Intuitiv bilish. Insonning olamni bilish jarayoni uning sezgilari va ongi zo’r berib ishlashini talab qilibgina qolmasdan, uning uzluksiz qizg’in g’ayrishuuriy faoliyat ko’rsatishini ham taqozo etadi. Insonning g’ayrishuuriy bilish faoliyati intuitiv bilish nomini oldi, intuitsiyaning o’zi esa bu bilish ob’ektining muayyan sharoitda boshqacha yo’l bilan asoslab berish mumkin bo’lmagan xossalarini bevosita, g’ayrimantiqiy tarzda haqiqat deb bilishdir. Intuitsiya sezgi va aql harakatiga qarshi turmaydi, balki bilishning xissiy va ratsional jihatlari bilan birgalikda chiqib ularni to’ldiradi. Inson biron-bir hodisani g’ayrishuuriy tarzda oldindan sezgan oddiy, kundalik hayotda ham, olim bilib olinmagan jabhada uzoq vaqt adashib toliqib yurganidan keyin to’satdan uning ko’z o’ngida yorishish, insayt sodir bo’lib, shu asnoda ilmiy kashfiyot yuzaga keladigan ilmiy-tadqiqot faoliyatida ham intuitsiyaning roli juda kattadir.
XVII asrda R.Dekart intellektual intuitsiya haqida ta’limot yaratadi. Dekartning fikricha, ilmiy bilish asosida yotgan boshlang’ich g’oyalarning haqiqatligi intuitive tarzda anglab yetiladi, bilish sub’ektining aqli bilan bevosita aniqlab olinadi. Intuitiv bilimga o’z-o’zidan ravshanlik, aniqlik nisbat berilgan. Dekart intuitsiya inson aqlining tug’ma qobiliyati, intuitivlik bilan ratsionallik bir-biri bilan bog’lik, lekin intuitivlik birinchi o’rinda turadi va bilishning oliy shaklidir deb hisoblagan.
Intuitiv bilishning to’satdan, yorishish yo’li bilan paydo bo’lishi, natijaning aniqligi, uni mavjud ma’lumotlardan chiqarib bo’lmasligi, muammo yechimining to’g’riligiga ishonch va uni mantiqiy asoslash zarurligini tushunish xissi kabi o’ziga xos belgilarini qayd etmoq lozim.
Geometriyada intuitsionizmni asoslab bergan Puankarening fikricha, bilish jarayonida ijod qilish intuitsiyani, g’ayrishuuriy ishni albatta o’z ichiga oladi. Bilish quyidagi bosqichlardan tarkib topadi: birinchi urinishda joyali hech nimaga erishib bo’lmaydi, so’ngra ozdir-ko’pdir uzoqroq tanaffus boshlanadi, uning davomida g’ayrishuuriy ish qilinadi, shundan keyin ongli ishning yangi bosqichi boshlanadi, u ham natijasizdek tuyuladi, lekin to’satdan yorishish sodir bo’ladi, hal qiluvchi fikr tug’iladi, so’nggi zaruriy bosqich vazifaning olingan yechimini tekshirib ko’rish. G’ayrishuuriy intuitiv ish faqat undan oldin va undan keyin ongli ish bo’lgan taqdirdagina samarali bo’lishi mumkin. Puankare bilish natijalarini ularning aniq bo’lib tuyulishiga va intuitiv aniqligiga qaramay, albatta tekshirib ko’rish zarur deydi.
Intuitiv yorishish, tusmollab bilish tegishli muammoni hal qilishga olib kelgan yo’llarni insonning o’zi aniq anglamagan holda o’z-o’zidan, bexosdan, to’satdan amalga oshadi. Bunda turli kishilarda turli sharoitlarda intuitsiya ongdan turli darajada uzoqlashgan bo’ladi. Intuitsiya olingan natijaning mazmuni, harakteri, o’rganilayotgan hodisaning mohiyatiga qanchalik chuqur kirib borishi, sub’ekt uchun shaxsiy ahamiyati boyicha o’zining individual xususiyatiga ega bo’ladi. Shu bilan birga intuitsiya nafaqat hissiy bilishdan, nafaqat abstrakt mantiqiy bilishdan iborat. Unda bilishning shu ikkala jihati mavjud, lekin ular doirasidan tashqariga chiquvchi narsa ham borki, bu intuitsiyani shu shakllardan birontasiga ham mansub deb qarashga imkon bermaydi. Shuning uchun hozirgi zamon bilish nazariyasida intuitiv bilim hissiy bilishga ham, ratsional bilishga ham teng ahamiyatli bo’lgan o’rin egallaydi.
Qadimdan goyibona bilish haqida ham turli fikrlar mavjud. G’oyibona bilish inson bilishining shunday turiki, bunda kishi uzoq masofadan turib sodir bo’lgan yoki bo’ladigan hodisa va voqeani bilish, his qilish, bu hodisa va voqeaning qanday sodir bo’lishi unga ayon bo’ladi. Kishilar biron ishni qilmoqchi bo’lsalar, bu ishning natijasi haqida oldindan „shunday bo’lishi kerak, bunga men qat’iy ishonaman“, „shunday bo’ladij deb oylayman“ yoki „oldindan yuragim sezgandi“, „oyog’im tortmagandi“, „negadir ko’nglim g’ash“ degan fikr-mulohazalarni aytishadi. G’oyibona bilishning hozircha mexanizmi fanga ma’lum emas. Shu sababli, ko’pincha, g’oyibona bilishni kishilar ilohiylashtirib, bunday bilish faqat aziz- avliyolarga, alohida, g’ayritabiiy xususiyatlarga ega kishilarga xos, deb qarab kelishmoqda.
Inson bilishini ijtimoiy hodisalar bilan bog’lanishiga ko’ra: mifologik, diniy, falsafiy, badiiy-estetik bilishlarga ajratish ham mumkin, ular bilish sohalarining turli tomonlarini tashkil qiladi
Do'stlaringiz bilan baham: |