42. Тадбиркорлик фаолияти субъектларини тугатиш асосларини тушунтиринг. Respublikamizda bozor iqtisodiyoti munosabatlarining shakllanishi davrida turli mulk shakllarining mavjudligi xo‘jalik yuritishning ham har xil ko‘rinishlarini vujudga keltirib, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga alohida e’tibor berishni taqozo etmoqda. Ma’lumki, tadbirkorlik subyektlarining samarasiz faoliyat yuritishi davlat va jamiyat manfaatlariga sezilarli zarar keltiradi. Har qanday davlat va jamiyat o‘z hududida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlarining yaxshi ishlashi tarafdoridir.
To‘g‘ri, bunday holat albatta achinarli, lekin undan qutilib bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yuridik shaxsni tugatish masalasi haqiqatdan dolzarb mavzu bo‘lib bormoqda Ushbu vaziyatga mamlakatimizda to‘g‘ri baho berilib, qonunda belgilangan tartib asosida hal qilish uchun maxsus qonun me`yorlari va chora tadbirlar ishlab chiqilgan. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining normalari yuridik shaxslarni tugatishning fuqarolik-huquqiy tartibga solinishini to‘liq mujassamlashtirgan asosiy huquqiy hujjat bo‘lsa, shu singari mustaqillikka erishganimizdan buyon qabul qilingan qishloq xo‘jalik korxonalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarda esa yuridik shaxsni tugatishda mazkur sohaning o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinib huquq normalari belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik qonunchiligida yuridik shaxslarni ikki xil usulda tugatilishini ko‘rishimiz mumkin.
Birinchisi ixtiyoriy usul bo‘lib, u quyidagi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi:
• muassislar (ishtirokchilari) yoki ta`sis hujjatlari bilan tugatishga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga muvofiq;
• yuridik shaxsning faoliyat yuritish muddatining tugashi bilan;
• uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan;
• yuridik shaxsni tashkil etish chog‘ida qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi sababli, agar bu buzilishlarni bartaraf etib bo‘lmasa, sud yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topganda;
• muassislar (ishtirokchilar) yoki yuridik shaxs organi tomonidan tashkilotni tugatish uchun yetarli bo‘lgan boshqa sabablarni tan olishi bilan. Ikkinchisi majburiy usulda sud qarori bo‘yicha quyidagilarga ko‘ra tugatish amalga oshiriladi:
• faoliyatni tegishli ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirish;
• qonun tomonidan taqiqlab qo‘yilgan faoliyatni amalga oshirgan yoki qonun yoki huquqiy aktlarni bir necha marta va qo‘pol ravishda buzish holatlarida;
• Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan boshqa hollarda sudning qaroriga muvofiq.
Bozor munosabatlari mamlakat iqtisodiyotiga qanchalik chuqurroq kirib kelishi o‘z faoliyatini samarasiz olib borayotgan yuridik shaxslarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli 6 oy mobaynida (savdo vositachilik korxonasi esa uch oy mobaynida) bank hisobvaraqlari bo‘yicha pul operatsiyalarini o‘tkazish bilan bog‘liq moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmagan, (dehqon va fermer xo‘jaliklari bundan mustasno) va (yoki) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e`tiboran bir yil ichida ustav fondi ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirilmagan taqdirda ham uning tugatilishiga olib kelishi haqidagi norma Fuqarolik kodeksida mustahkamlab qo‘yildi.
Yuridik shaxsni tugatish murakkab va ko‘p vaqt talab qiluvchi ish hisoblanadi. Shuning uchun yuridik shaxsni tugatish tartibi jarayoni bir necha bosqichni o‘z ichiga oladi. Xo‘sh, savol tug‘iladi: yuridik shaxs kim tomonidan va qanday hujjatlar asosida tugatiladi?
Yuridik shaxs uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki ta’sis hujjatlari bilan tugatishga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilishi mumkin.
Odatda muassislar ham ishtirokchilar ham o‘z ixtiyorlari bilan har qanday vaqtda tugatish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishlari mumkin. Bu ularga berilgan huquqdir. Lekin shu bilan birgalikda tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilish ular uchun majburiyatni ham keltirib chiqaradi. Sud tartibida tugatish ikki asosda umumiy va maxsus asoslarda amalga oshirilishi nazarda tutiladi. Umumiy asos barcha turdagi yuridik shaxslarga, maxsus asos esa alohida turdagi yuridik shaxslar uchun taalluqlidir. Umumiy asoslarga ko‘ra o‘z faoliyatini ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirayotgan yoki qonun tomonidan ta`qiqlangan faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yuridik shaxslarga nisbatan sudning qaroriga muvofiq qo‘llaniladi.
Maxsus asosga ko‘ra tugatiladigan alohida turdagi yuridik shaxslar qatoriga o‘z huquqiy maqomini olib, maxsus xuquq layoqatiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jalik korxonalari kiradi. Odatda, har bir qishloq xo‘jalik korxonasining huquqiymaqomini o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinadi.
Masalan, fermer xo‘jaligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran bir yil ichida o‘z ustav fondini ustavda nazarda tutilgan miqdorda shakllantirmaganida, shu jumladan fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi berish bo‘yicha ochiq tanlovda fermer xo‘jaligi boshlig‘i tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan mol-mulk, texnika va pul mablag‘lari ustav fondiga kiritilmaganida; yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechilganida; fermer xo‘jaligi bankrot deb topilganda, shu jumladan moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchilar, ish bajaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar bilan hisob-kitob muntazam ravishda amalga oshirilmaganida; fermer xo‘jaligining boshlig‘i vafot etib, xo‘jalik faoliyatini davom ettirishni xohlovchi merosxo‘r bo‘lmasa; davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yoki yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, shu jumladan fermer xo‘jaligi yer uchastkasidan belgilangan maqsadda foydalanmaganida, xususan kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilmagan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekkanida yer uchastkasini olib qo‘yish zarurati bo‘lgan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilingan hollar tugatiladi.
Yuridik shaxs tugatilishini oshkoralikda amalga oshirish tugatish jarayoni huquqiy jihatdan aniq va kamchiliklarsiz yakunlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilgan uning muassislari va ishtirokchilari yoki vakolat berilgan organ bu haqda yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga yozma tartibda xabar berishlari lozim. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ mana shu xabarga asosan yuridik shaxs tugatilish jarayonida ekanligi haqidagi ma’lumotlarni yagona davlat reyestriga kiritadi. Ma’lumotlar kiritilgandan so‘ng yuridik shaxsning firma nomiga albatta “tugatilishda” degan so‘z qo‘shib qo‘yiladi.
Bundan tashqari, bu haqida soliq organlarini ham xabardor qilib qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Chunki har qanday tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan paytda soliq to‘lovchi sifatida davlat soliq organlarida ro‘yxatga olinadi. Soliq kodeksining 50-moddasiga ko‘ra yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, (ixtiyoriy tugatish hollari bundan mustasno) tugatuvchi besh kunlik muddat ichida bu haqda davlat soliq xizmati organiga yozma shaklda ma’lum qiladi.
Yuridik shaxsni ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bu haqda davlat soliq xizmati organini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 27-apreldagi PQ–630-son “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan tartibda xabardor etadi.
Yuridik shaxs davlat soliq xizmati organiga tugatish balansini taqdim etish bilan bir vaqtda hisobotlarni hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni taqdim etishi shart. Shu bilan birga yuridik shaxsni tugatilishi to‘g‘risida pensiya fondlari hamda sug‘urta jamg‘armalarini ogohlantirib, o‘zlarining hisob raqamlarini yopish choralarini ko‘rishi lozim.
Tugatishda mazkur yuridik shaxs faoliyati to‘liq bekor qilinib, uning ishi to‘xtatiladi va mol-mulki tugatiladi. Bunday holatda tugatish komissiyasi tuziladi. Shuningdek, tugatish komissiyasi yoki tugatuvchining asosiy vazifalarini aniqlashtirish bilan bir vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq tugatish tartibini hamda muddatini belgilab oladilar. Tugatish komissiyasi matbuot organlarida yuridik shaxsning tugatilishi hamda uning kreditorlari tomonidan talablarni bayon etish tartibi va muddati haqida xabar e’lon qiladi. Kodeksning 55-moddasiga muvofiq bu muddat tugatish haqida xabar e’lon qilingan paytdan boshlab “ikki oydan kam bo‘lishi mumkin emas”. Tugatish komissiyasi tasdiqlangan kundan boshlab yuridik shaxsning ishlarini boshqarish sohasidagi vakolatlari uning ixtiyoriga o‘tadi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, mazkur komissiya tugatuvchi mustaqil huquq subyekti hisoblanmaydi. U faqat tugatish jarayonida kreditorlar, qarzdorlar, davlat hokimiyati organlari va boshqa shaxslar bilan munosabatga kirishib, tugatilayotgan yuridik shaxs nomidan harakat qiladi.
Tugatish komissiyasi tugatilayotgan yuridik shaxs nomidan sudda ishtirok etadi. Tugatish komissiyasi tugatilayotgan yuridik shaxs hisob varaqlari ochilgan bankka tugatish komissiyasining ruxsatisiz hisobdan foydalanmaslik to‘g‘risida ariza yuboradi. Mana shu arizaga ko‘ra bank tugatilayotgan korxona hisobi bo‘yicha keyinchalik yuborilayogan ijro va boshqa hujjatlarni qabul qilishni to‘xtatadi. Tugatish komissiyasi barcha kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzlarini undirish, shuningdek yuridik shaxs tugatilayotganligi haqida kreditorlarni yozma xabardor qilish choralarini ko‘rish lozim.
Barcha kreditorlar bilan hisob kitob ishlari nihoyasiga yetkazilgandan so‘ng, tugatishning yakunlovchi bosqichi boshlanadi.
Tugatish komissiyasi muassislar va ishtirokchilar bilan kelishib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan tasdiqlangan tugatish balansini tuzadi. Yuridik shaxsning kreditorlari talablari qondirilgandan keyin qolgan mol-mulk uning shu mol-mulkka ashyoviy huquqlarga yoki ushbu yuridik shaxsga nisbatan majburiy huquqlarga ega bo‘lgan muassislariga va ishtirokchilariga topshiriladi. Shundan so‘ng yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilib yuridik shaxsni tugatish tamomlangan, yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati esa tugagan hisoblanadi.
Yuridik shaxsni tugatishning yuqorida sanab o‘tilgan bosqichlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq, biri ikkinchisini to‘ldirib boradi. Birontasining to‘g‘ri bajarilishiga e`tibor berilmasa, tugatish jarayonining aniq va izchil amalga oshirilishiga salbiy ta’sir etishi mumkin.