Olamni estetik anglashda texnologiyalarning roli.
Texnika rivojining ko‘p yillik tarixi bizning texnik bilimlarimiz, ixtirochilik, konstruktorlik qobiliyatimiz fan, inson ehtiyojlari, yashash muhiti rivojiga muvofiq doimiy mukammallashib borishini ko‘rsatmoqda. Hozirgi zamon sivilizatsiyasi sanoat va texnika taraqqiyoti bilan bog‘liqdir. U industrial sivilizatsiya yoki texnogen jamiyati deb atalmoqda. Inson va jamiyat «texnosfera»da joylashgan bo‘lib, texnika bir joyda to‘xtab turmaydi. Texnika innovatsiyasi inson hayotini to‘xtovsiz o‘zgartirib turuvchi katalizator - harakatga keltiruvchi sifatida inson ongidan joy oladi. Mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish ijtimoiy hayotga, iqtisod, siyosat va mafkuraga kirib keldi.
«Inson va mashina» munosabatlari tobora yangicha mazmun kasb etib bormoqda. Har qanday rivojlangan texnika ham ijtimoiy masalalarni insonsiz hal eta olmaydi. Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnika asrida taraqqiyot taqdirini ma’naviy jihatdan yetuk odamlar hal qiladi. Texnikaviy bilim, murakkab texnologiyani egallash qobiliyati ma’naviy barkamollik va mustaqil tafakkur bilan birga borishi kerak. Texnik taraqqiyotni, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini to‘xtatish, inkor etish mumkin emas. Shunday ekan, texnogen sivilizatsiyada inson texnogen madaniyat-fan amaliyoti, texnikaning yangidan-yangi shakllari, ularni ishlata bilish uquvi va mahoratiga ega bo‘lishi taqozo etiladi.
Texnogen sivilizatsiya - estetik faoliyat va estetik didni shakllantirishning muhim omilidir. Ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni insoniylashtirish va go‘zallashtirish estetik muammolardan hisoblanadi. Voqelikka estetik munosabatlar, milliy va umumbashariy ahamiyatga egadir. Estetik qadriyatlar esa – barqarorlikni ta’minlovchi omil hisoblanar ekan, “dunyoni go‘zallik qutqaradi” shiori global ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. “Go‘zal muhitda yashash oliy ne’mat” – estetikaning bosh tamoyilidir. Olamni estetik anglashda axborot va jamiyat axborotlashuvining roli ortib bormoqda. Axborot estetikasining o‘ziga xos xususiyatlari va uning siyosiy, badiiy, ijtimoiy, axloqiy, ma’naviy jarayonlar bilan bog‘liqligidadar. Reklama estetik ma’lumot olish vositasi bo‘lib bormoqda. Ularning turlari va shakllari xilma-xildir. Reklama estetikasida milliylik va umumbashariylik namoyon bo‘lib boradi.
Shu o‘rinda estetik tarbiyaga tahdidning uchinchi jihati haqida fikr bildirish va bu borada alohida ta’kidlash shart bo‘lgan bir necha mulohazalar bor. Ular orasida insonning estetik tarbiyasiga ta’sir etishning psixologik jihatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Buni ong osti hodisasi orqali izohlash mumkin.
1. Sezgilar. Aytish mumkinki, mana shu 5ta sezgi ilg‘amagan narsani ong osti ilg‘ash qobiliyatiga ega. Uzluksiz jarayonni tuyg‘ular xotiraga uzluksiz yozadi. Ammo biz ularning hammasini ajrata olmaymiz. Zero kamalakda millionlab, balki cheksiz miqdordagi rang bo‘lishiga qaramay bizlar ulardan faqatgina 7 tasinigina ajrata olamiz xolos.
2. Kuzatish. Bu borada reklama va uning estetik tabiatini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Shuning uchun ham mahsulot reklamalari odamlar gavjum bo‘ladigan joylar (bozorlar, ko‘chalar va hokazo)ga o‘rnatiladiki, bunda bevosita kuzatish muhim omilga aylanishi bejiz emas. Ayni paytda mahsulotga bo‘lgan qiziqish reklamada ko‘rsatilgan shaxsga ixlos tufayli ortadi.
3. Tashviqot. Ongosti tashviqotga tabiiy xolda eshitilmaydigan ovozlar orqali ta’sir qilishni kiritish mumkin. Supermarket, kafe-bar, bozor hamda ko‘ngilochar maskanlarda qo‘yiladigan musiqalarda ham xaridorlarni chorlash maqsadi ko‘zlanadi.
4. Yashirin kadr orqali ta’sir qilish. Insonning ong osti xislariga yashirin ta’sir qilish xususan 25-kadr ko‘pchilik davlatlar tomonidan ta’qib ostiga olingan. Mutaxassislarning fikricha bu turdagi tashviqot har doim ham yaxshi yo‘lda ishlatilavermasdan, aksar shum niyatli insonlarga qo‘l kelishi mumkin. Misol uchun kino yoki seriallarda, “Agar bir insonga davomli ravishda “Qo‘shningni o‘ldir!” shaklidagi yashirin kadr bilan ta’sir qilinsa, u hech ikkilanmasdan qotillikka qo‘l urishi mumkin ekanligini tibbiyot psixologiyasi isbotlab berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |