Aqidaparastlik - siyosatda va mafkurada ashaddiy, favqulodda harakat va qarashlarga asoslanib faoliyat yuritish. E.ning siyosiy va diniy koʻrinishlari yaqqol ajralib turadi. Siyosiy E. namoyandalari oʻzlarining gʻarazli maqsadiga erishish uchun kuch ishlatish usullaridan foydalanib, mavjud siyosiy tuzilmalarning barqaror faoliyat yuritishini buzish va yoʻqotishga harakat qiladi. Bu yoʻlda ekstremistlar va ekstremistik tashkilotlar "demokratiya" niqobi ostida balandparvoz shiorlar, chaqiriqlar bilan chiqib, terrorchilik va partizanlik harakatlarini qoʻllabquvvatlaydilar, qonunga rioya etmaslik, ish tashlashlar, tartibsizliklar chiqarishga urinadilar, odamlarni gijgijlaydilar, terror qilish usulidan foydalanadilar.
Fundamentalizm - keng maʼnoda — muayyan taʼlimot aqidalarining oʻzgarmasligini eʼlon qiladigan, eʼtiqodni akl dalillaridan ustun qoʻyadigan, ilohiy kitoblardagi vahiy qaysi maʼnoda bayon etilgan boʻlsa, shu maʼnoda qabul qilinishini talab etadigan, ayni vaqtda ularni majoziy maʼnoda talqin etishga har qanday urinishlarni rad etadigan, din asoslarini ogʻishmay bajarishni qattiq talab qiladigan ijtimoiy, mafkuraviy, diniy yoʻnalishlar. Tor maʼnoda — protestantizmdagi ortodoksal oqimlar. 1910-yillarda AQShning jan. shtatlarida paydo boʻlgan. Ular xristianlikning anʼanaviy aqidalariga, ayniqsa, Bibliyaning mutlaqo mukammalligiga ishonchni mustahkamlashni, uni soʻzmasoʻz sharhdashga qatiy rioya qilishni talab qiladilar. 1919 yil Filadelfiyada Jahon xristian fundamentalistlari assotsiatsiyasiga asos solindi.
Terrorizm (lot. terror — qoʻrqinch, dahshat) — siyosiy raqiblarni, muxoliflarni yoʻqotish yoki qoʻrqitish, aholi oʻrtasida vahima va tartibsizliklar keltirib chiqarish maqsadidagi zoʻravonlik harakatlari (taʼqib qilish, buzish, garovga olish, qotillik, portlatish va boshqalar). Terrorizm yakka tartibdagi va guruhli terrorizm (mas., ekstremistik siyosiy toʻdalarning harakatlari kabi) toifalarga boʻlinadi. Siyosatshunoslikda davlat terrorizmi tushunchasi ham qoʻllanadi (diktatorlik va totalitar rejimlarning repressiyalari). Terrorizm oʻrta asrlardan boshlab barcha mintaqa va mamlakatlarda uchrab turgan. Lekin oʻtgan asrning oxirlaridan uning yangi koʻrinishlari vujudga keldi (chet el davlatlari va hukumatlari rahbarlarini, ularning diplomatik vakillarini oʻldirish yoki oʻgʻirlash, elchixonalar, missiyalar, xalqaro tashkilotlarning binolarini portlatish, aeroportlar va vokzallarda portlashlar sodir etish, havo kemalarini olib qochish, odamlarni garovga olish va h.k.). Xalqaro terrorizm keng tarqalib, terrorizm oshkora siyosiy tus ola boshladi. Terrorchilar ayrim mamlakatlar hukumati va unga yaqin tuzilmalardan madad oladigan hollar yuzaga keldi. Ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi ortdi. Terrorchilar qoʻliga yadroviy, kimyoviy, biologik qurol tushib qolishi xavfi kuchaydi, elektron terrorchilik paydo boʻldi. Koʻp hollarda terrorizm diniy ekstremizm, narkobiznes, separatizm bilan bogʻlikligi, chatishib ketishi kuzatila boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |