4-MAVZU. INNOVATSION SIYOSAT VA AGROBIZNESDA INNOVATSION JARAYONLAR
1. Innovatsion siyosat olib borishning tashkiliy-iqtisodiy asoslari.
2.Innnovatsion siyosatning ustuvor yo‘nalishlari.
3. Innovatsion faoliyat sohasida davlat siyosatining asosiy vazifalari.
4. Agrobiznesda innovatsion jarayonlar.
5.Innovatsion jarayonlarni ta'sir etuvchi omillar.
Tayanch so‘zlar: ilmiy faoliyat, bosqich, innovator, xususiyat, taraqqiyot, qaror, fan-texnika, tendensiya, samaradorlik, tadqiqot, ishlanma.
Innovatsion faollik, u avvalo ishlab chiqarish jarayoni va uni boshqarishdagi ijobiy yangilik va o‘zgarishdir. Bu o‘zgarishlar ishlab chiqarishga birinchi navbatda ilg‘or texnologiyalar, fan yutuqlarini joriy etish, xo‘jaliklarni boshqarishni takomil lashtirish, mahsulot birligiga bevosita va bilvosita xarajatlar sarfini pasaytirishdir. Bizning fikrimizcha, innovatsion faollik to‘g‘risida eng to‘liq tasavvurga ega bo‘lish, uning darajasini aniqlash uchun innovatsion jarayonlar indikatorlari, innovatsion jarayonlar sifati indikatorlari va xodimlarni innovatsion faollikka chorlovchi indikatorlar kompleks tahlil qilinishi zarur. Innovatsion faollik darajasini tavsiflash uchun aynan ushbu indikatorlar guruhini tanlash va tahlil etish katta ahamiyatga ega. Iqtisodiyot tarmoqlarini innovatsion faoliyat asosida boshqarishga qaratilgan davlat dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda zamonaviy menejment usullarini qo‘llash katta samara beradi. Bizningcha, bu boshqaruv bir necha bosqichdan iborat bo‘lmog‘i va eng maqbul samarali variantni tanlash bilan tugallanishi lozim. Innovatsion faoliyatni samarali boshqarish uchun innovatsiyalarni boshqarish maqsadini fermer xo‘jaliklarini boshqarish maqsadi bilan uyg‘unlashtirish, korxonaning raqobatbardoshligi hamda zaif va ustun jihatlarini aniqlash, innovatsiyalarni boshqarishning analitik, tajriba - eksperimental, prognozlash, iqtisodiy, ma'muriy, ijtimoiy - psixologik usullarini boshqarishda keng qo‘llash zarur. Davlat tomonidan innovatsion faoliyatni qo‘llab quvvatlashdan asosiy maqsad moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarida progressiv yangiliklar bo‘lishini rag‘batlantirish, tarmoqlar va korxonalar raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.
Davlat tashkilotlarining innovatsion sohadagi asosiy funksiyalari qatoriga ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarga yo‘naltirilgan mablag‘larni jamlash, innovatsion faoliyatlarni muvofiqlashtirish, innovatsiyalar va raqobatni rag‘batlantirish, innovatsion risklarni sug‘urtalash, eskirgan yoki sifatsiz mahsulotlarni chiqarishga sanksiya belgilash, innovatsion jarayonlarning huquqiy asoslarini ishlab chiqish, mualliflik huquqini himoyalash, innovatsion faoliyatni kadrlar bilan ta'minlash, innovatsiyalar ifratuzilmasini shakllantirish, tarmoqlarda innovatsiya jarayonlarining institutsional ta'minotini yaratish, innovatsiyalarni ijtimoiy yo‘naltirilganligini ta'minlash, innovatsion faoliyatning jamiyatdagi mavqyeini oshirish va hokazo. Jahon va mahalliy tajribalar shundan dalolat beradiki, davlatning ustuvor qo‘llab - quvvatlash yo‘nalishlariga ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish, mualliflik huquqini himoyalash, raqobat muhitini yaratish, innovatsiyalar sarmoyalanishini rag‘batlantirish va axborot bazasini yaxshilash kiradi. Mamlakatimizda bularga davlat e'tibori yuqori va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun agrar tarmoqda zarur shart - sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi “Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5583 sonli farmoni hozirgi kundagi xar bir sohadagi innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadidagi siyosat bo‘lib, bu agrar sohada ham o‘z samarasini ko‘rsatadi.
Ma'lmki, oxirgi yillarda respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
Shu bilan birga, tahlil shuni ko‘rsatadiki, hozirgi paytda tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini samarali rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan qator salbiy omillar mavjud, xususan:
birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonun hujjatlaridagi yuridik shaxslarning amaldagi tashkiliy-huquqiy shakllari birgalikdagi biznesni yuritish uchun bir qadar murakkab tartib-taomillarni nazarda tutadi. Natijada ayrim investorlar yangi yuridik shaxs tashkil etmasdan o‘zlarining bo‘sh mablag‘larini og‘zaki shartnoma yoki qarz shartnomasi asosida yagona hissaga yo‘naltiradilar yoki birlashtiradilar;
ikkinchidan, potensial investorlarni, ayniqsa, mustaqil ravishda tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etishga kirishmaydigan va o‘z mablag‘larini biznes yuritish uchun taklif qiladigan xorijiy investorlarni faol jalb qilish uchun huquqiy baza va tashkiliy platforma mavjud emas;
uchinchidan, rivojlangan davlatlardan farqli ravishda O‘zbekiston Respublikasida biznesni yuritish asosan tavakkalchilik bir joyda to‘plangan sharoitlarda amalga oshiriladi, ya'ni pul mablag‘larini jamg‘arish va ularni boshqarish bilan ayni bir shaxslar shug‘ullanadi. Tavakkalchilikni taqsimlash mexanizmlari hamda investitsiya aktivlarini professional boshqaruvchilarining mavjud emasligi xorijiy investorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishda salbiy ta'sir qilmoqda;
to‘rtinchidan, tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasidagi munosabatlarning haddan ziyod tartibga solinishi ular o‘rtasida sherikchilik munosabatlarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, buning natijasida biznesni yuritish va investitsiyalarni jalb qilishning zamonaviy prinsiplari amaliyotga asossiz ravishda sekin tatbiq etilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishining bozor munosabatlariga o‘tish davrida inson salohiyatidan foydalanish masalasi yangicha ko‘rinish olmoqda. Ya'ni, iqtisodiyotning biz uchun yangi bo‘lgan sektori yuzaga kelib, unda mahsulot sifatida mutaxassis olimlarning intellektual faoliyati natijalari, ya'ni intellektual mulkka bo‘lgan huquqlari namoyon bo‘lmoqda va inson intellektual mehnati mahsulidan daromad olishi imkoniyatlari kengaydi. Shuningdek, bugungi kunda intellektual mulkning umumiy iqtisodiy muammolarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilish jarayonida ham jonlanish kuzatilmoqda. Biroq agrar tarmoqqa tegishli intellektual mulkni iqtisodiy jihatlarini tadqiq etish, uning iqtisodiy jarayonga moslashishi, intellektual mulkning iqtisodiy aloqalarini, ko‘rinishlarini, tutgan o‘rni va rolini, boshqa mulklar bilan o‘zaro bog‘liqligini, mehnatning nomoddiy natijalariga baho berish usullarini, intellektual mahsulot bozorini shakllantirish asoslarini, shuningdek, intellektual mulkni iqtisodiy jarayonga joriy etishning strategiyalarini ilmiy jihatdan tadqiq etish asosida mamlakat agrar fanini yanada rivojlantirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Zero qo‘yilgan masalalarning yechimini topilishi mamlakatimiz iqtisodiyotini innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tishiga zamin yaratadi.
Ma'lumki agrar sohada iqtisodiy samaradorlikka erishish va uni ta'minlash muammosi keyingi paytlarda ko‘pincha mahsulot ishlab chiqarish jarayonidagi xarajatlarni qisqartirish yoki resurslar sarfini me'yorlashtirish bilan bog‘lanmoqda. Albatta, ishlab chiqarish jarayonida mehnat va moddiy-texnik resurslar sarfi va uni kamaytirish vazifasiningdolzarbligini inkor etish noto‘g‘ri. Lekin ishlab chiqarish samaradorligiga erishishning faqat resurslar sarfini kamaytirish bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘nalishini tanlash va shu orqali maqsadga erishishga intilish bizningcha yagona to‘g‘ri yo‘l deb bo‘lmaydi. Tarmoqda ishlab chiqarish samaradorligiga erishish muammosiga kompleks tarzda yondashish, jumladan zamonaviy ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yangiliklarning kirib kelishini ta'minlash masalasi ham sifat va samaradorlikni ta'mimnlashning asosiy shartlaridan hisoblanadi. Chunki inson tomonidan yangilikka intilishning natijasida yaratilgan mahsulot, ilg‘or g‘oyaning ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilinishi ilmiy-texnik taraqqiyotni sifat jihatdan yana bir bosqichga oshiradi. Ilmiy-texnik taraqqiyot esa, eng avvalo, fanning rivoji bilan bevosita uyg‘unlikda rivojlanadi.
Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot mamlakatda ilg‘or ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassislar shakllanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi hamda raqobatbardosh ilmiy kadrlar tayyorlashda birlamchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Bunda davlat ilmiy muassasalari, tadbirkorlik sub'ektlari o‘ziga xos o‘rin tutib, ular innovatsion mahsulotlar yaratish intellektual salohiyatdan maqsadli va oqilona foydalanishlari talab etiladi. Ana shunday holatda innovatsion muhit shakllanishi yoki innovatsion g‘oya paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori hisoblanadi. Shu sababdan ham, bizningcha, innovatsion jarayonning rivojlanishning birlamchi asosini ijtimoiy muhit va tadbirkorlik omili tashkil qilishi va shu asosda innovatsion g‘oyalar, ularni amalga oshirish va tatbiq etish tizimini rivojlantirish zarur1.
“Intellektual mulk – ijodiy aqliy faoliyat mahsuli. Ixtirochilik va mualliflik ob'ekti huquqi majmuiga kiruvchi, fan, adabiyot, san'at va ishlab chiqarish sohasida ijodiy faoliyatning boshqa turlari, adabiy, badiiy, ilmiy asarlar,... kashfiyotlar, ixtirolar, ratsionalizatorlik takliflari, sanoat namunalari, kompyuterlar uchun dasturlar, ma'lumotlar bazasi, nou-xauning ekspert tizimlari, tovar belgilari, firma atamalari va boshqa aqliy mulk ob'ektlariga kiradi”. Agrar sohada intellektual mulkdan foydalanish samaradorligini oshirish avvalo tarmoqda innovatsion faollikni rivojlantirishi bilan bog‘liqdir. Sohaning ilmiy ta'minotini tashkil qilish va rivojlantirish esa ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlarini kengaytirish hamda uning natijalarini amaliyotga joriy qilish bilan bog‘liq. Bu uchta muhim yo‘nalish: maxsus dasturlar, ilmiy izlanishlar va ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy qilishdan iborat.
Innovatsion faollikni rivojlantirishda intellektual mulkdan samarali foydalanish tarmoq rivoji uchun olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish bilan bevosita bog‘liq. Chunki, agrosanoat tarmog‘ining boshqa tarmoqlarga nisbatan o‘ziga xos xususiyatlari, aynan mazkur tarmoqda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarini moliyalashtirishni ham o‘ziga xoslik jihatlari bilan farqlanadi. Rossiyalik iqtisodchi olim I.Ushachevning fikricha, agrar tarmoqda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar – sohadagi innovatsiyalarning manbai hisoblanadi. Tarmoqni fan ishlanmalarini joriy qilish orqali rivojlantirish zarur va ushbu soha davlat tomonidan moliyalashtirilishi lozim. Shuning bilan birgalikda, unda ilmiy xodimlar manfaatdorligini oshirishni ham nazarda tutishi keoak. Eng avvalo, tarmoqda fan yangiliklarini, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tadbiq etib borish talab etiladi, ya'ni ushbu vaziyatda mamlakat miqyosida agrar sohani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va ularni moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday dasturlarni tuzishda innovatsion jarayonlarni texnik, biologik va kimyoviy moddalar, texnologiyalar va xo‘jalik yuritish shakllarini doimiy yangilash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini agroiqlim omillari va bozor talablariga moslashtirish, tovar mahsulotlariga jahon standartlarini joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratishda ishlab chiqarish bilan fanning o‘zaro bog‘liqligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bularning barchasi qishloq xo‘jaligi va qayta ishlab chiqarishni intensivlashtirish darajasini, mehnat unumdorligini oshirish, innovatsiyani joriy etish natijasida ASMni barcha bo‘g‘in va tarmoqlarida qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish imkonini beradi.
Innovatsion jarayonda agrosanoat majmuini boshqarish tuzilmalari bilan bir qatorda sanoat, qishloq xo‘jaligi va turli xizmat ko‘rsatish korxonalari ham ishtirok etadi. Shuning uchun ham yakuniy maqsadga erishishi uchun innovatsion jarayon ishtirokchilarini innovatsiyaga bo‘lgan talabini aniqlashdan boshlab, uni ishlab chiqish, foydalanish va natijani amaliyotga joriy qilish bosqichlarini bir biriga bog‘liq ravishda ish olib borishiga erishish zarur.
Qishloq xo‘jaligida innovatsion faoliyatni rivojlantirishga jiddiy to‘siq bo‘layotgan yuqoridagi va boshqa muammolarning har birini yakka tartibda hal etish yaxshi samara bermasligi hammaga ma'lum. Shu sababli bizning fikrimizcha, davlatning agrar sohadagi innovatsion siyosatini iqtisodiyotni bozor munosabatlariga mos modernizatsiyalash strategiyasini, uning asosiy bosqich va yo‘nalishlarini qamrab oluvchi maxsus davlat dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish istiqboldagi asosiy vazifalardan biri sifatida tan olinishi lozim.
Ushbu dasturning asosiy tarkibiy qismlari sifatida, bizningcha, quyidagilar belgilanishi maqsadga muvofiq:
-tarmoqda innovatsiyalar yaratuvchi ilmiy va oliy ta'lim muassasalari va iste'molchi bozor sub'ektlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va moddiy manfaatdorlikka asoslangan kooperatsiya va integratsiya aloqalarini tashkillashtirish va rivojlantirish;
-qishloq xo‘jaligini innovatsion asosda rivojlantirish, xalqaro standartlarga javob beradigan ekologik toza sifatli dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish orqali ichki va tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallash kabi ustuvor vazifalarni hal etish maqsadida respublika miqyosida “innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi” ni tashkil qilish;
-rivojlangan xorijiy davlatlarning qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori samara berayotgan innovatsion texnologiya va va ishlanmalarini respublikamizga olib kirish, ularni hududlarning tabiiy-iqlim va tuproq sharoitlariga mos ravishda oqilona tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi sub'ktlarni o‘z ichiga oluvchi maxsus tuzilma tashkil etish, uning maqomi va funksiyalarini ishlab chiqish hamda moliyalashtirish manbalarini belgilab berish;
-qishloq xo‘jaligida innovatsion faoliyat va faollikni rivojlantirishda davlatning muvofiqlashtiruvchi va rag‘batlantiruvchi rolini yanada kuchaytirish yo‘nalishlarini belgilash;
Hozirgi vaqtda amalda bo‘lgan ilmiy tadqiqotlar dasturlari esa, fundamental va amaliy yo‘nalishlarda bo‘lib, ularning natijalari ilmning yangi yo‘nalishlarini belgilab beradi. Buday dasturlarning amalga oshirilishi ishlab chiqarish texnologiyasi va agrosanoat majmuasining rivojlanish tizimini takomillashtirib boradi. Bu takomillashtirish fundamental va amaliy tadqiqotlarning turlicha kombinatsiyalari natijasida yuzaga keladi. Amaliyotga tadbiq etish dasturi ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilish asosida ma'lum yo‘nalishda ishlab chiqarish natijalariga erishishdan iborat.
Umuman olganda agrar sohaning ilmiy ta'minot tizimi undagi mavjud ilmiy salohiyatining mustahkamlanishi, qishloq xo‘jaligini malakali va yuqori intellektual salohiyatga ega bo‘lgan kadrlar bilan ta'minlash darajasining oshib borishi, boshqarish mexanizmining samarali usullarining joriy qilinishi, fan va ishlab chiqarish uyg‘unlashuvining tashkiliy va iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish bilan bog‘liq ravishda rivojlanib borish imkoniyatlarini kengaytiradi. Buning uchun esa qishloq xo‘jaligida innovatsion faoliyatni tashkil etish va ularni rivojlantirishda, eng avvalo, intelektual mulkni o‘rni beqiyos bo‘lib, bozor iqtisodiyoti sharoitida tarmoqda mazkur mulkdan oqilona va samarali foydalanishda ilm-fan yutuqlari bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzluksiz bog‘liqlikni ta'minlash, intellektual mulkni rivojlanishi uchun uni moliyalashtirish manbalarini takomillashtirish, intellektual mulk natijalarini tarmoqda joriy etish va uni iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlarini muntazam ravishda takomillashtirib borish lozim deb hisoblaymiz.
Hozirgi jahon integratsiyalashuv va globallashuv sharoitida mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishini, tashqi o‘zgaruvchan muhitga moslashuvchan, turli hildagi innovatsiyalar va ilmiy-texnika taraqqiyotiga ta'sirchan bo‘lishini taqozo etmoqda. Keyingi yillarda respublikada agrar sohani rivojlantirishga doir qabul qilingan huquqiy-me'yoriy hujjatlar qishloqning qiyofasini tubdan o‘zgartirish imkonini berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 26 yanvardagi PQ-1046-sonli «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 29 oktyabrdagi «erlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-3932-sonli farmoniga muvofiq qabul qilingan “Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini 2008-2012 yillarda yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 7 apreldagi F-148-sonli “Qishloq aholi punktlarini bosh rejalar va hududlarni me'moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalari bilan o‘z vaqtida ta'minlash, ushbu hududlarni shaharsozlik jihatdan kompleks rivojlantirishni amalga oshirish to‘g‘risida”gi farmoyishi, 2009 yil 3 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1167-sonli «Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Iqtisodiyotning agrar sektorida tarkibiy o‘zgarishlar va diversifikatsiyalash, shuningdek, resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish evaziga 2002 yildagi 106,0 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 105.1foizga teng bo‘ldi. Shu bilan birga, sanoat va xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi natijasida qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulot (YaIM)dagi ulushi 2002 yildagi 30,1 foizdan 2018yilda 16,9 foizgacha kamaydi. Qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining tarkibi ham o‘zgardi. Dehqonchilikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ustuvorlik berilishi natijasida ularga ajratilayotgan ekin maydonlarining kengaytirilishi va hosildorligini oshirishga oid agrotexnologik tadbirlarni amalga oshirish evaziga dehqonchilik ulushi 2002 yildagi 50,6 foizdan 2018 yilda 69,0 foizgacha oshishiga erishilgan bo‘lsa, chorvachilik ulushi esa 49,4 foizdan 31,0 foizgacha kamaydi.2
Qishloq xo‘jaligida davom etayotgan tarkibiy o‘zgarishlar jarayonida, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishning asosiy shakllari etib fermer va dehqon xo‘jaliklari tanlab olindi. Fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ularning barqaror va samarali rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Tarkibiy o‘zgarishlar natijasida fermer xo‘jaliklarining ulushi 2002 yilda 10 %dan 2018 yilda 32 foizgacha oshishiga olib keldi.
Yuqorida keltirilgan ma'lumotlar tahlilidan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi qishloq xo‘jaligi ham jadal rivojlanmoqda. Bunda yer haqiqiy egasini topganligi, sohada izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarga davlat tomonidan zarur ko‘mak berilib, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi o‘z samarasini bermoqda.
Qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishida tabiiy omillar ta'siri yuqoriligi bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligini agrotexnik, huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy jihatdan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun investitsiyalar ajratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari, suv xo‘jaligi ob'ektlari faoliyatining muntazamligini ta'minlash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining texnika ta'minotini kuchaytirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, hosildorligi past yerlarda paxta xomashyosi yetishtiruvchi xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi yo‘nalishlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
O‘zbekiston агробизнесни rivojlanishi ko‘p jihatdan innovatsion faoliyatning samaradorligiga bog‘liq. Innovatsiyalarni o‘zlashtirish natijasida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish bazasi texnologik, texnik va tashkiliy-iqtisodiy jihatdan yangilanib boradi. Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekistonning jahon bozoriga integratsiyasini kuchaytiradi. Mamlakatlar iqtisodiyoti turi va rivojlanish darajasiga qarab, asosan, xomashyo ishlab chiqarishga ixtisoslashgan doindustrial (preindustrial) iqtisodiyot, industrial iqtisodiyot, postindustrial iqtisodiyot, aralash iqtisodiyot va innovatsion iqtisodiyot yoki bilimlar iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlarga bo‘linadi
Innovatsion iqtisodiyot iqtisodiyotning eng yuqori rivojlangan turi hisoblanadi va u uchun bilimli jamiyat xosdir. Hozirigi kunda fan-texnika yutuqlarini keng joriy etish va undan samarali foydalanish uchun turli mexanizmlar va institutsional tuzilmalar, ya'ni milliy innovatsion tizim shakllanmoqda.
Respublikamizda xar yili o‘tkaziladigan “Uzbekistan Agrominitech Expo” ko‘rgazma-savdosida Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Avstriya, Bolgariya, Belarus, Niderlandiya, Eron, Rossiya, Turkiya kabi dunyoning 24 davlatidan 195 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etmoqda. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan ixcham liniyalar, qadoqlash minitexnologiyalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bog‘dorchilik uskunalari, ozuqa tayyorlash, bog‘dorchilik va uzumchilik sohasi uchun minitexnika hamda uskunalar, o‘simliklarni himoya qiladigan kimyoviy moddalar, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha keng turdagi mahsulot va xizmatlar namoyish etildi. Bu yerda meva-sabzavot va ko‘katlarni quritish kameralari, parrandachilik inkubatorlari, qadoqlash-o‘rash jihozlari, chizel-kultivator va pluglar taqdim etildi. Muqobil energetika sohasidagi yutuqlar – eng chekka hududlarda joylashgan ob'ektlarni ham elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash uchun mo‘ljallangan quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari qishloq xo‘jaligida innovatsion mahsulot ishlab chiqarishga ko‘maklashuvchi innovatsion ishlanmalardan biridir.
Agrar sohada innovatsion jarayonlar tavakkalchiligi yuqoriligi
Davlat tomonidan ilmiy-texnik, ITI va OTMlarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘larning qisqarishi
ASM sohasida ilmiy-tadqiqot ishlanmalar yetarli darajada rivojlanmagan
Innovatsiyalar uchun kreditining yuqori stavkasi
Ekologik xavfsiz, natural oziq-ovqat mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati
Ichki oziq-ovqat bozorining sig‘imliligi
Ilmiy tadqiqot
Bozor munosabatlariga asoslangan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning rivojlanishi
Tabiiy resurslar mavjudligi
Qishloq xo‘jaligida innovatsion jarayonlarni rag‘batlantiruvchi omillar
Qishloq xo‘jaligida innovatsion jarayonlarga to‘sqinlik qilayotgan omillar
Do'stlaringiz bilan baham: |