3. Payvand qilinadigan komponentlar
Payvand qilinadigan komponentlar bir-biriga muvofiq kelmaganda ular orasida uzilish kuzatiladi, bunda uzilish bo’lgan joy yumshoq parenxima, po’kak to’qima bilan to’lib qolib floema degeneratsiyasi sodir bo’ladi, bu ayniqsa payvandtagda ko’proq kuzatiladi. Payvandtag tinim davriga qancha erta kirsa, u payvandust bilan shuncha yomon birikadi, chunki bunda payvandtagdan payvandustga moddalarning o’tishi sekinlashadi.
Agar kesilgan joy yuzasida to’qimaning pigmentlangan, sarg’aygan, po’kaklangan qatlam hosil bo’lmasa, ularning havo bilan birikishi tufayli kechadigan oksidlanish jarayonlari natijasida ro’y beradigan payvandtaglarning tutib ketishi tezlashadi.
Payvandtag bilan payvandustning bir-biriga mos kelmasligi ko’chatlarning past sifatli bo’lishiga va har gektar erdan chiqadigan ko’chat sonining kamayishiga, bog’dagi daraxtlar hosildorligining pasayishiga olib keladi.
Payvandtag va payvandust bir-biri bilan asosan, moddalar almashinuvi ta’siri orqali birikadi. I.V.Michurin payvand qilinadigan komponentlarning o’zaro ta’siri ularning yoshiga bog’liq deb hisoblagan. Xossalari hali shakllanish jarayonida bo’lgan urug’ko’chatdan chiqqan yosh o’simlik organizmi anchagina plastik bo’ladi va payvand qilinganda yashirin (retsessiv) belgilarini namoyon qiladi. Yangi navlar yaratishdagi I.V.Michurin tomonidan ishlab chiqilgan mentor metodi shunga asoslangan.
Sanoat asosida barcha bog’lar, odatda, stadiya jihatdan yosh urug’ko’chatdan chiqqan payvandtag (ko’pincha, mahalliy yovvoyi tur) lardan barpo qilinadi. Payvandust sifatida stadiya jihatdan etilgan, ancha ilgari shakllanib bo’lgan navlardan foydalaniladi. Yosh payvandtaglar etuk payvandustning irsiy xususiyatlarini o’zgartira olmaydi. SHuning uchun bunday payvandtakka ulangan madaniy navlar bog’da uzoq yil o’sayotgan bo’lsada, lekin o’zlarining irsiy belgilarini va xossalarini o’zgartirmaydi hamda navlik xususiyatlarining doimiyligini nisbatan saqlaydi.
Payvand qilingan navlar irsiy xarakterga (modifikatsion o’zgaruvchanlikka) ega bo’lmasada, yosh payvandtaglar ham sezilarli o’zgarishlar hosil qiladi. Masalan, daraxtning katta-kichikligi, o’sish kuchi, uzoq yashashi, hosil bera boshlashi, mevalarning sifati payvandtagning holatiga bevosita bog’liqdir. Jumladan, kuchli o’sadigan o’simliklar kuchsiz o’sadigan pakana yoki yarim pakana payvandtaglarga payvand qilinganda daraxtlar anchagina past bo’yli bo’ladi va ularning hosilga kirish muddati tezlashadi. Lekin, ular o’sha navning kuchli o’sadigan payvandtaglariga payvand qilingan daraxtlarga qaraganda kamroq yashaydi; past bo’yli payvandtakka payvand qilingan olmalar shirin va chiroyli bo’ladi.
Payvandtag payvandlangan o’simliklarning hosildorligini, vegetatsiya davrining boshlanishi va oxirini, sovuqqa, qurg’oqchilikka, sho’rxokka chidamliligini va boshqa xususiyatlarini o’zgartira oladi. SHuningdek, payvandtag meva daraxtlarining mahalliy tabiiy sharoitga chidamliligini oshirishi yoki kamaytirishi mumkin. Masalan, shaftoli olxo’riga payvand qilinganda nam tuproqda, bodomga payvand qilinganda esa quruq tuproqda mo’l hosil beradi. Lekin, bu o’zgarishlarning hammasi nasldan naslga o’tmaydi.
Payvandust ham o’z navbatida payvandtakka ta’sir ko’rsatadi, lekin uning qay darajada o’zgarishi hozirgacha etarlicha aniqlangan emas. Biroq shu narsa ma’lumki, payvandust qanchalik kuchli o’ssa, uning ildiz tizimi ham shunchalik kuchli rivojlanadi. Masalan, olmaning Napoleon naviga ulangan Kandil sinap navi ko’chatining ildizlari g’uj bo’lib o’sadi, Kandil sinapga ulangan Napoleon va Renet Simirenko nav olma ko’chatlarining ildizlari esa keng tarmoqlanib o’sadi, ya’ni o’simlikning ildizlari shakli jihatdan er ustki qismi (payvandust) shakliga yaqinlashadi.
Nazorat savollari:
1. Meva ekinlari qanday usullar bilan ko’paytiriladi?
2. Meva ekinlarini urug’idan ko’paytirish qanday xususiyatlarga ega, kamchiliklari nimalardan iborat?
3. Payvandtag deganda nimani tushunasiz?
4. Payvandust deganda nimani tushunasiz?
5. Payvadtag va payvandustning mos kelishi nimalarga bog’liq?
Do'stlaringiz bilan baham: |