7. H.Boltaboev va O.SHarafiddinov tadqiqotlari haqida gapirib bering.
Ozod Sharafiddinovning Fitrat haqidagi maqolasidan: Abdurauf Fitrat o‘zbek va tojik xalqlarining madaniy rivojida salmoqli o‘rin tutuvchi yorqin siymolardan biridir. Uning taqdiri ham g‘oyat fojeali bo‘lgan — u ayni boy hayotiy tajriba orttirib, qalami qayralib, ilhomi to‘lishib turgan bir choqda Stalin istibdodining qurboni bo‘ldi. Oqlangandan keyin ham ko‘p yillar mobaynida uning asarlari nashr qilinmadi, nomi qora ro‘yxatlardan chiqmay keldi. So‘nggi yillardagina qayta qurish sharofati bilan, oshkoralik va demokratiyaning qanot yoza boshlagani tufayli Cho‘lpon, Elbek va boshqalar qatori Fitratning ham ba’zi bir asarlari dunyo yuzini ko‘rdi, adabiyotshunoslar ular to‘g‘risida maqolalar e’lon qila boshlashdi. Bular, albatta, Fitratni adabiyotimiz tarixidagi o‘zining qonuniy o‘rniga qaytarish borasida boshlagan ishlarimizning debochasi, xolos.
Fitrat kurashlarga, izlanishlarga, aldanishlar va kashfiyotlarga to‘la hayotiy yo‘lini bosib o‘tdi. U 1884 yilda Buxoroda tug‘ildi, eski maktabda o‘qidi, tarix, falsafa va adabiyotdan chuqur bilim oldi, arab, fors, turk tillarini mukammal o‘rgandi. Ayni choqda, eski maktab tahsilini ko‘rgan Fitrat o‘zining ta’biri bilan aytganda, “mutaassib ruhoniy” bo‘lib yetishgan edi.
XX asr boshida butun Sharqda bo‘lgani kabi Buxoroda ham ijtimoiy fikrda jiddiy uyg‘onish boshlanib, jadidchilik harakati kuchaydi. Fitrat ham, “yosh buxoroliklar” deb nom olgan jadidlarning so‘l qanotiga qo‘shiladi va oradan ko‘p o‘tmay — 25 yoshida Turkiyaga o‘qishga ketadi. Istambulda o‘tkazilgan to‘rt yillik hayot, turk ma’rifatparvarlari, adib va shoirlarining ijodi bilan tanishish, yevropacha falsafa va ijtimoiy ta’limotlardan o‘rganish Fitratning qarashlarida keskin burilish yasaydi — endi u Buxoro hayotidagi, Turkiston hayotidagi qoloqliklarni, bid’at va xurofatni aniqroq ko‘radi, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘lib yotgan kuchlar haqida teranroq o‘ylay boshlaydi. Bu izlanishlar Fitratni islohotchilik yo‘liga olib keladi — u din bilan ilmni birga qo‘shishga intiladi va ijtimoiy tuzumni yangilash g‘oyalarini o‘rtaga tashlaydi. Bunda u, ayniqsa, feodal psixologiyaning ko‘rinishlariga, dindagi, yashash tarzidagi mahdudlikka qarshi chiqadi. Fitratning jamiyatni isloh etish haqidagi g‘oyalari “Munozara» va «Bayonati sayyohi hindi” degan publitsistik risolalarida ifodalangan. Bu kitobning ikkovi ham birinchi marta fors tilida Istambulda nashr qilingan edi. Keyinroq esa (1913) Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy nashriyotida A. N. Kondratyev degan odam tarjimasida rus tilida bosib chiqariladi. Bu ikki risola Buxoroda ham, Turkistonda ham ijtimoiy fikrning o‘sishiga kuchli ta’sir qildi.
Fitrat 1913 yilda Buxoroga qaytib, yosh buxoroliklar harakatida faol qatnasha boshlaydi va keyinroq oshkora tarzda amir Olimxonga qarshi kurash yo‘liga kiradi. Ayni choqda, u ham shoir, ham adib, ham adabiyotshunos, ham muarrix, ham tilshunos, ham publitsist sifatida qalam tebrata boshlaydi va tez orada jamoatchilik o‘rtasida katta obro‘ qozonadi. 1920 yilda Buxoro xalq respublikasi tuzilgach, Fitrat yangi hokimiyat tarkibida bir necha yil maorif ishlari bo‘yicha vazirlik vazifasini bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |