Tayanch tushunchalar: Dramatik sujet, makon va zamonning cheklangani, shartlilik, tragediya, tragik konflikt, komediya, drama.
Dramaning tasvir predmeti - harakat, u obyektning plastik obrazini yaratadi, dramada subyekt - ijodkor shaxsi ham obyektga singdirib yuboriladi. Agar bular dramaning turga xos belgilovchi xususiyati bo‘lsa, dramatik asarning qurilishi, poyetik o‘ziga xosligini belgilovchi eng muhim xususiyat uning sahna uchun yaratilishidir. Ya'ni, sahnaga mo‘ljallab yozilgan asar ijroni ham ko‘zda tutishi zarur bo‘ladi. Shunga ko‘ra, dramadagi harakat - sujet voqyealari makon va zamonda cheklangan bo‘ladi. Ijro vaqtiga sig`ish uchun asarning keskin konflikt asosida shiddat bilan rivojlanuvchi sujetga qurilishi taqozo qilinadi. Ravshanki, bu xil sujetning rivojlanish vaqti ham chegaralangan, shu bois ham sujet voqyealari sabab-natija munosabatlari asosida kontsentratsiyalanadi. Voqyealar orasidagi sabab-natija munosabati esa ularning makoniy va zamoniy jihatlardan-da yaqin bo‘lishini taqozo qiladi. Dramaturg asarni yaratish jarayonidayoq uning sujet voqyealari ijro vaqtiga sig`ishi masalasida qayg`urishi darkordir. Shunga ko‘ra, dramatik asarda sujet voqyealarining keskin konfliktlar asosida shiddat bilan rivojlanishi zaruratga aylanadi. Bundan tashqari, dramatik asardagi sujet voqyealari yuz beradigan makon ham cheklangan, ya'ni, voqyealar sahnada shartli qayta yaratish mumkin bo‘lgan (ya'ni, sahna ustalari, rassom tomonidan o‘sha joy illyuziyasini hosil qila oladigan dekoratsiyalarni ishlashi mumkin bo‘lgan) makonda kechadi. Boz ustiga, harakat makoniy o‘zgarishlar jihatidan ham cheklangan, ya'ni, dramatik asar voqyealari ko‘pi bilan to‘rt-besh joydagina kechishi mumkin.
Dramaturg asarda jonlantirmoqchi bo‘lgan hayot materialining barcha unsurlarini ham sahnada qayta yaratish imkoniyati mavjud emas. Shunga ko‘ra, dramatik asar avvalboshdanoq "shartlilik" kasb etadi. Ya'ni, muallif mavjud ijro imkoniyatlaridan foydalanib, ayrim ishoralar orqali tomoshabin (o‘quvchi) tasavvurida ko‘p narsalarni uyg`otishi, bevosita sahnada jonlantirilishi mumkin bo‘lgan voqyealarni to‘ldirishi zarur bo‘ladi. Masalan, avtor remarkalarida "sahna ortida otlar dupuri, qilichlar jarangi", "sahna ortidan keskin to‘xtagan mashina ovozi eshitiladi" qabilidagi ishoralar beriladi, ularning yordamida sahnada jonlanmagan narsani shartli (ya'ni, o‘quvchi tasavvuridagina) jonlantirish mumkin bo‘ladi. Shunga o‘xshash, sujetga kiritishning imkoni bo‘lmagan voqyea haqida personajlar tilidan muxtasar hikoya qilinishi ham shartlilikning tag`in bir ko‘rinishidir. O‘z navbatida bu shartlilik personaj nutqiga ham ta'sir qiladi: deylik, personajlarning har ikkisi ham o‘sha voqyeadan xabardor, shunga qaramay, ularning "suhbati" o‘quvchi(tomoshabin)da tasavvur hosil qilish uchun zarur va shu zaruriyat suhbatni tabiiylikdan chiqishiga, shartlilik kasb etishiga olib keladi. Umuman, tafsilotlarni ko‘proq shu yo`sin (personajlar tilidan) berish majburiyati dramatik asar personajlari nutqining biroz "sun'iy" bo‘lishiga olib keladi. Asosiy nutq shakli bo‘lmish dialogik nutq bilan bir qatorda, dramatik asarda monologik nutq ham qo‘llanadi. Monologik nutq shaklida ko‘pincha personajlarning mushohadalari beriladiki, haqiqatda kishining ongida kechuvchi bu jarayonning sirtga chiqarilishi - ovoz chiqarib o‘ylash ham shartlilikning bir ko‘rinishidir. Ayni paytda, dramadagi monologik nutq qurilishida muayyan o‘ziga xosliklar mavjud. Zero, bu nutq ko‘proq presonajning o‘zi bilan o‘zi yoki xayolidagi kim bilandir suhbati, bahsi, kimgadir murojaati tarzida quriladi. Ya'ni, bitta personaj tilidan aytilgani holda ham dramadagi monologik nutq qisman dialogik asosga egadir.
