5-mavzu: Arab xalifaligi davrida musiqa madaniyati (VII-X asrlar)
Qadimiy madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lgan O‘rta Osiyoda yashagan xalqlar
jahon fani va madaniyati xazinasiga salmoqli hissa qo‘shganlar. Ular musiqa
madaniyati sohasida ham juda boy qadimiy merosga ega. O‘rta Osiyo xalqlarining
musiqa madaniyati tarixiga doir qadimiy yozma manbalar va arxeolog olimlar
tomonidan topilgan yodgorliklar buning dalili bo‘lib xizmat etadi hamda bu
xalqlarning qadimdan boshlab yuksak madaniyat ega- lari bo‘lganligini tasdiqlaydi.
Lekin arab istilosi davrida (VII - IX asrlar) boshqa madaniy yodgorliklar qatorida
musiqaga doir yozma manbalar ham kuydirilib, yo‘qotib yuborilgan. Shuning uchun
O‘rta Osiyo xalqlarining so‘nggi ming yillik madaniyati tarixiga oid yozma
manbalargina bizgacha yetib kelgan.
VII asr boshida Arabiston yarim orollarida yirik Arab davlati tashkil topdi.
Davlatning voha va shaharlar aholisi kam bo‘lgan va ularni bir-biridan Arabiston
sahrosi ajratib turgan. U jug‘rofiy jihatdan qulay joylashgan bo‘lib, qadimdan Sharq
va G‘arbdagi turli mamlakatlar bilan iqtisodiy va madaniy aloqalar o‘rnatishga
intilib kelgan. Atrofda bo‘layotgan barcha siyosiy voqealar arab xalqlari taqdiriga
ta’sir etmay qolmadi. Qadimdan qabila bo‘lib yashab kelayotgan arablar ittifoqi
mustahkam emas edi. Ular goh birlashib, gohida esa parchalanib ketar edilar. Bu
narsa arablar siyosati va diniy ta’limotida ham o‘z aksini topdi. Aholi orasida ko‘p
xudolik – butparastlik urf edi (xususan Ka’bada 360ta but haykali bo‘lib, ularning
eng yiriklari Xubal va Lut bo‘lgan).
Shunday bir vaziyatda Islom dini yuzaga keldi. Islom – bu Alloh yagona deya e’tirof
etib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalbi bilan unga ixlos qilmoqlik hamda Alloh
buyurgan diniy e’tiqodga iymon keltirmoqlik demakdir. Islom “itoat”, “bo‘ysunish”
ma’nolarini bildiradi. Bu dinning asoschisi Muhammad (S.A.V.) payg‘ambar (570-
632) makkalik Abdulloh degan kishining o‘g‘li bo‘lganlar. Uning bobolari Abutolib
quraysh qabilasining boshlig‘i bo‘lgan.
VII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Xalifalik tobora kengayib boradi va o‘z
chegaralarini g‘arbu-sharq tomon uzaytirishga harakat qiladi. Yaqin va O‘rta
Sharqning boy viloyatlari qo‘lga olinib, nihoyatda uyushgan va jangovar arab
qo‘shini shiddat bilan harakatlarni boshlab yuboradi. Arablar Amudaryodan
shimolda joylashgan yerlarga “Movaraunnahr”, ya’ni, “ikki daryo oralig‘i yohud
daryo ortidagi yerlar” deya nom berishgan. Hozirgi Afg‘oniston shimoli, Eronning
shimoli-sharqiy qismi hamda Janubiy Turkmanistondan Amudaryoga qadar bo‘lgan
hududlar esa Xuroson deb yuritilgan. Arablarning Movaraunnahrga qarshi harbiy
yurishlari o‘z maqsad va rejalari bilan ikki davrga bo‘linadi. Birinchi davrda
xalifalik istilo etishni emas, balki harbiy jihatdan tayyorgarlik ko‘rish, mahalliy
hukmdorlar kuch-qudratini sinash, mavjud jug‘rofiy, harbiy, iqtisodiy siyosiy
joylashuvni o‘rganish, kichik yurishlar orqali o‘ljalar orttirish rejasini amalga
oshiradi. Arablarning 705 yili Qutayba ibn Muslim boshchiligida Balxni bosib olishi
bilan ikkinchi asosiy harbiy harakati boshlanadi. Balxdan tashqari Qutaybaga
Chag‘oniyon, Shuman va Markaziy Osiyo janubidagi kichik viloyatlar bo‘ysunadi.
Shunday qilib, ko‘p yillar davomida olib borilgan doimiy kurashlar natijasida
Movaraunnahr xalifalik ixtiyoriga o‘tadi.
Arablar o‘z hukmronligining siyosiy negizini mustahkamlash va uning
barqarorligini ta’minlashda islom dinini keng yoyishga va uni targ‘ib qilishga katta
e’tibor berdilar. Markaziy Osiyo aholisi ichida e’tiqod qilinayotgan zardushtiylik,
moniylik, buddizm, nasroniy va boshqa dinlar soxta deb e’lon qilindi. Ayniqsa
zardushtiylikka qarshi keskin kurash olib borildi. Bosib olingan yerlarda uning
barcha ibodatxonalari o‘rniga masjidlar barpo etildi. Zardushtiy adabiyotlar,
xususan diniy kitoblar, so‘g‘d tilidagi nomalar, xalq adabiyoti yo‘q qilindi. Maishiy
hayot bobida, zakot masalasida Qur’on va shariat ahkomlarining qoidalari
mehnatkash aholi tomonidan tezda qabul qilindi. Alloh oldidagi tenglik esa dinning
ahamiyatini kuchaytirar edi. Islomning xalqparvarlik ruhi hal qiluvchi ahamiyatga
ega bo‘ldi. Zero islom ma’naviy bo‘shliqni tugatdi. Uning ahamiyati bilan
istilochilar harakatini adashtirib yubormaslik kerak.