5-Mavzu: Biznes g’ya – biznes asosi. G‘oyalar generatsiyasi
Islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida tadbirkorlik kapital, yer va mehnat resurslari bilan bir qatorda, iqtisodiy rivojlanishning muhim omili bo‘lib hisoblanadi. Shu sababli, mamlakatimizda mustaqillik yillarida aholining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga doimo katta e’tibor berilib kelinmoqda. Tadbirkorlik mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligini ta’minlashda, aholi bandligi muammosini ijobiy hal etishda asosiy o‘rin egallaydi. Buni rivojlangan mamlakatlar bosib o‘tgan yo‘l misolida ko‘rish mumkin. Xorijiy iqtisodchi olimlar mamlakatlar iqtisodiyotida tadbirkorlikning o‘ziga xos xususiyatlarini ilmiy jihatdan tahlil qilib, tadbirkorlikning nazariy asoslarini yaratishgan. Ularning nazariyasiga ko‘ra, tadbirkorlik — yaratuvchilik bo‘lib, yangilikni (innovatsiya), yangi g‘oyani izlash demakdir. Tadbirkor — yangilik yaratuvchi va shu orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi, jamiyatni harakatlantiruvchi shaxs sifatida e’tirof etiladi.
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga qadam qo‘yish davridan boshlaboq iqtisodiyotda, jumladan, uning agrar sektorida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga huquqiy asoslar yaratildi. Bu to‘g‘risida bir qator qarorlar, farmonlar (jumladan, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi va boshq.) qabul qilindi. Yaratilgan huquqiy asoslar va kafolatlar qishloq joylarida yangi agrar munosabatlarni, dehqonlarni yerga, ishlab chiqarish vositalari va o‘z mehnati natijalariga egalik hissini qaror toptirish maqsadlariga qaratilgan.
Tadbirkorlik insoniyat taraqqiyotining iqtisodiyotga bog‘liq bo‘lgan ajralmas bir bo‘lagidir. Tadbirkorlik tarixi inson uchun zarur bo‘lgan savdo-sotiq, xizmat ko‘rsatish, iste’mol tovarlari hamda xizmatlar, sanoat mahsulotlari va umuman, moddiy ne’matlar ishlab chiqarish tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligi uchun tadbirkorlik bilan fan, texnika va xo‘jalik yuritishning turli sohalarida faoliyat yurituvchi yirik olimlar, ixtirochilar, konstruktorlar, muhandislar, agronomlar, iqtisodchilar taqdiri qo‘shilib ketgan.
Hozirgi kunda tadbirkorlik ko‘p qirrali bo‘lib, uning shakl-u shamoyili va ustuvorliklari obyektivlik kasb etadi. Qayd etish mumkinki, tadbirkorlikning tubdan rivojlanishiga dunyo miqyosida yuz bergan quyidagi voqealar sabab bo‘ldi:
XVII—XVIII asrlarda Yevropadagi Uyg‘onish davri va XX asr o‘rtalarida yuz bergan ilmiy-texnik inqilob ishlab chiqarishning moddiy-texnik va texnologik asosini o‘zgartirib, savdo-sotiq va xalqaro aloqalarning rivojlanishiga keskin ta’sir qildi. Ilm- fan bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylangan holda butun dunyo rivojlanishini ta’minlovchi yetakchi kuch bo‘lib qoldi. Mutaxassislarning fikricha, aynan shu davrga kelib, tadbirkorlik va ilm-fanning qo‘shilishi yuz berib1, yirik kompaniya va korporatsiyalarning faoliyatida «ilmiy-texnik taraqqiyot»ning yangi davri boshlandi. Natijada ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va samaradorligini oshirish uchun misli ko‘rilmagan darajadagi imkoniyatlar ochildi.
Tadbirkorlik yangi texnologik darajaga erishish yo‘lida sakrashni amalga oshirib, jahon ilmiy-texnik taraqqiyoti va sanoatlashgan iqtisodiyotda mustahkam o‘ringa ega bo‘ldi. Shu paytga qadar ilm-fanni moliyalashtirish, asosan, davlatning vazifasi bo‘lib kelgan, ammo ilmiy-texnik taraqqiyot juda katta mablag‘larni talab etganligi uchun ham bu boradagi munosabatlar erkinlashtirilmoqda. Shuning uchun ham AQSH, Yevropa mamlakatlari va Yaponiya yuqori darajada rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitlarida korporativ ilm-fan taraqqiyoti davrini boshdan kechirishyapti. Ya’ni yirik korporatsiyalar raqobat kurashida ilm-fanning ahamiyatini anglab yetib, ilmiy tadqiqot va konstruktorlik ishlarini moliyalashda o‘z mablag‘larini ayamaydi. Dunyoning deyarli barcha yetakchi konsernlarida yirik ilmiy markazlar tashkil etilgan. Tadbirkorlik, biznes va ilm-fanning birligi haqiqatga aylanib bormoqda.
Tadbirkorlikning kuchi kapitalning qudratiga va layoqatiga bog‘liq. Demak, kapital sifatida qaralishi mumkin bo‘lgan firmaning samarali faoliyati jamiyat kapitali qudratidan oqilona foydalanish imkoniyatini beruvchi shart-sharoitlarga bog‘liq ekan. Buni bozor iqtisodiyotining erkinligi, deb atash mumkin.
Jamiyatda faoliyat yurituvchi firmalar manfaatlari o‘xshash bo‘lib, bu hol firmalar o‘rtasidagi o‘ziga xos birlikni ta’minlaydi hamda tadbirkorlikning falsafasi va xulqini belgilab beradi. Ushbu manfaatlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: bozor iqtisodiyoti, xususiy mulkchilik va tadbirkorlik erkinligini saqlab qolishga harakat qilish. Firmalarning raqobatchilik muhiti talablaridan kelib chiquvchi xususiy manfaatlari esa chegara bilmas darajada ko‘pdir.
Firmalar o‘zlarining mulkchilik, tariflar, baholar bilan bog‘liq manfaatlarini himoya qilish hamda ilmiy-innovatsion, ishlab chiqarish, harbiy-iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarga oid muammolarni hal qilish uchun turli xil korporatsiyalar, uyushmalar, ittifoqlar, strategik alyanslar, moliyaviy-ishlab chiqarish guruhlari, davlat-korporativ majmualariga birikib, o‘ziga xos himoya muhitini hosil qilishadi. Ammo bu muhit tadbirkorlikning samaradorligini to‘laligicha ta’minlay olmaydi. Chunki iqtisodiyotning eng yirik va asosiy institutlaridan bin sanalmish davlatning aralashuvisiz, uning ko‘magi va tartibga soluvchi mexanizmlarisiz o‘tish davrini boshidan kechirayotgan iqtisodiyotda resurslardan oqilona foydalanish orqali jamiyat boyligini muttasil ko‘paytirib borish imkoniyatini beruvchi tadbirkorlik muhitini yaratib bo‘lmaydi.
Tadbirkorlikni iqtisodiyotda faoliyat yurituvchi firmalar deb tasavvur qilinsa, unda firma, ya’ni tadbirkorlik, uy xo‘jaligi, resurslar (yoki resurslar bozori) va davlatning tartibga solish mexanizmlarini amaliyotga joriy etuvchi institutlar birligini iqtisodiyot sifatida tasavvur etish mumkin. Iqtisodiyotning bunday ko‘rinishi mamlakat xo‘jalik yuritish tizimida tadbirkorlikning o‘rnini aniqlash imkoniyatini beradi. Tadbirkorlik xo‘jalik yuritishning muhim instituti sifatida iqtisodiyot subyektlari bilan o‘zaro munosabatlar qobig‘ini hosil qilib, ma’lum bir shart- sharoitlar doirasida faoliyat yuritadi
Do'stlaringiz bilan baham: |