Ular orasida «Chashmalarni izlayman» (1987) kabi publitsistik asarlar majmuasi, bolalar uchun yozilgan ajoyib sheʼrlar ham bor.
Shoiraning ijodida halimlik va nafosat, begʻubor ona tuygʻulari, vafodor va jonfido yor, el va yurt mehrini dilga tuggan nozik taʼb shoira qalbi joʻsh urib turadi. Asarlarida oʻz ona xalqi, ona tuprogi va milliy qadriyatlariga mehr alohida yangraydi. Shoiraning koʻplab sheʼrlari xalqona uslubda yozilgan boʻlib, qoʻshiqdek dillarga oqib kiradi, koʻngillarni yayratadi. Ularni qoʻshiqdek xirgoyi qilgingiz kelaveradi.
BAYRAMONA
Koʻklam choʻlga lashkar tashlar –
Gulxan boʻlar dala-dashtlar.
Soylardagi bujur toshlar
Durri Adanga aylanur.
Bukri tollar taqib sirgʻa,
Shamollar ham yoʻrgʻa-yoʻrgʻa,
Qoʻbizin sozlab boʻztoʻrgʻay,
Baxshi Poʻlkanga aylanur.
Olqorlari togʻda yayrar,
Hulkarlari bogʻda sayrar,
Yuganlari tillo boʻlib
Tulporlar uloqda sayrar
Zaminning oy bulogʻida,
Samoda hur chaqmogʻida,
Gʻunchalarning dudogʻida
Shabnam marjonga aylanur.
Shoʻx qizchalar davra tuzar,
Oy yuzlari oydan oʻzar,
Kulgusidan har koʻy, guzar
Jannat makonga aylanur.
Momolari Misqol pari
Til uchinda novvotlari,
Bobolari alp singari
Mardu mardonga aylanur.
Erksevar el, ishsevar el
Xudo suygan gulhunar el,
Koʻngli oydin shu zargar el
Bir jon bir tanga aylanur
Koʻksi osmonga aylanur!
BORDIR
Shukur, jon doʻstlarim koʻpdir,
Jonga jonsoʻzlarim koʻpdir,
Hali umrim sanogʻinda
Yashil navroʻzlarim koʻpdir.
Balki shundan ajriq kabi
Chidamlidir jonim manim.
Shu boisdan halol, tansiq
Shirin boʻldi nonim manim.
Qor ostidan omon chiqqan
Boychechakday dilim bordir.
Doʻzaxning oʻt nafasidan
Behishtlarga yoʻlim bordir
KEL
Kel, bahor, ranglaring
Qalbimga kashta.
Sabrimni toshqinlar
Qilsin sinashta.
Ruhimning zangori
Oʻrmonlarida
Sharshara ohanglar
Yogʻilsin sharros.
Ming turfa chechaklar
Xushboʻy ifori
Sochilsin sen bergan
Gulchambaringda.
Yetakla. Kiyikday
Ketay yugurib
Ushlagancha atrin
Koʻylaklaringdan.
Dimiqqan hislarim,
Lanj tuygʻularim
Soflansin bahoriy
Atirlaringda!
TAFSIR
Bir kam dunyo, bir dam dunyo,
Birda shodlik , bir gʻam dunyo.
Kimlar uchun bazmi Jamshid,
Hotam dunyo.
Qizgʻanur goh
Somonini, yovgʻonini
Xasis dunyo, hakam dunyo.
Oqib yotar daryolari
Mangu yashil koʻklam dunyo!
Qimorbozu tam-tam dunyo.
Kimlarga bokaram dunyo!
Bir nozanin qizday kulib
Turodur muhtasham dunyo.
Oʻtib borar ulugʻlari
Parvosi yoʻq xurram dunyo!
***
Oʻmrovlari yarqirab
Yotar Chimyon togʻlari
Mast uyquda uxlaydi
Goʻzal poytaxt bogʻlari.
Oʻngirlarga gul chizib,
Qirlarga kashta toʻshab
Avrab-avrab uygʻotar
Koʻklam qoʻngʻiroqlari .