MUSIQA TO‘GARAKLARINI TASHKIL ETISH
6-AMALIY DARS
1930 -1940 YILLAR BASTAKORLIK MAKTABI NAMOYONDALARI
KOMILJON JABBOROV
(1914 – 1975)
Ustoz bastakor, mohir sozanda Komiljon Jabborov 1914 yilda Andijon shahrida tug‘ildi. U yoshligidan musiqaga havas qo‘ydi. Keyin namanganlik mashhur san'atkor usta Ro‘zmat Isaboevga shogird tushdi. Undan chang sozini o‘rgana boshladi. G‘ijjak chalishni andijonlik sozanda Sobirjon Siddiqovdan, dutor chalishni Muhiddin Qoridan o‘rgandi. 16 yoshidan To‘xtasin Jalilov rahbarligidagi «Milliy musiqa to‘garagi»da sozanda bo‘lib ishlay boshlaydi.
1931-1942-yillarda Andijondagi Oxunboboev nomidagi musiqali drama teatrida sozanda bo‘lib ishlaydi. Bu yerda u «Layli va Majnun», «Gulsara» spektakllariga kuy bastalaydi. Bastakorlik ijodi ham aynan shu yillardan boshlanadi.
1932 yilda Sobir Abdullaning «Chayqalur» she'ri asosida ashula yozib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ladi. Ikkinchi Jahon urushi yillarida u Yangiyo‘lda tashkil etilgan musiqali drama teatriga ishga taklif qilinadi.
Komiljon Jabborov 1947 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston radiosi qoshidagi Xalq cholg‘ulari orkestrida yetakchi g‘ijjakchi bo‘lib ishlaydi. G‘ijjak ijrochiligining yuqori darajali malaka va mahoratini egallagan san'atkor asarning badiiy mezonini ifoda etishga asosiy e'tiborni qaratadi. Uning ijrochilik amaliyoti bastakorlik tafakkuriga juda katta ta'sir ko‘rsatadi.
Komiljon Jabborov ijodida turfa janrlar o‘laroq qo‘shiqchilikka bosh o‘rin beriladi. Aynan shu nuqtada bastakorning ijodiy intilishlari hamda shunga bo‘ysungan badiiy vosita ifodalari o‘z aksini topadi. Komiljon Jabborov qo‘shiqlari mazmunan serqirra, jumladan, ona diyor, Vatan, qahramonlik, mehnat va turli kasb egalari haqidagi mavzular tarannum etiladi. Bastakorning o‘zbek qo‘shiqchiligi «oltin xazinasi»dan o‘rin olgan ijod namunalari qatorida lirik mavzuli ashulalar muhim o‘rin tutadi. «Bu ko‘ngil», «Etmasmidim», «Nazzora qil», «Senga», «Tokay» shular jumlasidandir. Komiljon Jabborov qo‘shiq she'rlarini tanlashga alohida e'tibor bilan yondashadi. Bunda she'r matnida ikki holat bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etgan – mazmun teranligi va so‘z ifodaviyligi, uning musiqaga tabiiy payvasta bo‘lishi. Ushbu sifatlarni izlash jarayonida o‘tmish va hozirgi zamon she'riyatiga murojaat etadi. Shu asnoda A.Navoiy («Senga», «Nazzora qil», «Ey, pari», «Mubtalo bo‘ldim senga»), Muqimiy («Assalom»), Furqat («Aylanay»), Uvaysiy («Tokay»), E.Oxunova («Kel»), S.Abdulla («Toza Lutf»), P.Mo‘min («Shifokorlar»), T.To‘la («Birma-bir», «Ko‘rgim kelur»), S.Zunnunova («Yor keladi») kabi mumtoz va zamondosh shoirlar nazmiga asoslangan ashula-qo‘shiqlar ijod etiladi. Bu qo‘shiqlarda, odatda, an'anaviy qo‘shiqchilik janrining xususiyatlari saqlangan holda, ularning kuy yo‘nalishini yangi jihatlar bilan boyitadi. Bunda shunday mazmunli ifoda vositalari qo‘llaniladiki, ular bir tomondan qo‘shiqning an'anaviy janr mezoni bilan tabiiy uyg‘unlashadi.
Komiljon Jabborov musiqa san'atimizning taraqqiyotiga qo‘shgan xizmatlari uchun «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |