15-bob. Protsessual muddatlar
151-modda. Protsessual harakatlarni amalga oshirish muddatlari
Protsessual harakatlar qonunda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Protsessual muddatlar qonunda belgilanmagan hollarda, ular sud tomonidan tayinlanadi.
Protsessual harakatlarni bajarish uchun muddatlar albatta yuz berishi lozim bo‘lgan voqeani ko‘rsatgan holda kalendar sana bilan yoki muayyan davr bilan belgilanadi. Muayyan davr bilan belgilanganda harakat butun davr mobaynida amalga oshirilishi mumkin.
152-modda. Protsessual muddatlarni hisoblash
Protsessual muddatlar yillar, oylar va kunlar bilan hisoblanadi. Muddatning o‘tishi kalendar sananing yoki muddatning boshlanishi deb belgilangan voqea yuz bergan kunning ertasidan boshlanadi.
Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tamom bo‘ladi.
Oylar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi oyining tegishli oyi va kunida tamom bo‘ladi.
Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning tugashi tegishli sanasi bo‘lmagan oyga to‘g‘ri kelsa, muddat shu oyning oxirgi kunida tamom bo‘ladi. Bu muddatning oxirgi kuni ish kuni bo‘lmagan kunga to‘g‘ri kelgan taqdirda, undan keyingi birinchi ish kuni muddatning tamom bo‘lish kuni hisoblanadi.
Amalga oshirilishi uchun muddat belgilangan protsessual harakat muddatning oxirgi kuni soat yigirma to‘rtgacha bajarilishi mumkin.
Agar protsessual harakat sudda amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, belgilangan qoidalarga ko‘ra sudda ish tugagan soatda muddat tamom bo‘lgan hisoblanadi.
Agar ariza, shikoyat, hujjatlar yoki pul summalari muddatning oxirgi kuni soat yigirma to‘rtgacha aloqa tashkilotiga topshirilgan, axborot tizimi orqali elektron tarzda yuborilgan yoki tegishli organga yoxud hujjatni qabul qilishga vakolatli shaxsga berilgan bo‘lsa, muddat o‘tmagan hisoblanadi.
153-modda. Protsessual muddatlarni o‘tkazib yuborish oqibatlari
Protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqi qonunda belgilangan yoki sud tomonidan tayinlangan muddatning o‘tishi bilan bekor bo‘ladi. Bunday holda protsessual muddatlarning o‘tishi ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ularning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
Protsessual muddatlar o‘tgandan so‘ng taqdim etilgan arizalar, shikoyatlar va hujjatlar, agar o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash to‘g‘risida iltimosnoma mavjud bo‘lmasa yoki uni qanoatlantirish rad etilgan bo‘lsa, ularni taqdim etgan shaxslarga qaytariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |