Kambagʻallar maktabda har doim yomon oʻqiydi, muhtojlik - bu qismatmi?
2012-yilda PISA masalalarini yechishda Shanxayning eng kam taʼminlangan oilalarida ulgʻaygan 15 yoshli oʻquvchilarning 10 foizi matematikadan AQSH va boshqa koʻpchilik mamlakatlarning eng yaxshi taʼminlangan oilalarida ulgʻaygan 15 yoshli oʻquvchilarning 10 foizidan koʻra yaxshiroq natijalarni koʻrsatdilar. Shunday qilib, PISA – 2015 tadqiqotida Estoniya va Vyetnamning eng nochor oilalari farzandlarining 10 foizi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning oʻrtacha oʻquvchilari koʻrsatgan natijalarni namoyish etdilar. 2006-yildan 2015-yilgacha boʻlgan davrda Qoʻshma Shtatlarda ijtimoiy kelib chiqish va oʻquvchilarning oʻzlashtirishi oʻrtasidagi bogʻliqlik PISA da ishtirok etayotgan boshqa har qanday mamlakatdagiga nisbatan koʻproq susaydi. 2006-yilda 15 yoshli eng qashshoq amerikaliklarning har beshinchisi tabiiy fanlardan eng yaxshi natijalarga erisha oldi. 2015-yilda buni har uchinchi oʻquvchi uddaladi. Shunday qilib, ijtimoiy harakatchanlik haqidagi amerikacha orzuni hayotga tadbiq etishga qodir oʻquvchilar ulushi 10 yil ichida 12 foizga oʻsdi.
Investitsiyalarni oshirgandagina taʼlimda yutuqlarga erishish mumkin
Oʻz fuqarolarining samarali hayot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun mamlakatlar taʼlimga mablagʻ sarflashlari zarur. Ammo taʼlimga bevosita investitsiya kiritishni oshirish taʼlimning avtomatik ravishda yaxshilanishiga olib kelmaydi.
Bugungi kunda 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bitta oʻquvchiga 50 000 AQSH dollaridan kamroq pul sarflayotgan mamlakatlar uchun PISA bir oʻquvchiga sarflangan xarajatlar va taʼlim natijalari darajasi oʻrtasidagi mustahkam oʻzaro aloqani koʻrsatadi. Ammo ushbu xarajatlar darajasidan oshib oʻtgan mamlakatlarda, shuningdek koʻpchilik Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda, bir oʻquvchiga sarflangan xarajatlar bilan oʻquvchilarning oʻrtacha oʻzlashtirishi oʻrtasida oʻzaro aloqa yoʻq.
6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bir oʻquvchiga 47 000 AQSH dollari sarflayotgan Vengriyada 15 yoshli oʻquvchilarning natijalari bir nafar oʻquvchiga 187 000 AQSH dollaridan ortiq mablagʻ sarflayotgan Lyuksemburgda oʻquvchilarning natijalari qanday boʻlsa, xuddi oʻshanday darajada turibdi. Boshqacha aytganda, muvaffaqiyat sarflangan mablagʻ miqdori bilan emas, bu mablagʻ qanday sarflangani bilan oʻlchanadi.
Taʼlim vaqti qancha koʻp boʻlsa, natijalar ham shuncha yuqori boʻladi
Maktab tizimlari oʻquvchilar oʻqishga sarflaydigan vaqt miqdori boʻyicha bir biridan tubdan farq qiladi. Har bir davlatda, odatda, fanni oʻzlashtirishga sarflanadigan aksariyat vaqt fanga oid eng yaxshi natijalarga bogʻliq. PISA tadqiqotida dars soatlari koʻp boʻlgan mamlakatlar oʻquvchilarining natijalari dars soatlari kam boʻlgan oʻquvchilarning natijalaridan yomonroq. Qanaqasiga bunday boʻlishi mumkin? Buning sababi oddiy. Taʼlim natijalari doim taʼlim imkoniyatlarining soni va sifatining oqibati boʻladi. Agar dars sifatining barqarorligi saqlansa, oʻquv soatini qoʻshish yaxshi natija beradi. Ammo mamlakatlar taʼlim sifatini oshirganida, ular, odatda, oʻqishga ajratilgan vaqtni koʻpaytirmasdan yaxshi natijalarga erishadilar.
Masalan, Yaponiya va Janubiy Koreyada tabiiy fanlardan oʻquvchilarning ballar miqdori bir xil boʻladi, ammo Yaponiyada oʻquvchilar hamma fanlar boʻyicha oʻqishga haftasiga 41 soat vaqt sarflaydilar (28 soat maktabda va 14 soat maktabdan tashqari), Janubiy Koreyada esa oʻquvchilar haftasiga 50 soat (30 soat maktabda va 20 soat maktabdan tashqari) sarflaydilar. Tunis va Pekin, Shanxay, Szyansu va Guandunda – Xitoyning 2015-yildan boshlab PISA tadqiqotida qatnashgan toʻrt munitsipalitetida – oʻquvchilar haftada 30 soatni maktabdagi va 27 soatni maktabdan keyingi mashgʻulotlarga sarflaydilar. Ammo oʻrta hisobda Xitoy shaharlari va viloyatlarida tabiiy fanlar boʻyicha natijalar 531 ballni, Tunisda esa u 367 ballni tashkil etadi. Koʻp ota-onalar ularning bolalari mustahkam akademik bilim va koʻnikmalarni egallashi mumkin boʻlgan, ularning ijtimoiy va emotsional kompetensiyalarini rivojlantiradigan teatr toʻgaragiga qatnashish, musiqa yoki sport bilan shugʻullanish kabi sinfdan tashqari tadbirlarga yetarlicha vaqtlari boʻladigan maktablarda oʻqishini xohlagan boʻlardi. Bu har doim muvozanat masalasi boʻlgan. Germaniya, Finlyandiya, Shveysariya, Yaponiya, Estoniya, Shvetsiya, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Chexiya va Makao (Xitoy) – bu mamlakatlar oʻqish vaqtining davomiyligi va oʻzlashtirish oʻrtasidagi toʻgʻri muvozanatni topishning uddasidan chiqishdi. Maktab taʼlimini keng miqyosda oʻzgartirish uchun bizga mumkin boʻlgan narsani mutlaqo boshqacha, muqobil tarzda his etishgina emas, balki dono strategiyalar, samarador institutlar zarur boʻladi. Chunki jamiyatdagi oʻzgarishlar tezligi bizning hozirgi taʼlim tizimimizga xos boʻlgan oʻzgarishlarga javob bera olish xususiyatining strukturaviy imkoniyatlaridan sezilarli darajada oʻtib ketdi.
PISA dasturiga oʻxshash xalqaro tadqiqotlar mamlakatlarning boshqa maktab tizimlari bilan qiyoslagandagi natijalarini aks ettiradigan oʻziga xos oynadir. Ular yana taʼlim natijalarini yaxshilashga xalaqit berishi mumkin boʻlgan koʻplab omillarni ilmiy asosda aniqlash va bartaraf etishga imkon yaratib, taʼlim tizimini muvaffaqiyatli isloh qilishga xizmat qiladi. Bizning nazarimizda, taʼlim – bu oʻqishga boʻlgan ishtiyoqni ragʻbatlantirish, tasavvurni kuchaytirish va kelajakni qura oladigan insonlarda mustaqil qaror qabul qila olish qobiliyatini rivojlantirishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |