 5 ming, sabzi 3 ming yil ilgari madaniy holda ekila boshlangan. Hozirgi vaqtda ildizmevali sabzavotlar hamma joyda, ayniqsa, mo’’tadil iqlim sharoitlari mamlakatlarida ko’p ekilmoqda.
Dunyo dehqonchiligida sabzi ekin maydoni bo’yicha Polьsha birinchi o’rinda turadi. U Frantsiyada 40 ming, AQSHda 30 ming, Yaponiyada 20 ming, Buyuk Britaniyada 12 ming, Kanada 5 ming gektarga ekiladi.
Bizda sabzi sabzavotlar umumiy maydonining 4-6 % iga, xo’raki lavlagi esa 2-3 % iga ekilmoqda. Turp, sholg’om kam, pasternik, petrushka hamda selderey esa undan ham kam maydonga ekiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |