Hayo-ibolilik. Xondamir, Vosifiy va boshqa zamondoshlarning asarlaridan bilamizki, Navoiy g‘oyat tabiati nozik, pok, xushxulq va o‘ta nazokatli kishilarni yaxshi ko‘rgan, o‘zi ham juda noziktab inson sifatida nom qozongan. Shu sababli u «Mahbub ul - qulub» asaridagi «tanbeh»larida hayo, beozorlik sifatlariga alohida urg‘u berib ta’riflaydi. Vafo va hayoni uyg‘unlikda ko‘rgan shoir «vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q» deb ta’kidlaydi. Demak, bu tushunchalar bir-biriga juda vobasta. Chunki ma’rifatli, komil insonlar hayoli va vafodor kishilardir. Vafosizning jabri qancha bo‘lsa, hayosizning shallaqiligi, betga choparligi, beandishaligi ham shuncha ozor keltiradi; shoir buni o‘zi boshidan o‘tkazgan: «Zamon ahli bevofalig‘din ko‘ksumga tuganlar va davron hayoli behayolig‘idin bag‘rimda tikanlar... har qaysig‘a raqam uray desam Ayyub sabri anga vafo etmas va qalam suay desam Nuh umrida tamomg‘a etmas». Shoir alam bilan yozgan:
Yo marhamat ul xayli sitamkoraga bergil,
Yo sabru tahammul meni bechora bergil.
Muloyimlik. Muloyimlik barcha mutafakkirlar nazarida kishining maqbul sifatlaridan biri, deb e’tirof etiladi. Muomala madaniyatida muloyimlik «xilmli», «yumshoq tabiatli” degan tushunchalar bilan bir ma’noni anglatadi. Bu tushuncha achchig‘lanmaydigan, ehtiyotkor, so‘zini o‘ylab gapiradigan kishilarga nisbatan ishlatiladi. Biroq, muloyimlikning kamchiligi shuki, bunday sifat sohiblari aksar odamlarga yoqmaydi.
Beozorlik. Insonlarning tabiatidagi xusumat, adovat, g‘azab kabi illatlar bu kabi odamlardan holi. Ular barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olsalar-da birovga yomonlikni ravo ko‘rmaydilar, og‘irliklarini o‘zgalar zimmasiga yuklamaydilar. Beozor kishilar matonatli bo‘la turib, o‘zidan ojiz kishilarga qahr bilan muomala qilmaydilar.
Umuman olganda, axloqiy me’yorlarning muomala madaniyatidagi ko‘rinishlari talaygina. Biz shulardan ayrimlarigagina to‘xtalib o‘tdik. Shunday ekan, muomalada pirovard natijada quyidagicha xulosa chiqarish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz: agar axloqshunoslikning mezoniy tushunchalari bir-biriga bog‘liq bo‘lsa, axloqiy tamoyillarning bog‘liqligi yanada mustahkamroq - ular biridan ikkinchisiga o‘tib turish xususiyatiga ega; axloqiy me’yorlar bir-biri bilan shu darajada chambarchaski, ba’zan birini ikkinchisidan aniq ajratish qiyin, zero ular xulq va odob doirasidagi axloqiy amaliyotlardir.
Muomalada yuzaga keladigan ziddiyatlar va inson fe’l-atvori
Taraqqiyot ziddiyatlarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va bartaraf qilinishi jarayonidan iborat. Shunga ko‘ra, ziddiyatlarning ko‘rinishi ham turli xil bo‘lib, ular narsa-hodisalarning harakati va rivojlanishida turlicha ahamiyat kasb etadi. Ziddiyatlar ichki, tashqi, asosiy, asosiy bo‘lmagan kabi ko‘rinishlarga ega. Jumladan, ichki ziddiyatlar - narsa va hodisalardagi ichki jarayonlarning ifodasi, harakatlanishning manbai hamda rivojlanishning asosiy sababidir. Tashqi ziddiyat - narsa va hodisalar o‘rtasidagi munosabatlarning ifodasi hisoblanadi. Jamiyat rivojlanishining mazmuni va mohiyati ham asosan ichki ziddiyatlarning hal qilinishi bilan belgilanadi. Biroq rivojlanishda tashqi ziddiyatlarning ishtiroki kamroq bo‘ladi, degan fikrga bormaslik kerak. Zero, globallashuv va integratsiya jarayonlarida tashqi ziddiyatlarning ham o‘z o‘rni bor. Narsa- hodisalarning mohiyati, holati, kelib chiqish va rivojlanish qonuniyatlarini belgilovchi ziddiyatlar esa asosiy ziddiyatlar deb ataladi. Asosiy ziddiyatlar taraqqiyotda belgilovchi (boshqaruvchilik) vazifani bajaradi va barcha boshqa ziddiyatlarga ta’sir ko‘rsatadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ziddiyat muomalada -insonlar o‘rtasidagi muloqotlarda - so‘zlashish, fikr almashish, muzokara olib borish, bahslashishda biri ikkinchisini inkor etadigan ikkita muomala natijasida vujudga keladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, ziddiyatli vaziyatlar asosida alohida shaxslar va guruhlarning qarama-qarshi fikrlari, maqsadi hamda shu maqsadga erishishning vositalari yotadi. Ijtimoiy psixologiya ziddiyatlarni manbaiga qarab bir necha turlarga ajratadi. Masalan, ziddiyat ichki-shaxsiy (rahbar bilan xodim o‘rtasida) va shaxs-tashkilot (shaxslar, guruhlar va tashkilot o‘rtasida) bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ziddiyatlarning gorizontal tasnifi ham mavjud (bir-biriga bo‘ysunmaydigan xodimlar o‘rtasida), vertikal (bir-biriga bo‘ysunuvchi xodimlar o‘rtasida) va aralash turdagi ziddiyatlar ham mavjud. Kundalik hayotda vertikal va aralash turdagi ziddiyatlar uchrab turadi. Agar bunday ziddiyatlar jamoada 70-80%ni tashkil etsa, bu rahbar uchun xavfli hisoblanadi. Bunday vaziyatda rahbarning har qanday harakati ziddiyatlar prizmasi orqali olib qaraladi.
Muomala madaniyatida ziddiyatlar anglashmovchilik, bir-birini tushunmaslik hamda o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvi natijasida kelib chiqadi. Shuningdek, ziddiyatlarni keltirib chiqaruvchi sabablar xususiyatiga qarab tavsiflash mumkin. R.L.Krichevskiy o‘zining «Agar siz rahbarsiz” kitobida ziddiyatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni 3 guruhga bo‘ladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |