2.Tovar va uning xossalari.
Tovar ishlab chiqarishga sarflangan mehnatning ijtimoiy ahamiyati tovar bozorda xaridor topgan va sotilgan taqdirdagina tasdiqlanadi.
Demak, tovar mehnat mahsulining bir shakli ekan, mehnat mahsulining barcha xossalari tovarga ham xosdir.Ammo tovarning mahsulotdan farqi bor.
Tovar eng avvalo o`z iste'moli uchun emas, balki boshqa mahsulotlarga bozorda pul vositasida ayirboshlash uchun yaratilgan mehnat mahsulidir.
Tovar ishlab chiqaruvchilar esa individual ishlab chiqaruvchilar jamoasidan iboratdir.
Mahsulot tovar bo`lishi uchun u eng avval kishilarning muayyan talab-ehtiyojini qondira bilishi zarur.
Tovarning bu xossasi tovarning iste'mol qiymati deb ataladi. Iste'mol qiymati tovarning boshqa tovarlarga ayirboshlash imkonini bergani uchungina u o`zining yaratuvchisini qiziqtiradi.
Tovarni almasha bilish xususiyati ularni almashuv qiymati deb ataladi. Tovarlarning ayirboshlash mutanosibligiga faqat iste'mol qiymati asos bo`la olmaydi. Ayirboshlanadigan tovarlar turli-tuman bo`lganidan ularning o`lchami metr, kubometr, kilogramm, dona, gektar, kvadrat metr va h.k.bilan o`lchanadi. Shuning uchun tovarlarni tenglashtirishga asos-ularni ishlab chiqarish uchun sarflangan mehnatdir. Tovarda gavdalangan mehnat uning qiymatini vujudga keltiradi.
Demak, iste'mol qiymati tovarning har xil tabiiy xususiyatlarini ifoda etsa, qiymat ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy xususiyatlarni ifoda etadi.
Tovar o`zida iste'mol qiymati va qiymatni birgalikda mujassam etadi. Lekin ular o`zini almashuv qiymati orqali ifodalaydi.
Tovar qiymatining manbai, yuqorida ta'kidlaganimizdek mehnatdir. Buni birinchi bo`lib ingliz siyosiy iqtisodining dastlabki namoyondasi U.Petti asoslagan. Mehnat sarf xarajatlari va qiymatni bir-biriga aralashtirish aslo mumkin emas, hamma mehnat sarfi ham qiymatni yaratmaydi. Faqat tovar yaratilganda mehnat sarfi qiymatni bildiradi. Qiymat mehnat natijasida ishlab chiqarishning o`zida yaratiladi, lekin bozorda namoyon bo`ladi. Tovar buyum shaklida bo`lsada, uning qiymatini buyumlar munosabati deb unga moddiy tus berish noto`g`ri. Qiymat tovar ishlab chiqaruvchilar o`rtasidagi iqtisodiy munosabatni bildiradi. Demak, qiymat iqtisodiy kategoriyadir.
Qiymat tarixiy kategoriya bo`lib, tovar ishlab chiqarishning vujudga kelishi bilan bog`liq, chunki u faqat tovarning xususiyatidir. Tovar xo`jaligining klassik nazariyasiga ko`ra, tovarning ikkiyoqlama xususiyati bo`lishiga ya'ni iste'mol qiymati va qiymatga ega bo`lishiga sabab tovar ishlab chiqaruvchi mehnatining ikki tomonlamaligidir. Tovar ishlab chiqaruvchi mehnatining o`zi, birinchidan, muayyan turdagi aniq mehnat ikkinchidan, umuman inson mehnatidir.
Iste'mol qiymatini yaratgan mehnat konkret mehnat deb ataladi. Mehnat aniq bir mahsulot yaratadi. Masalan, to`quvchi mehnati-gazlama, dehqonniki- paxta, olimniki-ilmiy kashfiyot beradi. Demak, konkret mehnat iste'mol qiymatini yaratadi.
Mehnat aniq shaklidan kat'iy nazar umuman sarflangan ish kuchidir, jami ijtimoiy mehnatning qismidir. O`zining shu sifatida mehnat abstrakt mehnat deb ataladi, bu mehnat tovar qiymatini yaratadi.
Abstrakt mehnat tovar ishlab chiqarishga xos kategoriyadir.. Mahsulot tovarga aylangan sharoitda, u oldi-sotdi etilgandagina aqliy va jismoniy quvvat sarfi abstrakt mehnatga aylanadi. Tovar qiymatini mehnat belgilaydi - deb aytdik. Albatta, mehnatning tabiiy o`lchami ish vaqti bo`lishi kerak. Amalda tovar qiymatini vaqt sarfi bilan o`lchash qiyin, albatta. Nazariy jihatdan vaqtni «asos» deb olish mumkin, shunday ekan individual va ijtimoiy zarur ish vaqtini farq qilish kerak.
Individual ish vaqti deganda biror bir turdagi tovarni ishlab chiqarish uchun ketgan vaqt tushuniladi.
Biror bir turdagi mahsulot, aytaylik stul ishlab chiqaradigan uchta korxonani olaylik. Ulardan biri yaxshi, ikkinchisi o`rtacha va uchinchisi yomon korxona hisoblanadi. O`rtacha korxona umumiy hajmdagi stullarning 70 foizini yaratadi va har bir stulga 4 soat vaqt sarf qiladi deb faraz qilaylik.
Yaxshi korxona 20 foiz stullarni ishlab chiqaradi, har bir stul ishlab chiqarish uchun 2 soat sarflanadi. Yomon korxona 10 foiz ish stullarni ishlab chiqaradi, u har bir stul uchun 6 soat vaqt sarf qiladi. Savol tug`iladi, qaysi korxonaning mehnat sarfi tovar qiymatini belgilaydi. Albatta, o`rtachasiniki. Nima uchun? Chunki tovarlarning asosiy qismini shu korxona yetkazib berayapti. Bu korxonadagi ish vaqti ijtimoiy zarur ish vaqtini tashkil etadi, u talabni qondirgani uchun e'tirof etiladi.
Bundan ko`rinib turibdiki, individual emas, balki ijtimoiy zaruriy ish vaqti tovar qiymatini belgilaydi. Ijti-moiy zaruriy ish vaqti jamiyat ehtiyojini qondirish uchun kerak bo`lgan vaqtdir. Shu vaqtni bozor tan oladi. Ijtimoiy zarur vaqt bu tovarlarning aksariyat qismini yaratishga sarflangan vaqt bo`-lib, o`rtacha texnika darajasi, mehnat malakasi va mahorati shu-ningdek, o`rtacha mehnat shiddati sharoitidagi sarfni bildiradi.
Amaliyotda tovarlar qiymati mehnatning o`zi bilan emas, balki uni ifoda etuvchi o`lchov vositasi bilan aniqlanadi. Bu o`lchov vositasi puldir. Pul tovar xo`jaligining mahsuli, faqat unga xizmat qiladi.
Pul-bu shunday maxsus tovarki, u hamma boshqa tovarlar uchun umumiy ekvivalent vazifasini bajaradi. Hamma tovarlar singari pul ham, qiymat va iste'mol qiymatga ega. Shu ma'noda u boshqa oddiy tovarlardan farq kilmaydi.
Pul tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash jarayonida iste'molchilar o`rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni ifoda etadi. Shu sababli, tovar - pul munosabatlari paydo bo`ladi.
Pul qanday paydo bo`lganini ko`rib chiqaylik.
Pulni tovar ayirboshlashning o`zi yaratadi. Pul uzoq tarixiy rivojlanish mahsulidir. Dastlabki tovarlar pulsiz bir-biriga bevosita ayirboshlangan edi. Bu ayirboshlash dastlab tasodifiy bo`lsa, keyinchalik muttasil takrorlanib turgan.
Mahsulotni ayirboshlash uchun ishlab chiqarmaganlar, lekin ortiqchamahsulotlar paydo bo`lgan, ular tasodifiy shaklda ayirboshlangan.
Bunday ayirboshlash munosabatlarida qiymatning oddiy yoki tasodifiy shakli paydo bo`ladi. Tasodifiy ayirboshlash mehnat mahsulining tovarga aylanganligini ifodalaydi. O`z qiymatini boshqa tovarda ifodalovchi tovar qiymati nisbiy shakl-da bo`ladi. (tovar A tovar B ga almashsa, u nisbiy shaklda bo`ladi).
Tovar B esa qiymatni o`zida ifoda etuvchi material bo`lib xizmat qilayapti, uning qiymati ekvivalent qiymat bo`ladi. Demak, ayirboshlashda qiymatning ham nisbiy, ham ekvivalent shakli mavjud bo`ladi.
Ammo ikki shakldagi tovarning iste'mol qiymati har xil bo`ladi, aks holda ular almashilmaydi, shuningdek ular o`rin almashib turadi. Nisbiy shakldagi tovar ekvivalent shakliga o`tadi va aksincha ham bo`ladi. Tovar ayirboshlash rivojlanishi bilan tasodifiy qiymat shaklidan to`la yoki kengaygan shaklga o`tilgan.Bunday ayirboshlashda ko`p tovarlar ishtirok etadi, bir tovarning o`zi bir necha tovarga ayirboshlanadi. Misol uchun Sudan negrlarida tuzga quyidagicha tovarlar ayirboshlangan:
10 qop tuz q 10-15 qo`y yoki 20-30 echki yoki 2 buqaga.
Tasodifiy ayirboshlashda bir tovarga qarama qarshi faqat bitta tovar turadi. Ishlab chiqarishning rivojlanishi bilan ayirboshlashdagi mahsulotlar soni ham ortib boradi, binobarin ayirboshlashda qiyinchilik ham ko`payadi. Asta-sekin tovarlar orasidan hamma tovarlarga ayirboshlana oladigan va hamma tovarlar qiymatini o`zida ifoda eta oladigan maxsus tovar ajralib chiqadi. Bunday tovar puldir. Tovarlar dunyosidan chiqqan maxsus tovar qolgan barcha tovarlar uchun umumiy ekvivalentga aylanadi. Qiymatning kengaygan shakli asta-sekin qiymatning umumiy ekvivalent shakliga aylanadi. Endi bir necha tovarlar o`z qiymatini bitta tovarda ifoda etadi.
10 kg choy yoki 10 ta qo`y yoki 40 kg kofeq1 kop bug`doyga
Umumiy ekvivalent rolini tovarlardan faqat bittasi bajargan.
Qiymatning oddiy va kengaygan shakllari sharoitida ayirboshlashda qiyinchiliklar bo`lgan. Tovar ishlab chiqaruvchilar yashashi uchun o`z tovarlarini kerakli boshqa tovarga ayirboshlashlari yoxud uning evaziga har turli tovarlarga ayirboshlash mumkin bo`lgan tovar olishlari lozim bo`lgan.
Iqtisodiy zarurat ekvivalentning paydo bo`lishiga olib keladi, lekin u kishilar o`rtasidagi kelishuv natijasi emas. Hayotning o`zi taqozo etgan munosabatlar tufayli oddiy tovar ko`rinishidagi umumiy ekvivalent o`rniga pul shaklidagi ekvivalent maydonga keladi:
1 qop bug`doy yoki
10 ta qo`y yoki
10 kg choy yoki = 2untsiya oltin.(1 untsiya-35, 6 gramm)
40 kg kofe yoki
0, 5tonna temir yoki
Bunda oltin oddiy tovar emas, balki pul ko`rinishini oladi. Pul shaklidagi qiymat quyidagilar bilan farqlashadi. Birinchidan, umumiy ekvivalentlikni faqat bitta tovar (pul) tanho bajaradi, ikkinchidan, umumiy ekvivalentlik vazifasini bajaruvchi pul tor ichki bozordan chiqib, davlatlararo, hatto xalqaro miqyosda tarqaladi, kengroq hudud oladi.
Shunday qilib, tovar ishlab chiqarishning uzoq vaqt rivojlanishi natijasida pul vujudga keladi.
Turli xalqlarda pul vazifasini turli xil tovarlar, masalan Qadimgi Yunoniston, Rimda, arab va hind qabilalarida chorva bajargan.XX asr boshlarida Afrikaning ba'zi bir xalqlarida chorva pul bo`lib xizmat qilgan. Markaziy Afrikada fil suyagi, Qadimgi Misrda-bug`doy, Xitoyda- tuz, Mo`g`ilistonda-choy ayirboshlash jarayonida pul vazifasini bajargan. Qimmatbaho metallar qadim zamonlardan beri pul vazifasini o`tab kelgan. Miloddan oldingi 3 minginchi yillarda Shumer davlatida asal va kumush pul vazifasini bajargan. Kumush pullar miloddan oldingi 2 minginchi yillari Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan.Rubl degan pul X11-X111 asrlarda paydo bo`lib, kumushni bo`lish, bo`laklarga ajratish (rubit) degan ma'no beradi.
Mayda savdo rivoji mayda pulni zarur qilib qo`ygan. Tanga pulning (mayda pul) vatani qadimgi Lidiya davlati hisoblanadi. Bu davlatda birinchi tanga miloddan avvalgi VII asrda vujudga kelgan. Biroz keyin Yunonistonning Egina shahrida tanga ishlab chiqarish boshlanadi. Qadimgi Rimda tanga ishlab chiqaradigan joy monet deb atalgan ibodatxona bo`lgan. Bu yerdan «moneta» so`zi kelib chikkan. Muomalaga nodir metallar ya'ni oltin va kumushdan tayyorlangan pullar chiqarilgan.
Savol tug`iladi. Nima uchun oltin pulga aylandi?Buning sababi oltinning tabiiy xususiyatlari bilan aniqlanadi.
Birinchidan oltinning qiymati yuqori, hajmi kichik, ikkinchidan, oltinni bo`laklarga bo`linishidan qat'iy nazar uning sifati butunligiday qoladi. Uchinchidan, savdo sohasidagi mayda muomalalarni bajarish uchun oltinning katta qiymati bo`lagi may da qismlarga-tangalarga bo`lina oladi.
To`rtinchidan, oltin yaxshi saqlanadi. Beshinchidan, oltin olib yurishga qulay. Ammo oltinning pulga aylanishi uning tabiiy xossasidan emas, balki tovar bo`lishidan kelib chiqadi.
Har bir mamlakatning o`z pul birligi bo`ladi. Hozir dollar, dinar, rubl, lira, rupiy, funt, marka, so`m, tanga va hakozo pullar mavjud.
Demak pul tovar xo`jaligi mahsuli ekan, xo`jalik rivojlanishi bilan pulda ham o`zgarishlar sodir bo`ladi. Pul iqtisodiyotning muhim quroliga aylanadi. Hozirgi iqtisodiyotni pulsiz tasavvur etib ham bo`lmaydi. Pul paydo bo`lishi bilan jamiyatda pulga doir iqtisodiy munosabatlar kelib chiqadi. Pul muomalasini uyushtirish, pullarni ayirboshlash, ularni saqlash, taqsimlash, bo`sh pulni qarzga berish, ya'ni uni sotish pul vositasida moliyani tashkil etish kabi iqtisodiy aloqalar yuzaga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |