8. Qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni tashkil etish
Qutqaruv ishlari - favqulodda vaziyatlar zonasida odamlarning hayotini asrab qolish va sog‘lig‘ini saqlash, yuridik hamda jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va ularga xos bo‘lgan xavfli omillar ta'sirini yo‘qotish yoki imkon qadar kamaytirishga qaratilgan harakatlar.
Qutqaruv ishlariga avariya-qutqaruv, qidiruv-qutqaruv, tog‘-kon qutqaruv, suv-qutqaruv, gaz-qutqaruv ishlari, shuningdek yong‘inlarni o‘chirish hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq ishlar kiradi.
Qutqaruv ishlarining turlari:
- harakat marshrutlari va ish uchastkalari (ob’ektlari) razvedkasi;
- harakat marshrutlari va ish uchastkalari (ob’ektlari)dagi yong‘inlarni cheklash va bartaraf etish;
- jabrlanganlarni qidirib topish va ularni vayron bo‘lgan, zararlangan, yonayotgan binolardan, suv, gaz, tutun bosgan bino hamda vayrona uyumlari orasidan olib chiqish;
- jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish hamda ularni shifoxonalarga joylashtirish;
- aholini xavfsiz joylarga ko‘chirish;
- epidemiya yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida zarur sanitariya-gigiena choralari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish;
- aholini suv, oziq-ovqat va eng zarur narsalar bilan ta’minlash;
Kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarning turlari:
- vayrona uyumlari orasida va zararlangan hududlarda kolonna yo‘llarni tayyorlash, ya’ni piyodalar va transport vositalari uchun yo‘l ochish;
- qutqaruv ishlarini olib borish uchun sharoit yaratish maqsadida gaz, energetika, vodoprovod, maishiy chiqindi va texnologik tarmoqlardagi avariyalarni cheklash;
- imorat va inshootlarning bosib tushish xavfi bo‘lgan harakat xavfsizligiga hamda avariya-qutkaruv ishlarini olib borishga halaqit beradigan konstruksiyalarini mustahkamlash yoki buzib tashlash;
- qutqaruv ishlarini o‘tkazishni ta’minlash maqsadida, zararlangan aloqa yo‘llarini va kommunal-energetika tarmoqlarini tuzatish yoki qayta tiklash.
Birinchi navbatda odamlarni qutqarish bo‘yicha ishlarni olib borish, ularga 1-tibbiy yordamni ko‘rsatish va shifoxonalarga olib borish kerak.
Ob’ektning zararlangan hududlarini o‘rganib chiqib, yong‘inlarni cheklash va o‘chirish, shikastlovchi omillarning oldini olish va cheklash lozim.
Avariya va halokatlarning oqibatlarini tezroq bartaraf etish uchun, odatda, anchagina katta kuch va vositalar talab etiladi. Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishda tuzilmalar, turli maqsadlarda tuzilgan shtatdagi bo‘linmalar, zaruriyat tug‘ilsa ob’ektning ishchi-xizmatchilari, shuningdek yaqin atrofda yashovchi aholi ishtirok etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |