6-Mavzu: Mol-mulk solig’i .
Reja:
1.Jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk solig’i to’lovchilari va soliq solish ob’ekti.
2.Jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk solig’ining soliq bazasi va stavkasi hamda soliqni hisoblash tartibi.
3.Yuridik shaxslardan undiriladigan mol-mulk solig’i to’lovchilari va soliq solish ob’ekti.
4.Yuridik shaxslardan undiriladigan mol-mulk solig’ining soliq bazasi va stavkasi hamda soliqni hisoblash tartibi.
6.1.Jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk solig’i to’lovchilari va soliq solish ob’ekti.
O’zbekistonda korxonalar faoliyatini soliqqa tortish yo’lidagi muhim qadamlardan biri korxonalarning mol-mulkiga solinadigan soliqning joriy qilinishi bo’ldi. Mol-mulk solig’i dastlab, O’zbekiston Respublikasining 1991 yil
15 fevralda qabul qilingan “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar to’g’risida” gi Qonuniga asosan joriy etildi va shu bilan birga korxonalarning ishlab chiqarish fondlariga to’lov hamda transport vositalariga solinadigan soliq bekor qilindi. Hozirgi vaqtda ushbu soliqning huquqiy asosi bo’lib, O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, “Davlat soliq xizmati to’g’risida” gi qonuni, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari hamda boshqa soliq qonunchiligi bilan bog’liq bo’lgan me’yoriy xujjatlar hisoblanadi. O’zbekiston soliq tizimida yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig’i to’g’ri soliqlar tarkibiga kiradi va mohiyatiga ko’ra bu soliq asosiy fondlar shaklidagi resurslarga nisbatan belgilangan soliq hisoblanadi. Mazkur soliq bo’yicha tushumlar summasi to’liq mahalliy byudjetlarga tushadi va u byudjetning barqaror daromad manbalaridan biri hisoblanadi.
Mamlakat soliq tizimida mol-mulk solig’ini joriy qilishdan ko’zlangan maqsad birinchidan, korxonalar o’zlarining xo’jalik faoliyatini yuritishda ortiqcha va foydalanilmayotgan mol-mulkini sotishga qiziqishini uyg’otish bo’lsa, ikkinchidan, korxonalar balansidagi mol-mulkdan samarali foydalanishni rag’batlantirishdan iborat. Chunki, korxonalarning ma’naviy va jismoniy tomondan eskirgan asosiy vositalarini yangi, ilg’or texnologiya-uskunalar bilan yangilashi ishlab chiqarilayotgan tovarlarning bahosini arzonlashtiradi va raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishga imkon beradi. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning balansidagi barcha mulklardan soliq to’lashga majbur qilish uni ortiqcha bino, inshootlar, mashina va uskunalardan qutilishiga undaydi. Bu esa, o’z navbatida, ishlab chiqarish vositalari bozorini shakllantirishga, mahsulot tannarxini pasaytirishga hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, mol-mulk solig’i daromad va mulk taqsimotidagi nomutanosiblikni bartaraf etishning muhim vositasi hisoblanadi.
Mulkida uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari, tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo’ljallangan yashash uchun mo’ljallanmagan ko’chmas mulk ob’ektlari va qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo’ljallanmagan ob’ektlar soliq solish ob’ekti deb tan olinadigan mol-mulki bo’lgan jismoniy shaxslar, shu jumladan chet el fuqarolari, agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan holdagi yoki etmagan holdagi dehqon xo’jaliklari jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig’ining soliq to’lovchilari (bundan buyon ushbu bobda soliq to’lovchilar deb yuritiladi) deb e’tirof etiladi.
Agar mol-mulk mulkdorining joylashgan yerini aniqlash imkoni bo’lmasa, shuningdek ko’chmas mulk mulkdori vafot etgan taqdirda, bu mulk qaysi shaxsning egaligida va (yoki) foydalanishida bo’lsa, o’sha shaxs soliq to’lovchi deb e’tirof etiladi.
O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan quyidagi mol-mulk jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig’ining (bundan buyon ushbu bobda soliq deb yuritiladi) soliq solish ob’ekti hisoblanadi.
1) uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari;
2) tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo’ljallangan yashash uchun mo’ljallanmagan ko’chmas mulk ob’ektlari;
3) qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo’ljallanmagan ob’ektlar.
Qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo’ljallanmagan ob’ektlarga ushbu ob’ektni qurishga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan ob’ektlar, agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo’lsa, ushbu ob’ektning qurilishiga vakolatli bo’lgan organning ruxsatnomasi olingan oydan e’tiboran yigirma to’rt oy ichida qurilishi tugallanmagan ob’ektlar kiradi;
4)boshqa imoratlar, binolar va inshootlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |