§ 2. Davlat inspeksiyasi markaziy apparati bo‘linmalarining hududiy inspeksiyalar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi
31. Davlat inspeksiyasi markaziy apparati bo‘linmalarining rahbarlari markaziy apparat bo‘linmalarining hududiy inspeksiyalar bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi.
32. Davlat inspeksiyasi markaziy apparatining bo‘linmalari hududiy inspeksiyalar bilan o‘zaro hamkorlik qilish doirasida:
1) topshiriqlarni hududiy inspeksiyalarga yetkazadi, ularning bajarilishini nazorat qiladi;
2) hududiy inspeksiyalar faoliyatini o‘rganadi va umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
3) hududiy inspeksiyalar faoliyatini tashkil etish va uning natijalari to‘g‘risidagi hisobot, axborot materiallari hamda statistika va boshqa ma’lumotlarni o‘rganishni tashkil qiladi;
4) hududiy inspeksiyalarning ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirish choralarini ko‘radi;
5) hududiy inspeksiyalardan kelgan takliflarni ko‘rib chiqadi;
6) hududiy inspeksiyalarning normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlashdagi ishtirokini tashkil qiladi, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ulardan kelgan takliflarni ko‘rib chiqadi;
7) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan litsenziyalash haqidagi qonun hujjatlari, litsenziya bitimlari bajarilishi, radiochastota spektridan foydalanish, pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar, ma’lumotlar uzatish, teleradioeshittirish tarmoqlarida, axborot tizimlarida xavfsizlik bo‘yicha texnik va texnologik talablar bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
8) hududiy inspeksiyalar xodimlarini aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, axborot xavfsizligi va axborotni himoya qilish, mualliflik huquqini himoya qilish sohasidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli oliy ta’lim muassasalarida, shuningdek, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi.
33. Hududiy inspeksiyalar Davlat inspeksiyasi markaziy apparatining bo‘linmalari bilan hamkorlik qiladi, shu jumladan:
1) Davlat inspeksiyasi rahbariyatining topshiriqlari bajarilishi to‘g‘risida axborot beradi;
2) markaziy apparatga aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasidagi qonunchilik, normativ hujjatlar va davlat standartlarini bajarish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risida axborot taqdim etadi;
3) hududiy inspeksiyalar faoliyatini o‘rganish va tekshirishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar hamda qonunbuzarliklarni bartaraf etish natijalari to‘g‘risida axborot beradi;
4) Davlat inspeksiyasining markaziy apparatiga belgilangan tartibda va muddatlarda o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobotlar taqdim etadi;
5) Davlat inspeksiyasining markaziy apparatiga aloqa sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar yuboradi;
6) o‘z faoliyatining vakolatli organlar tomonidan tekshirilishi natijalari haqida xabardor qiladi.
34. Markaziy apparat bo‘linmalari va hududiy inspeksiyalarning o‘zaro hamkorligi jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining topshirig‘iga binoan uning tegishli o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kelishmovchiliklar ko‘rib chiqilgandan so‘ng ham hal etilmagan taqdirda, ular yuzasidan qaror bevosita Davlat inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan qabul qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |