4-Mavzu.Ishlab chiqarish xarajatlari va foyda. (2 soat)
REJA.
1.Ishlab chiqarish xarajatlari tushunchasi va uning tarkibi.
2.Qisqa muddatli va uzoq muddatli davrlarda ishlab chiqarish harajatlarining o‘zgarish tam oyillari.
3.Foydaning mazmuni. Foyda norm asi va massasi.
Asosiy tayanch tushunchalar:
Ishlab chiqarish xarajatlari, ichki xarajatlar, tashqi xarajatlar, doimiy xarajat o‘zgaruvchi xarajat, o‘rtacha xarajatlar, qo‘shimcha xarajatlar, to‘g‘ri xarajatlar, egri xarajat, iqtisodiy yoki sof foyda, foyda normasi, ish haqi, nominal ish haqi, real ish haqi.
Korxonalarning bozorga mahsulot yetkazib berishga bo‘lgan layoqatini aniqlab beruvchi muhim omil sarf-xarajatlar darajasi hisoblanadi. Har qanday tovarni ishlab chiqarish iqtisodiy resurs sarflarini taqozo qiladi, ular ham ma’lum narxga ega bo‘ladi. Korxona bozorga taklif qiladigan tovar miqdori iqtisodiy xarajatlar (resurs narxlari) darajasiga, resurslardan foydalanish samaradorligi va tovarlar bozorida sotiladigan narxlarga bog‘liq. Bu mavzuda biz sarf-xarajatlarning umumiy tabiati va tarkibiga to‘xtalamiz hamda foydaning tashkil topishini tahlil qilamiz.
Shu bilan bir qatorda, kishilarning hayot kechirishi va turmush darajasini aniqlab beruvchi daromadlarning asosiy turi bo‘lgan ish haqini tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Mavzuda ish haqining iqtisodiy tabiati bilan bog‘liq muammolar va uning shakllari hamda bozor munosabatlari sharoitida ish haqi darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ko‘rib chiqiladi.
1. Ishlab chiqarish xarajatlari tushunchasi va uning tarkibi.
Ishlab chiqarish xarajatlari deganda tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berishga qilinadigan barcha sarflar tushuniladi. Ishlab chiqarish sarf-xarajatlari tarkibiga xom ashyo, asosiy va yordamchi materiallar, yonilg‘i va energiya uchun qilingan xarajatlar, asosiy kapital amortizasiyasi, ish haqi va ijtimoiy sug‘urtaga ajratmalari, foiz to‘lovlari va boshqa xarajatlar kiradi. Ishlab chiqarishga qilingan barcha sarf-xarajatlarning puldagi ifodasi mahsulot tannarxini tashkil qiladi.
Ishlab chiqarish xarajatlarini ikkiga bo‘lib o‘rganish mumkin: bevosita ishlab chiqarish xarajatlari va muomala xarajatlari (1-chizma). Tovar birligining qiymatida ishlab chiqarish xarajatlari faqat uning bir qismini tashkil qiladi. Ishlab chiqarish xarajatlari tovar qiymatidan foyda miqdoriga kam bo‘ladi. Muomala xarajatlari tushunchasi tovarlarni sotish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, shu tovarlarni ishlab chiqaruvchidan olib, iste’molchiga yetkazilguncha ketadigan sarflarga aytiladi. Ular ikki guruhga bo‘linadi: qo‘shimcha muomala xarajatlari va sof muomala xarajatlari. Tovarlarni o‘rash, qadoqlash, saralash, transportga ortish, tashish va saqlash xarajatlari qo‘shimcha muomala xarajatlari hisoblanadi. Muomala xarajatlarining bu turlari ishlab chiqarish xarajatlarining davomi hisoblanib, tovar qiymatiga kiradi va uning qiymatini oshiradi. Xarajatlar tovarlar sotilgandan keyin olingan pul tushumi summasidan qoplanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |