«unumli»
va
«unumsiz»
mehnat to'g'risidagi ta'limoti
«sof
mahsulot»
to'g'risidagi ta'limot bilan chambarchas bog'liq bo'lib, uning mantiqiy
davomi deb hisoblanadi. Merkantilistlardan farqli ravishda ular «sof mahsulot»
yaratuvchi mehnat unumli bo'ladi, ya'ni qo'shimcha qiymatni yaratadi, degan
edilar. Bu unumli mehnatning tabiati to'g'risidagi masalaga prinsipial to'g'ri
yondashish yo'li edi. Ammo renta qo'shimcha qiymatning yakkayu-yagona aniq
shakli sifatida tan olinganligi sababli dehqon mehnati birdan-bir unumli mehnat
deb hisoblanadi, ishlab chiqarishning boshqa sohalaridagi (sanoatda ham) mehnat
«unumsiz», ya'ni samarasiz deyiladi. Bundan dehqonchilik mehnatini boshqa
mehnat turlariga qarshi qo'yish asossizdir, chunki yollanma mehnat ishlab
chiqarishning qaysi sohasida qo'llanmasin, qo'shimcha qiymat yaratadi, demak bu
ham mehnat, bu soha ham unumli mehnatdir.
F.Kene
«sof mahsulot»
to'g'risidagi o'z qarashlari asosida jamiyatni uch
sinfga bo'ladi: unumli sinf (fermerlar), er egalari sinfi va unumsiz sinf (bu sinfni u
sanoatchilar sinfi deb ham ataydi). Unumli sinfga dehqonchilikdagi barcha
xodimlar, qishloq xo'jalik ishchilari ham, fermerlar ham, ya'ni uningcha «sof
mahsulot» yaratuvchilarning hammasi kiradi. Yer egalari «sof mahsulot»
yaratmaganligiga qaramasdan, shu bilan birga bu mahsulotning iste'molchilari
hisoblanadi, chunki ular uni ijara to'lovi sifatida oladilar. Samarasiz, «unumsiz»
sinf vakillari esa dehqonchilikdan boshqa tarmoqlarda ishlaydi (sanoat, savdo,
xizmat sohasi). Ular
«sof mahsulot»
yaratmaydilar.
Jamiyatning sinfiy tuzilishi to'g'risidagi bu ta'limotning asosiy kamchiligi
shuki, F.Kene yangi jamiyatning asosiy sinflarini ko'ra bilmaydi, to'g'rirog'i bunga
tarixiy sharoit halaqit beradi. Bu tizimda yollanma ishchilar bilan kapitalistlar
birlashtirilgan. Fransiyada o'sha davrda kam bo'lsa ham, proletariat sinfi mavjud
edi, lekin kapitalistik munosabatlar rivojlanmaganidan burjua jamiyatining boshqa
sinflarga qarshi tura oladigan mustaqil sinfiga ajralmagan edi. Sinflar to'g'risidagi
ta'limotning bu kamchiliklaridan qat'i nazar, jamiyatni sinflarga bo'lishning
iqtisodiy belgilarini aniqlash va iqtisodiy asoslarini ko'rsatishga urinish ijobiy
voqea hisoblanadi.
Fiziokratlarning muhim xizmatlaridan biri shuki, ular birinchilardan bo'lib,
kapital tushunchasini tahlil qilishgan. Asarlarida bevosita «kapital» so'zi
qo'llanilmagan, ammo erlarning zaxini qochirish, ya'ni er sifatini yaxshilash,
qurilish, ot, plug, borona uchun ma'lum tipdagi dastlabki avans (bo'nak) hamda
urug'lik va ishchi-batraklarga beriladigan avans boshqacha ekanligi aniq
belgilanadi. Chunki birinchisiga qilingan harajat bir necha yilda bir marta bo'lib,
o'z-o'zini asta-sekin qoplaydi (asosiy kapital), ikkinchisi esa yiliga yoki doim
bo'lib, har bir hosil tufayli qoplangan. Shu sababli F.Kene ularni dastlabki avans
(hozirgi zamon nuqtai nazaridan asosiy kapital) va yillik avans (aylanma kapital)
deb atadi. Bu g'oya A.Smit tomonidan rivojlantirildi. Bu o'sha davr uchun buyuk
kashfiyot edi. Shunisi muhimki, aylanma kapital bilan birga asosiy kapital ham
doim harakatda deb qaraladi. Dehqonchilikda qo'llaniladigan kapitalning moddiy
elementlariga qishloq xo'jaligi qurollari va inventar, mol, urug'lik, odamlarning
tirikchilik vositalari va boshqalar kiritilgan. F.Kene merkantilistlardan farqli
ravishda (ular kapitalni pul bilan aynan bir deb hisoblaganlar), pullarning o'zi
emas, balki pulga olinadigan ishlab chiqarish vositalari kapital hisoblanadi, deydi.
Ammo kapitalning bu moddiy elementlari umumiy mehnat jarayonining oddiy
elementlari sifatida, kapitalistik ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan ijtimoiy
shaklidan ajralgan holda qaraladi, oqibatda kapital abadiy, ya'ni tarixiy bo'lmagan
kategoriya deb ko'rsatiladi.
Ishlab chiqarish chiqimlari (harajatlari)ni tadqiq qilish orqali kapitalning tashkil
etuvchi qismlarini ajratish imkoni paydo bo'ldi, bunda kapitalning (oborot)
aylanish xarakteri hisobga olindi. Kapitalning bir qismi boshlang'ich avans
(bo'nak) hisoblanib, unga qishloq xo'jalik inventari, qurilish, mol va boshqalarga
ketgan sarflar kiradi, shulardan 10 foizi yillik amortizasiya hisoblangan, yillik
avans deb atalgan kapitalning boshqa qismiga urug'lik olish, asosiy qishloq xo'jalik
ishlari, ishchi kuchi uchun harajatlar kiradi.
Boshlang'ich avans bilan bog'liq kapital sarfi ishlab chiqarish sikli bir qancha
(qator yillar) ichida to'la aylansa, yillik avansga sarflangan kapital esa bir ishlab
chiqarish sikli (bir yil) davomida to'la aylanadi. Bu erda amalda doimiy va
aylanma kapital to'g'risidagi g'oya berilgan, ammo bu tushunchalar boshqa
so'zlarda ifoda etilgan, xolos. Shunisi diqqatga sazovorki, F.Kene kapitalni asosiy
va aylanma kapitalga bo'lganda faqat ishlab chiqarish kapitali bilan bog'lagan
holda bergan, uni muomala kapitali (savdo kapitali) bilan qo'shib yubormagan. Shu
sababli u pul va tovarni ishlab chiqarish kapitalining biror tarkibiy qismiga
kiritmasdan, to'g'ri fikr yuritgan. Shunday qilib, fiziokratlar asosiy va aylanma
kapitalga oid muammoni nazariy jihatdan echishga asos soldilar.
F.Kene iqtisodiyot tarixida takror ishlab chiqarish jarayonini va yalpi
ijtimoiy mahsulot muomalasini butunicha ko'rsatish uchun birinchilardan bo'lib
urinib ko'rdi. U o'sha davr jamiyati fuqarolarini uch sinfga bo'ladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |