2. XI-XV asrlarda Germaniyada shaharlar taraqqiyoti. G’arbiy Yevropa mamlakatlarida bo’lgani singari X asr oxirlarida Germaniya hududida ham shaharlarning rivojlanishi kuzatila boshlandi. XII asrda ular soni 50 bo’lsa, XIII asrga kelib shaharlar soni 500 tagacha o’sdi. Bu shaharlar orasida asosiy qismi hunarmandchilik va savdo markazlari edi. XII asrdan boshlab Germaniyada tosh imoratlar qurish boshlandi.
Nemis shaharlarida sexchilik nisbatan oldinroq vujudga keldi va taraqqiy etdi. Mayns to’qimachilik (1099), Vorms baliq savdosi (1106-1107), Vyursburg ediko’zlari (1128) sexlari eng qadimgi sexlardan edi. Undan tashqari ayollar sexlari ham faoliyat yuritgan.
XI-XIII asrlarda Reyn bo’yi havzasida shaharlarda o’z-o’zini boshqarish huquqi uchun kurashlar avj oldi. Natijada ayrim shaharlar ma’lum avtonomiyaga ega bo’ldilar (Kyoln, Vorms, Shpayer, Regensburg kabi) va ular erkin shahar degan nom oldilar. Bevosita qirol sen’ori hisoblangan «imperiya» shaharlar ham avtonomiyadan, ba’zan to’la mustaqillik huquqidan foydalanganlar.
Shaharlarda hunarmandchilik taraqqiyoti, qolaversa ularning muhim Savdo yo’nalishlarida joylashganligi ular sonining tezlik bilan ko’payishiga va ayni paytda taraqqiyotiga xizmat qildi.
XIII-XIV asr oralig’ida Germaniyada shaharlar 3500 ga yaqinlashdi, ularnnig asosiy qismini aholisi kishiga yaqin bo’lgan va ko’proq agrar munosabatlar bilan bog’langan (shaharlar tashkil etardi).
Bu davrda Germaniyada yirik shaharlar (aholisi 3 – 10 ming kishi atrofida) va juda yirik shaharlar (aholisi 20 mingdan ziyod – Kyoln, Strasburg, Lyubek kabi) tarmog’ini uchta asosiy zonaga ajratish mumkin.
Birinchi zona – Shimoliy German shaharlari (Bremen, Gamburg, Lyubek, Vismlar kabi). Bular Shimoliy va Boltiq dengizi bo’ylarida joylashgan bo’lib, London va Novgorod, Bryugge va Bergen orasidagi dengiz savdosida ishtirok etar edilar.
Ikkinchi zona – Janubiy German shaharlari, (Augsburg, Nyurenberg, Bazel, Vena kabi) ular asosan Dunay xavzasi hududlari, shuningdek Italiyada Milan orqali Venesiya va Genuya savdo yarmarkalari bilan savdo munosabatida edilar.
Uchinchi zona – Kyoln va Strasburg oralig’idagi shaharlar bo’lib, ular janub va shimol o’rtasidagi, shu bilan birga Yevropa doirasidagi savdoda ishtirok etar edilar.
Shaharlarda ishlab chiqarilgan maxsulotlar asosan mahalliy bozorlarga chiqarilgan bo’lsa-da, lekin ayrim maxsulotlarning dovrug’i mamlakat tashqarisida ham mashhur edi. Janubiy German shaharlarida ishlab chiqarilgan qimmatbaho paxta va zig’ir tolali matolar, shu jumladan paxmoq gazlamalarga Italiya va Ispaniyada talab katta edi. Nyurenberg temirchilarining ishlab chiqargan maxsulotlari umum Yevropa miqyosida tarqalgan edi. Germaniya o’z ehtiyojlari uchu nasosan dag’al movutlar ishlab chiqarsada, mamlakat tashqarisiga Mayin movut chiqarilgan Kyoln movutchilari xatto Flanmandriya movutchilari bilan ham raqobatlasha olar edi. Asta-sekinlik bilan yuqoridagi kabi hunarmandchilikning ma’lum tarmog’i bilan topilgan shaharlarda bozor munosabatlari asosidagi ishlab chiqarish alomatlari shakllana bordi.
XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib Ganzaga o’xshash Shvab va Reyn shahar ittifoqlari tashkil topib, 1381 yilda ular birlashadilar. Bu koalisiyaga 50 dan shaharlar uyushgan bo’lib, ular risarlik faoliyatiga ham katta e’tibor berdilar va shu maqsadda muqaddas Yorgen qalqoni jamiyati, Muqaddas Vilgelm jamiyatlarini tuzdilar. Bu risarlik ittifoqlari ta’sir doirasini kengaytirish uchun shaharliklar bilan kurashga kirishdilar. Lekin 1388 yilda bu ittifoq mag’lub qilindi.
Shaharlar paydo bo’lishi bilan tovar-savdo munosabatlarining rivojlanishi feodal xo’jaligi bilan birgalikda dehqon xo’jaliklariga ham ta’sir qildi. Ayni paytda bu jarayon agrar tuzum xarakterida, feodal majburiyatlarida ham o’zgarishlar yasadi. Germaniyaning ko’pgina hududlarida XII-XIII asrlarga kelib qaram dehqonlarning barshina mehnatiga asoslangan eski votchina tizimi yemirila boshlandi. Uning o’rniga sof sen’oriya (gistiya) shaklidagi mehnat tizimiga o’tishdi. Uning asosiy xususiyati shunda ediki, unda mustaqil xo’jalik hukmronligi to’liq yoki qisman bartaraf etilgan edi.
Oldingi zodagonlar yerlari ma’lum bir bo’laklarga bo’linib ular meyerlarga (dastlab badavlat dehqonlardan chiqqan votgina boshqaruvchilari, keyingi barcha ijarador-dehqonlar shunday atalgan) ijaraga berilgan. Angliya va Fransiyada farq qilib Germaniyaning aksariyat hududlarida bu ajarachilar o’z yer bo’laklarining merosiy egalariga emas, aksincha qisqa muddatli ijarachilarga aylanganlar. Bunda ijaraga dehqonlar o’z sen’orlariga ko’pincha hosilning ¼ dan to yarmigacha bo’lgan miqdorda natural obron va unga qo’shishga pul to’lovini ham to’laganlar. Lekin bu «sof sen’oriya» Germaniyaning hamma joyida ham tarqalgan emas. Janubiy-G’arbiy va O’rta Germaniyaning ayrim hududlarida eski votgina tizimi saqlanib qolgan edi. Lekin ularda ham asta-sekinlik bilan pul rentasiga o’tish kuzatiladi. Natijada shaxsan ozod dehqonlar soni ko’paydi, ular feodalga pul obrogi-chiqim to’lab turganlar. «Sof sen’oriya» tarqalgan hududlardan farqli ravishda bu yerdagi dehqonlar o’z yerlarining merosiy egalari hisoblanib, ba’zan ma’lum darajada egalik huquqini mustahkamlaganlar.
Agrar tizimdagi o’zgarishlar o’z navbatida dehqonlarning toifalanishiga ham ta’sir qildi. Bir necha dehqonlar yer bo’lganlarini (guf) birlashtirgan badavlat dehqonlar yoki kambag’allashib qolgan toifadoshlari ijora asosida ishlatadigan dehqonlar qatlami paydo bo’ldi. Germaniya dehqonlar doimo feodal ekspluatasiyasiga qarshi kurashib kelganlar. Lekin XII-XIII asrlardagi dehqonlar chiqishlar ko’proq lokal xarakterga ega edi. Lekin XIII asrdan boshlab dehqonlar chiqishlari keng qamrovli tus oldi. Bu qo’zg’olonlar ko’proq ozod dehqonlar toifasi saqlanib qolgan Shimoliy Germaniyada kuzatiladi. Masalan 1114 yilda graf Rudolf fon Shtedga qarshi Ditmarshen qo’zg’oloni; 1132 va 1153 yildagi frizlarning graf Golandskiyga qarshi qo’zg’olonlarini keltirish mumkin. 1285 yildagi Gil Kolup boshchiligidagi qo’zg’olonni (unga berilgan nomga ko’ra «yog’och boshmaklilar») ayrim shaharlar qo’llab – quvvatlaganlar.