Biz shundaylardanmizki, charxning fili ham bizni turtib o‘tolmaydi,
Bizning shavkatimiz nog‘orasi uchun osmonni do‘mbira qilib chaladilar.
Agar chumoli bizning safimizdan joy olsa,
Bizning davlatimizdan u shcrga aylanadi.
Xullas, Pahlavon Mahmud shе’riyatida kеng ma’nodagi hayotiy voqеalar, insoniy kеchinmalar, chuqur axloqiy, falsafiy qarashlar badiiy mahorat bilan ifoda etiladi.
RABG‘UZIY (XIII asr oxiri — XIV asr boshi)
XIII asr oxiri — XIV asr boshlarida yashab ijod etgan Bur- xonuddin o‘g‘li Nosiruddun Rabg‘uziy Vatanimiz tarixida o‘z munosib o‘rniga ega. U Xorazmning Roboti O‘g‘iz dеgan joyida tavallud topgan. Rabg‘uziy to‘g‘risida ma’lumot bеruvchi uning «Qisasi Rabg‘uziy» asaridan boshqa hеch qanday ma’lumot bizgacha yеtib kelmagan. Bu kitobning muqaddimasida quyidagilami o‘qiymiz: «Bu kitobni tuzgan, toat yo‘lida tizgan, ma’siyat yobonin kezgan, oz ozuqlug‘, ko‘p yozuqlug‘ Robot o‘g‘uzining qozisi Burxon o‘g‘li Nosiruddun»1. Demak, asar muallifi Xorazmning Roboti, O‘g‘uz degan mavzesida qozilik qilgan. Rabg‘uziy uning taxallusidir. Nosiruddun Burxonuddun o‘z asarini bir yil zahmat chekib, 710-yilning hut oyida (1311-yilning mart oyida) yozib tugallagan.
«Qisasi Rabg‘uziy»ning XV asrda ko‘chirilgan bir nusxasi Londonda, Britaniya muzeyida saqlanadi. XVI asrga mansub nusxasi esa Sankt-Peterburgda va keyingi asrlarga oid bir necha qo‘lyozma nusxalari Toshkentdagi Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining fondida saqlanmoqda. Asar «Qissasul-anbiyoyi Rabg‘uziy» nomi bilan 1859-1881-yillarda Qozon shahrida besh marta chop etilgan. Toshkent toshbosmaxonasida bosilgan nusxasi ham bor.
«Qisasi Rabg‘uziy» asari jami 72 qissadan iborat. Asarga asos qilib Qur’ondan bir qator lavhalar olingan. Shuningdek, Abu Is’hoq Nishopurning «Qissasul-anbiyo»sidan va islomga oid boshqa manbalardan foydalanilgan.
Asarda hikoya qilingan Odam, Shis, Idris, Nuh, Hud, Solih, Ibrohim, Ismoil, Is’hoq va boshqa payg‘ambarlar, Xorut va Morut kabi farishtalar to‘g‘risidagi rivoyatlar shoir iqtidori va iste’dodining yuksakligidangina dalolat berib qolmasdan, ayni paytda u ilk o‘zbek badiiy prozasining dastlabki namunasi sifatida ham qimmatlidir. Ularning aksariyati xalq og‘zaki ijodi asosida vujudga kelgan. Bunga Luqmon haqidagi qissa — latifa yorqin misol bo‘la oladi: «Bir kun Luqmon ekin ekmakka borur erdi. Xojasi aydi: «Bug‘doy ekkil». Luqmon bordi, arpa ekdi. Xojasi aydi: «Bug‘doy nechun ekmading?». Luqmon aydi: «Arpa eksam, ul bug‘doy bo‘lmasmuq». Xojasi aydi: «Hargiz arpa ekib, bug‘doy bo‘lmadi». Luqmon Hakim aydi: «Bas, gunoh qilursen, ul xayr yerin tutarmu?»
Ushbu latifaning so‘nggida qissadan qissa chiqariladi: yomon ish aslo yaxshi ishning o‘rnini bosolmaydi. Adolatsiz va insofsiz xoja qoralanadi.
Rabg‘uziy qobiliyatli shoir ham bo‘lgan. U «Qisasi Rabg‘uziy»- ning hikoya, latifa va qissalariga o‘zbek va ba’zan arab tilida yozil- gan parchalar, hatto g‘azallar kiritadi. Xulosa shuki, Rabg‘uziyning «Qisasi Rabg‘uziy» asari o‘zbek adabiyoti tarixining eng nodir asar- laridan biri sifatida ma’naviy merosimizdan mustahkam o‘rin olgan.
JALOLIDDIN RUMIY (1207—1273)
Xalqimizning ajoyib farzandlaridan biri buyuk shoir va tasavvuf ilmining yetuk vakillaridan bo‘lmish faylasuf olim Jaloliddin Rumiydir. Asli Balxda tug‘ilgan ulug‘ alloma va mutafakkirning otasi Bahovuddin o‘z davrida tanilgan olim bo‘lgan, Najmiddin Kubroning shogirdi edi. Mo‘g‘ullar istilosi tufayli Jaloliddin Rumiy otasi bilan vatandan chiqib ketishga majbur bo‘ladi va Kichik Osiyo (Quniya) ga borib o‘qiydi hamda mudarrislik qiladi. U fors-tojik arab va turkiy tillarda ijod qilib, o‘zining mashhur asarlarini yaratadi. Jaloliddin Rumiyga E.Bertels yuksak baho bergan: «Jaloliddin lirikasi bu sohada bashariyat erishgan eng buyuk yutuqlardan biridir. Agar u G‘arbda kengroq ma’lum bo‘lganida uning nomi jahon adabiyotining Sheks- pir, Gyote, Pushkin kabi gigantlar qatoriga o‘tishi shubhasiz edi»2.
Jaloliddin Rumiyning ijodi Fariduddin Attor (1151-1221)- ning ta’sirida shakllangan. Fariduddin Attor Nishopurda bo‘lgan chog‘ida Rumiy bilan uchrashadi va o‘zining «Asrornoma» asarini tuhfa tariqasida beradi. Uning Shams Tabriziyga bag‘ishlab yozgan she’riy devoni o‘sha davrda «Devoni Shams Tabriziy» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Bu devon 30 ming baytdan iborat edi. Jaloliddin Rumiy o‘zining 27 ming baytdan iborat «Masnaviy Rumiy»ini qariyb o‘n yil davomida yozib tugallagan. Bu asar, Alisher Navoiy so‘zlari bilan aytganda, «qoyili masnaviy ma’naviy g‘avvosi bahri yaqin»ligi bilan ajralib turar edi. Shoir o‘zining masnaviysida xalq hikoyalari asosida mazmunli, yumorga, badiiyatga boy jonli novellalar yaratgan. Ularda usta adib o‘z asarining qahramonlarini hayvonlar nomi bilan atab, mistik tushunchalarni emas, real g‘oyalarni ilgari suradi, hayotiy voqea va hodisalarga ishora qiladi.
Jaloliddin Rumiy ayni zamonda buyuk faylasuf ham bo‘lgan. U «Mavlaviy» nomi bilan ataluvchi tasavvuf maktabining asoschisidir. Faylasufning «Masnaviyi ma’naviy» va «Fihi mo fihi» («Unda qanday bo‘lsa, bunda ham shunday») asarlarida hurfikrlilik va nazariy tafakkur, taraqqiyot muammolari ilgari suriladi. Uning falsafiy dunyoqarashidagi asosiy g‘oya zo‘rlik va zulmni qoralash, haqiqat va adolatni tarannum etishdan iboratdir. Allomaning fikricha, inson o‘z xulqini idora qilishda ozoddir, ya’ni yomon xulqdan qutulib yaxshi xulqqa intiladi. Xullas, Jaloliddin Rumiyning badiiy va falsafiy-ilmiy merosi xalqimizning ma’naviy boyligidir, u asrlar osha avlodlarga xizmat qilaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |