Buyuk Britaniyada ta‘lim tizimi Buyuk Britaniyada 5 yoshdan 16 yoshgacha ta’lim olish majburiy hisoblanadi. Ammo, chet ellik oila farzandlari 7 yoshdan maktabga qabul qilinadi. Ta’lim bosqichlari: maktabgacha ta’lim (3-5 yosh); boshlang‘ich ta’lim (5-11 yosh); o‘rta ta’lim (11-16 yosh); oliy ta’lim. Ta’lim tizimi 2 tarmoqqa ajratilgan: davlat byudjeti hisobidan bepul ta’lim (state school), unda bolalarning 93% i o‘qiydi hamda xususiy, pullik ta’lim (private school)da bolalarning 7% i o‘qiydi.
7-11 yoshli bolalar boshlang‘ich maktab (junior school yoki preporatory school)da o‘qishadi. Maktabda matematika, ingliz tili, geografiya, tarix, musiqa va san’at o‘qitiladi. Asosiy o‘qitilayotgan fanlardan Common Entrance Examination (CEE) – umumiy kirish imtihonini test sinovlari ko‘rinishida va IQ topshiriladi.
11 yoshdan 16 yoshgacha davlat yoki xususiy maktablarda o‘qitish o‘quvchilarning GCSE (General Certificate of Secondary Education) – o‘rta ma’lumot haqidagi shahodatnoma yoki GNVQ (General National Vocational Qualification) — kasbiy malaka haqidagi milliy guvohnomani olishga qaratilgan. 14 yoshdan 16 yoshgacha o‘quvchilar, odatda, 7-9 ta fandan imtihon topshirishga va o‘rta ma’lumot haqidagi sertifikat GCSE ni olishga tayyorlanishadi.
Britaniya maktablarining asosiy vazifalaridan biri ijodiy, o‘ziga ishongan, mustaqil insonni tarbiyalashdir. O‘quvchilar ta’limning maxsus umumiy siklini o‘tib bo‘lgach, imtihon (Common Entrance Examination) topshirishadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish yuqori maktabga o‘tishning majburiy sharti sanaladi. Majburiy ta’limdan so‘ng 16 yoshli o‘smirlar ish boshlashlari yoki universitetga o‘qishga kirish uchun o‘qishni davom ettirishlari mumkin.
Maktabda biologik ta’limning maqsadi o‘quvchilar biologiya fanidan egallagan bilim, malakalarini maktab ta’limining oxirgi bosqichida namoyish eta olishidir. Barcha fanlardan o‘quv maqsadlari ortib boruvchi qiyinlik darajasi bilan ifodalanadi.
Buyuk Britaniya biologik ta’lim tizimida o‘qitish natijasining muhim jihatlaridan biri fanni o‘zlashtirganlik darajasi sanaladi. Bu o‘quvchilarning fanni nafaqat o‘qish jarayonida, balki biologiya kursini tugatganlaridan so‘ng ham ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishda tadqiqot metodlarini to‘g‘ri tanlash muhimligini anglaydilar. O‘quvchilar maktab davrida o‘z o‘quv tadqiqotlarining kuzatish natijalari yuzasidan hisobot tayyorlaydilar. Maktab biologiya kursidan o‘rin olgan biologik hodisalarning dalillariga tanqidiy fikr bildiradilar. Mazkur dalillarga qo‘shimcha dalillarni mustaqil topish imkonini beradigan usullarni tushuntirishga harakat qiladilar. Shuningdek, Buyuk Britaniyada biologiya kursini o‘qitishda interfaol o‘qitish shakllari va metodlardan foydalaniladi. Zoologiya va botanikadan laboratoriya ishlarini o‘tkazishda kompyuter texnologiyalari qo‘llaniladi, chunki tajribalar o‘tkazishda tirik preparatlardan foydalanish qonun tomonidan ta’qiqlangan.
Angliyada tabiiy fanlarning biologiyaga oid qismida mavzular quyidagi ketma–ketlikda yoritilgan: 1. Hayot nima? 2. Klassifikatsiya; 3. Hujayra; 4. Hujayra, to‘qima, organ; 5. Oziqlanish; 6. Odamning ovqat hazm qilish sistemasi; 7. Tishlar; 8. Nafas olish; 9. O‘pka va nafas olish harakatlari; 10. Qon; 11. Yurak; 12. Ayirish; 13. Infeksiyalar bilan kurashish;
Buyuk Britaniyada: 1.Tirik mavjudotlarning xususiyatlari; 2.O‘simliklarning tuzilishi; 3. Skelet, bo‘g‘inlar va muskullar; 4. Odam organi va organlar sistemasi; 5. hujayralar hayotning asosi sifatida; 6. O‘simlik va hayvon hujayralarini taqqoslash; 7. Ixtisoslashgan hujayralar; 8. Mikroorganizmlar; 9. Lui Paster; 10. Yuqumli kasalliklar; 11. Foydali mikroorganizmlar; 12. Organizmlarning moslashishi; 13. Oziq zanjiri; 14. Turlar xilma-xilligi; 15. Sistematika; 16. O‘zgaruvchanlik turlari.