Tragediya (gr.- "yechki qo‘shig`i") qadimdayoq shakllangan dramatik janr bo‘lib, genetik jihatdan u ma'bud Dionisning o‘limi va qayta tirilishi munosabati bilan ijro etilgan marosim qo‘shiqlari asosida yuzaga kelgan. Tragediyaning janr xususiyatlari tragik konflikt, tragik holat va tragik qahramon tushunchalari bilan belgilanadi. Tragik konflikt deganda mohiyatan yechimi yo`q, mavjud sharoitda hal qilib bo‘lmaydigan ziddiyat tushuniladiki, u har vaqt qahramon ongida kechadi. Qadimgi tragediyalarda konflikt shaxs va taqdiri azal o‘rtasida (mas., "Shoh Edip") kechgan bo‘lsa, keyinroq bu konflikt tomonlarining ikkinchisi o‘zgardi: taqdiri azal o‘rnini endi shaxsdan yuqori turuvchi oliy ma'naviy kuchlar (bunda yozilmagan, biroq inson hayotini muayyan tartibga soluvchi ma'naviy qonun-qoidalar, masalan, burch hissi kabilar nazarda tutiladi) egallaydi. Tragik konflikt asosida yuzaga keluvchi tragik holatning mohiyati shundaki, qahramon tashqi kuchlar bilan emas, o‘zi bilan o‘zi olishadi, mana shu olishuv oqibati o‘laroq chuqur ma'naviy iztirob, ruhiy qiynoqlarga duchor bo‘ladi. O‘zining foje holatida ham maqsad sari intilishlik, ruhiy iztiroblaru qiynoqlarga qobillik tragik qahramonga xos xususiyatdir. Tragik qahramon qarshisida erkin tanlov imkoniyati mavjud - u maqsaddan voz kechishi, oson yo`lni tanlashi mumkin, biroq u bunday qilmaydi, o‘zining jisman yoki ma'nan halokatga uchrashi mumkinligini bilgan holda ham maqsadidan, e'tiqodidan qaytmaydi. Xuddi shu asosda tragik qahramonning xarakter kuchi, uning favqulodda shaxsligi namoyon bo‘ladi.
Realizm bosqichiga yaqinlashgan sari dramaturgiyada tragediya o‘rnini, yetakchilik mavqyeini drama egallay boshlaydi. Drama o‘zining mavzu jihatidan turfaligi, turfa hayotiy ziddiyatlarni badiiy talqin qilish imkoniyatlarining kengligi bilan xarakterlanadi. Dramaning tragediyadan farqi shundaki, tragik konflikt qahramon ruhiyatida kechsa, dramatik konflikt qahramon bilan tashqi kuchlar orasida kechadi. Ayni paytda, dramadagi konflikt ham juda keskin bo‘lishi, qahramonni iztirobu qiynoqlarga solishi va oxir-oqibat halokatga olib borishi mumkin. Biroq bularning bari tashqi quchlar bilan to‘qnashuv natijasi o‘laroq sodir bo‘ladi, asar markazida dramatik konflikt turadi. Masalan, "Nurxon" musiqali dramasida eskilik va yangilik orasidagi kurash qahramon ruhiyatida emas, uning boshqa personajlar bilan to‘qnashuvida namoyon bo‘ladi va ayni shu ziddiyatlar Nurxonning o‘limiga olib keladi. Drama turli mavzularni, xarakter va ziddiyatlarni badiiy talqin qilishga keng imkoniyatlar ochishi, real hayotga yaqinligi bilan dramatik janrlar orasida alohida o‘rin tutadiki, uning realistik adabiyotda yetakchi mavqye egallashi shu bilan izohlanadi.
Komediya (gr. "komos" - ommaviy qo‘shiq nomi) dramatik turning komiklikka asoslangan janridir. Komediyaning markazida komik xarakter turadi. Odatda komik xarakter deganda o‘zida idealga tamoman zid illatlarni jam etuvchi yoki ulardan ayrimlarini namoyon etuvchi personajlar nazarga olinadi. Bu o‘rinda asosiy shartlardan biri shuki, komik personaj o‘zining mavjud holatini idrok etmaydi, o‘ziga real baho berishdan ojiz. Aksincha, u o‘zini bor holiga nisbatan tamoman teskari baholashga moyil: g`irt tentak bo‘lgani holda o‘zini aqlli sanaydi, ma'nan tuban bo‘lgani holda o‘zini pokdomon biladi - o‘zini o‘zgalarga shunday sifatlarda taqdim etishga chiranadi. Masalan, "Parvona"dagi O‘tkuriy: u o‘zining ma'nan tubanligini, axloqan buzuqligini, plagiatligini, oddiy mahmadanaligiyu firibgarligini tan oladimi? Yo`q, aksincha, u o‘zini aqlli, so‘zamol, uddaburo, yashashni biladigan va h. fazilatlar egasi deb biladi, shunday ko‘rinishga urinadi. Natijada xarakterning mohiyati bilan mavjudligi orasidagi nomutanosiblik, ziddiyat komiklikni yuzaga chiqadi. Komediyada xarakter komikligi bilan holat komikligi ko‘pincha uyg`unlashib keladi, bir-birini to‘ldiradi. Komediya satirik yoki yumoristik ruhda bo‘lishi mumkin. Har ikki holda ham u g`oyaviy-hissiy inkor qiladi: satirik ruhdagi komediya qalamga olingan xarakter yoki holatni to‘la inkor qilsa, yumoristik ruhdagi komediya xarakter yoki holatdagi ayrim jihatlarni qisman inkor qiladi. Masalan, A.Qahhorning "Tobutdan tovush", "Og`riq tishlar" komediyalari satirik ruhdagi asarlar sanalsa, "Oltin devor"da yumoristik ruh ustivorlik qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |