Inkorni dialektik tushunish yangining eski bilan oddiy almashuvi bo`lmasdan, balki eskining bag`rida vujudga kelib, undan foydalanib, qaror topishini tan olishdir. Dialektik inkorning muhim ikki jihati mavjud: birinchisi, eskining o`rniga yangining kelishi tabiiy-tarixiy jarayon bo`lganligi uchun taraqqiyotning muhim sharti hisoblansa; ikkinchisi, u yangini eski bilan vorisiy bog`liq ekanligini ham ifodalaydi.
Inkorni inkor qonunini tushunish uchun uni nega shunday deb atalishini izohlamoq lozim. Falsafaning bu ta`limotini ikki marta takrorlanuvchi inkorda ifodalanishi olamdagi narsa va hodisalarning doimiy ravishda o`zgarib, bir holatdan ikkinchi holatga o`tib borishi va oqibatda, rivojlanish uzluksiz ekanligidan kelib chiqadi.
Bu qonunga ko`ra, har bir mavjud bo`lgan narsa va hodisa o`zigacha bo`lgan sifat va miqdor inkor etilishining mahsuli, shu bilan birga, ana shu narsa va hodisalarning o`zi ham sharoitning o`zgarishi, vaqtning o`tishi bilan inkor etilishga mahkumdir. Demak, har bir narsa va hodisaning o`zgarishi va rivojlanishi hamisha ikki va undan ko`proq inkor etishlar bilan amalga oshadi. Insoniyat tarixi – avlodlar almashinuvi tarixidir, deyilganida ham ana shunday hol nazarda tutiladi.
Inkorni inkorning yana bir muhim belgisi shuki, taraqqiyotdagi davriylikning muayyan halqasida, ya`ni navbatdagi inkor bosqichida uning oldingi bosqichidagi ba`zi belgilar takrorlanadi. Masalan, don o`simlikdan yana donlarga aylanadi, keyinroq yana o`simlikka va hokazo.
Inkorni inkorning amal qilishi tufayli taraqqiyot to`g`ri chiziq shaklida emas, doira shaklida bo`ladi, uning oxirgi nuqtasi boshlang`ich nuqtaga yaqinlashadi. Lekin bu yaqinlashuv uning oxirgi nuqta bilan tutashishi bo`lmasdan, balki yuqori bosqichda sodir bo`lishi sababli taraqqiyot spiral shaklga ega bo`ladi. Bu spiralning har bir yangi o`rami oldingi o`ramiga nisbatan yuqoriroq bosqichda yuzaga keladi.
Dialektik inkor yangi bilan eski o`rtasidagi bog`lanishni butkul rad qiladi, deb tushunmaslik kerak. Yangi qanchalik ilg`or bo`lmasin, u yo`q joydan paydo bo`lmaydi, balki eskining qobig`ida asta-sekin shakllanadi. Shuning uchun ham ko`p hollarda eskidan yangiga o`tilayotganda eski butunlay tashlab yuborilmaydi, balki uning ijobiy tomonlari saqlanib qoladi va rivojlanish davom ettiriladi. Demak, yangi bilan eski o`rtasida vorislik mavjuddir. Inkorni inkor qonuni taraqqiyotda vorislik va qaytariluvchanlikning birligini tavsiflaydi. Dialektik inkorning muhim xususiyati ana shundan iborat.
Inkorni inkor qonuni mustaqillik va bozor iqtisodiyoti jarayonida ro`y ber ayotgan hodisalar mohiyatini ilmiy anglashda katta ahamiyat kasb etadi. Yangi jamiyatni barpo etishga qaratilgan o`zgarishlar hamma narsani butunlay yo`q qilishni bildirmaydi. Aksincha, bu — xalqimiz taraqqiyoti jarayonida yer ishilgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, ma`naviy yutuqlarni saqlab qolib, ularni yanada boyitib, rivojlantirishdan iboratdir. Mazkur jarayonning asosiy tamoyili Islom Karimovning yangisini qurmasdan, eskini buzmaslik lozimligi to`g`risidagi xulosasida yaqqol o`z asosini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |