3-asosiy savol: Sovet hukumatining muzeylar sohasidagi chora tadbirlari.
XX asrning boshiga kelib, ya’ni 1917 yil oktyabrida Rossiyada Lenin boshliq bolsheviklar davlat to’ntarishi yo’li bilan hokimiyat tepasiga kelishdi. Oradan ko’p vaqt o’tmasdan bu xol Rossiyaning mustamlakasi bo’lgan Turkistonda ham ro’y berdi. Ya’ni Toshkentda ham kelgindi bolsheviklar hokimiyatni o’z qo’llariga oldilar. Bolsheviklar hukumati quyidagilarni nazarda tutuvchi tadbirlar ishlab chiqishdi:
- hozirda amal qilib turgan muzeylarni ro’yxatga olish va tarqalib ketgan muzey kollektsiyalarini yig’ish.
- ancha mashhur bo’lgan xususiy jamg’armalarni, yaxshi xovli joylarni, machitlarni xususiy egalaridan tortib olib, ularni muzeyga aylantirish.
- ozmi, ko’pmi mashhur bo’lgan barcha xususiy kollektsiyalarni ro’yxatga olish, qadimiy qo’rg’onchalarni nazoratdan o’tkazish, tarixiy axamiyatga ega bo’lgan masjidlarni ajratish, ularga har qanday o’zgartirish kiritishni ta’qiqlash.
- joylarda o’g’rilik maqsadlarida olib boriladigan arxeologik qazishmalarga qarshi kurashish.
- muzeylarni ommaviy ma’rifiy maskanlarga aylantirish, ularni xar xil muzeyga daxli bo’lmagan ortiqcha materiallardan tozalash, ularning har birining roli, ishining mazmunini aniq belgilash.
Sovet hokimiyati tashkil topgandan keyin muzeylarga rahbarlik qilish vazifasi maorif XKS ga, ya’ni uning qoshida tashkil qilingan “Muzey ishlar va qadimgi yodgorliklar hamda san’atni asrash bo’yicha Butunrossiya kollegiyasi” ning zimmasiga yuklatildi. 1921 yilning 31 iyulida Turkistonning yangi hukumati Turkiston xalqlari madaniyatiga tegishli har qanday asl, qadimgi va qimmatbaho ashyolarni chetga olib chiqib ketishni taqiqlovchi qonun chiqardi. Turkomsataris - Turkestanskaya komissiya po oxrane pamyatnikov starino’ i iskusstva - qadimiy san’at yodgorliklarini, tabiatni qo’riqlash bo’yicha Turkiston komissiyasining nizomi 1921 yil 22 mayda tasdiqlandi.1928 yil 7 aprelda Sredazkomstaris tugatilib, uning muassasalari – O’rta Osiyo bosh muzeyi, Markaziy badiiy muzey, hayvonot bog’i va inqilobiy muzey O’z SSR Maorif xal Komissarligi Bosh fan bo’limi ixtiyoriga o’tkazildi. O’zbekiston Maorif XKS ning 1928 yil 28 martdagi buyrug’iga binoan Samarqandda muzey ishlari o’tmish san’at va tabiat yodgorliklarini muhofaza qilish O’zbekiston qo’mitasi – O’zkomstaris tashkil etildi. Shu davrdan boshlab O’zbekistonda muzey ishlarida jonlanish boshlandi.Shunday bo’lsada xali bu sohada amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlar bisyorligicha qolaverdi.
Shuni ta’kidlab o’tish joizki, muzeylarga Turkkomstaris, Sredazkomstarislar rahbarlik qilgan 20-yillarda O’zbekiston muzeylari yirik arxeolog olimlar, manbashunos, etnograf, antropolog, tabiatshunos kabi yirik va malakali olim kadrlarga ega edi. 30-yillarga kelib, fanning taraqqiyoti, respublika oliy o’quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalarining o’sishi ko’pgina mutaxassislarni o’ziga jalb qildi. Natijada muzeylarday ixtisosiga ega bo’lmagan, hatto hali oliy ma’lumoti ham yo’q yosh kadrlar qoldi.
Ikkinchi jahon urushi O’zbekiston muzeylarini ham chetlab o’tmadi. Ko’plab muzey xodimlari dushman bilan kurashish maqsadida urushga jo’nab ketdi. Front ortida qolgan muzey xodimlari Vatan oldidagi burchlarini sharaf bilan ado etdilar. Ular qisqa fursat ichida san’at va tarix bo’limlari zallarida bir qator ekskursiyalar turkumini yaratib, qator ko’rgazmalar tashkil qildilar.Front va uning orqasidagi xalqning qahramonliklarini, ularning jasoratlarini ko’rsatish bo’yicha mehnatkashlar orasida katta ommaviy siyosiy ish olib bordilar. Shu bilan birga o’tgan yillar davomida to’plangan barcha muzey boyliklari saqlab qolindi. Muzey ishini qayta tashkil qilish bo’yicha O’zbekiston hukumati bir qator qarorlar qabul qildi va ishlarni amalga oshirdi.
Mutaxassislarni oliy o’quv yurtlari orqali tayyorlash yo’lga qo’yila boshlandi. Jumladan O’zbekiston muzeylari mutaxassis kadrlar bilan Andijon, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg’ona pedagogika institutlarining tarix fakultetlarini bitirib chiqqanlar hisobiga to’ldirila bordi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, muzey ishi qanchalik ilmiy asosda rivojlantirilmasin, baribir sovet davlati mafkurasini targ’ib qiluvchi markazga aylandi va ular siyosatlashtirildi. XX asrning 60-70 yillaridagi muzeyshunoslik O’zbekistonda muzey tarmoqlarini keng ko’lamda kengaytirish ishlarini avj olgani, moddiy-texnika bazasining tubdan yaxshilanganligi bilan xarakterlanadi. O’zbekiston muzeylari qaytadan chiroyli va maxsus binolarga ega bo’la boshladi. 1973 yilda O’zbekistonda turli yo’nalishdagi 30 ta muzey, shu jumladan, 4 tarixiy, 4 memorial va 15 o’lkashunoslik muzeyi bo’lgan. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 10 ta, Samarqand va Farg’onada 5 tadan, Andijonda 4 ta muzey ish olib borgan. 1980 yilga kelib esa respublikada muzeylar soni 33 taga etdi, tomoshabinlar soni 3,7 mln kishiga ko’paydi. Shunday bo’lsada dunyo miqyosidagi muzeylar safidan o’rin olish uchun hali ko’p ishlarni amalga oshirish lozim edi, ammo bu yo’lda sovet mafkurasidek to’siq bor ediki, faqat xalqimizning mustaqillikka erishishigina bu to’siqni engib o’tishi, xalqimizning chinakkam tarixini yoritishga keng yo’l ochishi mumkin edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |