Darsning maqsadi: “Estetika”ning fan sifatida shakllanishi, uning asosiy kategoriyalari, estetik tarbiyaning turlari va yo‘nalishlari, ommaviy madaniyatning yoshlar estetik didiga ta’siri haqida yaxlit qarashlarni shakllantirish.
Tayanch tushunchalar: estetika, estetik ong, estetik did, go‘zallik, ulug‘vorlik, fojeaviylik, kulgililik, tarbiya, estetik tarbiya, tarbiya vositalari, estetik tarbiyaga tahdidlar, “ommaviy madaniyat”.
“Estetika” fanining ob’ekti va falsafiy mohiyati. Estetika kategoriyalarining an’anaviy va zamonaviy tasnifi.
Estetika eng qadimgi fanlardan biri. Uning tarixi ikki yarim-uch ming yillik vaqtni o‘z ichiga oladi. Biroq u o‘zining hozirgi nomini XVIII asrda olgan. Ungacha bu fanning asosiy muammosi bo‘lmish go‘zallik va san’at haqidagi mulohazalar har xil san’at turlariga bag‘ishlangan risolalarda, falsafa hamda ilohiyot borasidagi asarlarda o‘z aksini topgan edi. Estetika (yun. αίσθημα – “his”, “tuygʻu”) olamning hissiy qabul qilinishini tadqiq etuvchi fandir. Estetika sanʼat, madaniyat va tabiatning sub’ektiv qabul qilinishini oʻrganadi. Estetika falsafaning aksiologiya sohasiga kiradi. Estetika (yun. - his qiluvchi, hissiy tarbiyaga doir) — inson bilan dunyo oʻrtasidagi qadriyat munosabatining oʻziga xos tomonlarini va kishilarning badiiy faoliyati sohasini oʻrganuvchi falsafiy fan.
«Estetika» atamasini birinchi bo‘lib buyuk olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (1714-1762 yy.) ilmiy muomalaga kiritgan. Bunda u boshqa bir ulug‘ olmon faylasufi Leybnits (1646- 1716 yy.) ta’limotidan kelib chiqqan holda munosabat bildirgan edi. Lеybnits inson ma’naviy olamini uch sohaga - aql, ixtiyor, hissiyotga bo‘ladi va ularning har birini alohida falsafiy jihatdan o‘rganish lozimligini ta’kidlaydi. Baumgartengacha aqlni o‘rganadigan fan-mantiq, ixtiyorni o‘rganuvchi fan esa-axloqshunoslik (etika)ni falsafada ko‘pdan buyon o‘z o‘rni bor edi. Biroq hissiyotni o‘rganadigan fan falsafiy maqomdagi o‘z nomiga ega emasdi. Baumgartenning bu boradagi hizmati shundaki, u «his qilish», «sezish», «his etiladigan» singari ma’nolarni anglatuvchi yunoncha aisthetikos-«oyestetikos» so‘zidan «estetika» (olmoncha «estetik»- «eshtetik») iborasini olib, ana shu bo‘shliqni to’ldirdi.
Baumgarten estetikani hissiy idrok etish nazariyasi sifatida ilgari surdi. Lekin, ko‘p o‘tmay, u goh «go‘zallik falsafasi», goh «san’at falsafasi» sifatida talqin etila boshlandi. Fanimiz faqat san’atdagi go‘zallikni emas, balki insondagi, jamiyat va tabiatdagi go‘zallikni ham o‘rganadi. Shuningdek, go‘zallikdan boshqa ulug‘vorlik, fojiaviylik, kulgililik, mo‘jizaviylik, uyg‘unlik, noziklik singari ko‘pdan - ko‘p tushunchalar mavjudki, ularni tadqiq etish ham estetika fanining zimmasida.Lekin, bu o‘rinda, shuni unutmaslik kerakki, mazkur tushunchalarning har birida go‘zallik, bir tomondan, unsur sifatida ishtirok etsa, ikkinchi tomondan, ularning o‘zi go‘zallikka nisbatan unsur vazifasini o‘taydi. Ana shu xususiyatlarning voqelikda namoyon bo‘lishini biz nafosat deb ataymiz.
Go‘zallik, ko‘rganimizdek, nafosatning bosh, yetakchi xususiyati hisoblanadi. Shu bois u estetikaning asosiy mezoniy tushunchalaridan biri sifatida tadqiq va talqin etiladi. Zero go‘zallikning ishtirokisiz yuqoridagi xususiyatlarning birortasi nafosatdorlik tabiatiga ega bo‘lolmaydi. Masalan, ulug‘vorlikni olaylik. U asosan hajmga, miqdorga asoslanadi. Buxorodagi Arslonxon minorasi yoxud Minorai Kalon ulug‘vorligi bilan kishini hayratga soladi, unga tikilar ekansiz, qalbingizni nafosat zavqi qamrab oladi. Lekin xuddi shunday balandlikdagi kimyoviy korxona mo‘risidan zavqlana olmaysiz. Yoki yonbag‘irdan turib, toqqa tikilsangiz nafosat zavqini tuyasiz, ammo xuddi shunday balandlikdagi shahar chetida o‘sib chiqqan axlat «tog‘i»ga qarab zavqlanmaysiz. Chunki Arslonxon minorasi me’morlik san’ati asari sifatida go‘zallik qonuniyatlari asosida bunyod etilgan; tog‘ esa tabiat yaratgan ulug‘vor go‘zallik. Zavod mo‘risida ham, axlat «tog‘»ida ham hajm, miqdor boru, lekin bir narsa - go‘zallik yetishmaydi. Minora bilan tog‘dagi hajmni salobatga aylantiruvchi unsur, bu go‘zallik. Fojiaviylik xususiyatida ham go‘zallikning ishtirokini ko‘rish mumkin.
Demak, estetikaning asosiy tadqiqot ob’ekti - go‘zallik, biroq, san’at ham o‘z navbatida estetikaning go‘zallik kabi keng qamro‘vli tadqiqot ob’ekti hisoblanadi. San’at estetikaning ob’ekti sifatida o‘ziga xos olam. Unda nafosatning xususiyatlari bo‘rtib ko‘zga tashlanadi. Shunga ko‘ra uni nafosatga burkangan ijtimoiy hodisa deyish mumkin. San’at hayotni in’ikos ettirar ekan, insonning o‘zini o‘ziga ko‘rsatuvchi ulkan ko‘zgu vazifasini o‘taydi. U insonni o‘rgatadi, davat etadi, go‘zallashtiradi. Bu vazifalarni bajarishda estetika san’atning ko‘makchisi, yetakchisi hisoblanadi.
Estetika bir tomondan, san’atning paydo bo‘lishidan tortib, uning turlariyu janrlarigacha, san’at asarining ichki murvatlaridan tortib, san’atkorning ijodkorlik tabiatigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘rganadi. Ikkinchi tomondan, san’at uchun umumiy qonun – qoidalarni ishlab chiqadi va tadbiq etadi. Uchinchi tomondan, esa san’at asarini idrok etayotgan kishi ruhidagi o‘zgarishlarni nafosat nuqtai nazaridan tadqiq qiladi.
Shunday qilib, estetika san’atni to‘la qamrab oladi va uning ich-ichiga kirib boradi: badiiy asarning yaratilish arafasidagi shart-sharoitlardan tortib, to u bunyodga kelib, asl egasi-idrok etuvchiga yetib borgunigacha bo‘lgan va undan keyingi jarayonlarni tadqiq etadi hamda ulardan nazariy xulosalar chiqaradi. Zotan «San’at falsafasi» iborasining siri ana shunda. Estetika – falsafiy fanlar tarkibiga kiruvchi maxsus soha. Falsafani esa, o‘zingizga ma’lumki, fanlar podshosi deb atashadi. Darhaqiqat, u fanlar podshosi sifatida barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlarni o‘z qamro‘viga olib, ulardan umumiy xulosalar chiqarib, shular asosida insoniyatni haqiqat tomon yetaklaydi. Shu bois tafakkurni falsafaning tadqiqot ob’ekti deb atash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Estetika - falsafiy fan sifatida, barcha san’atshunoslik fanlari erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, shu xulosalar asosida insonni go‘zallik orqali haqiqatga yetishtirishga hizmat qiladi. Bundan tashqari estetika ishlab chiqqan qonun-qoidalar barcha san’atshunoslik fanlari uchun umumiylik xususiyatiga ega. Masalan, uslub, ritm, kompozitsiya v. h. borasidagi qonuniyatlar barcha san’at turlariga taalluqli. Hech bir alohida san’at turi haqidagi fan bunday imtiyozga ega emas.
Ishlab chiqarish muhitining nafosatli jihatlarini vujudga keltirish, unga «ma’naviy qadriyat» maqomini berish dizayn (texnika nafosatshunosligi)ga oid rasm-chizmalar, modellar, bezaklar vositasida ham amalga oshiriladi.
Hozircha adabiyotlar dizaynning yagona, hammabop yaxlit qoidaga aylangan ilmiy ta’rifi yaratilmagan. Lekin, ko‘pchilik tadqiqotchilar dizaynni badiiy-texnik faoliyat turidir, deb qarashga moyildirlar. Xullas dizayn badiiy-texnik faoliyat muhitini yaratishdir.
Dizaynda muhandislik, ilmiy va badiiy faoliyat qorishiq holda namoyon bo‘ladi, lekin dizayn ularning birortasiga aylanib qolmaydi. Dizayn moddiy ishlab chiqarish muhitini nafosatli qayta qurishga, uni insonning manfaatlari va ehtiyolariga mos keltirishga xizmat qiladi. Dizayn sanoatni loyihalash va ishlab chiqarishni uyushtirishda narsalar-chizmalar, rasmlar, modellarining maqsadga muvofiqligini va texnologik foydaliligini hisobga olish faoliyatining ajralmas qismidir. Sanoatda keng iste’mol mahsulotlaridan, nodir dastgohlar va asboblarni loyihalash va yaratish ishida turli-tuman kasb egalari-muhandislar, texnologlar, ishchilar, iqtisodchilar, boshqaruvchilar, ruhshunoslar, sotsiolog-ijtimoiyshunoslar qatnashadilar. Bu yerda dizaynchi-musavvir-loyiha yaratuvchi alohida mavqega ega: uning zimmasiga nafosatli qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar va mehnat qurollarni yaratish burchi yuklangandir. Ishlab chiqarish bilan ist’emol, ishlab chiqaruvchi bilan iste’mol qiluvchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni uyg‘unlashtirib turish dizaynchining eng muhim vazifasidir.
Dizayn san’atdan baxra oladi. San’at bilan dizayn o‘rtasida umumiylik bo‘lsada, ular estetik faoliyatning ikki xil turlaridir. Dizayn san’atdan qanday farq qiladi? Ayonki, san’at badiiy faoliyat u yoki bu ko‘rinishidagi g‘oyalargina emas, balki narsalar ishlab chiqarish bilan bog‘liq. Lekin bu yerda narsalar ishlab chiqarish yordamchi (qo‘shimcha) vazifani bajaradi. San’at avvalo ma’naviy boylik yaratish, ong va bilish sohasidir. Bu, san’atning tub mohiyatini ifodalaydi.
Dizayn esa moddiy-amaliy faoliyat turiga kiradi. Dizayn mahsulotlar san’at asarlaridan farqli ravishda voqelikning in’ikosini emas, balki uning nafosat qonunlariga binoan yaratilib, san’at amaliyotining aynan o‘zini anglatadi. Dizayn mahsulotlari-mashinalar, binolar keng iste’mol mollari va boshqalarda sof iste’mol, ya’ni moddiy «foyda» xususiyati bo‘rtib turadi. Mahsulotning estetik sifati baribir uning loyihaviy burchi qay darajada ifodalanganligi bilan belgilanadi.
Bu yerda narsaning burch vazifasi uning ijtimoiy ahamiyati, inson ehtiyojini qondirish qobiliyati bilan aniqlanadi. Shunday qilib dizayn mahsulotining nafosatli qiymati uning maqsadga muvofiq ekanligi bilan izohlanadi. Narsaning foydaliligi va maqsadga muvofiq ekanligi uning tor ma’nodagi vazifa bajarish, ya’ni amal qilishi darajasiga tushib qolishidan saqlaydi.
San’at bilan dizayn o‘rtasidagi farq haqida gapirganda, san’at asari qaysi moddiy tizimiga mansubligidan, qaysi muhitda vujudga kelganligidan qat’i nazar, mustaqil qiymatga ega ekanini ta’kidlash kerak. Dizayn mahsuloti esa narsalar tizimining ajralmas qismi bo‘lib, undan tashqarida amal qila olmaydi. Uning nafosatli qiymati ham muayyan narsalar «tizimi»ga qanchalik mos kelishi bilan o‘lchanadi, ya’ni dizaynchi faoliyatning ob’ektini alohida olingan mashina emas, balki barcha jihozlari, tashqi va ichki bezaklari ko‘rinish va hokazo shakllari bilan birgalikda yaxlit olingan «mashinalar tizimi» tashkil etishi shart. Dizaynchi loyihalashtirilayotgan narsalarni, ular iste’mol buyumlari yoki texnik qurilmalar bo‘lmasin, nimaga xizmat qilish shakli, rangi va boshqa tomonlarini o‘zaro muvofiqlashtirish lozim bo‘ladi. Bu bilan u narsalarni yaratish va iste’mol qilish jarayonida inson uchun eng qulay sharoitlarni ta’minlay oladigan yaxlit nafosatli molik narsalar muhitini vujudga keltiradi.
Nafosatli ilmiy ijodning ham nafosatli tomonini tashkil qiladi. Lekin, nafosatli omillar ijodga tarkiban xos bo‘lib, unga yordamchi omil vazifasini o‘taydi. Juda ko‘p ilmiy tadqiqotlar va atoqli olimlar guvohlik berishlaricha, olimning salohiyati, ijodiy mehnati natijalari va samaradorligi uning nafosati madaniyati darajasiga bevosita bog‘liq ekan.
Nafosat madaniyati ilmiy izlanishlarning hamma bosqichlarida ilmiy muammolarning qo‘yilishi, ularning yechimi, olingan ilmiy natijalarni baholash jarayonida katta ahamiyat kasb etadi. Aksincha, nafosatli rivojlanmaganlik, loqaydlik olimning ijodiy kuch- qudratini so‘ndiradi, ilmiy-ijodiy jarayonida juda muhim bo‘lgan shaxsiy qoniqish hissidan mahrum etadi, aqliy ravnaqiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ilm-fan bilan bir tomonlama shug‘ullanib, san’atdan lazzatlanish hissini uyg‘otib qo‘ygan olimning bu yo‘qotish aqliy va ahloqiy sifatlariga salbiy ta’sir qilgan haqida tarixda misollar ko‘p.
Faraz voqelikka nisbatan erkindir, demak faraz va erkinlikni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Faraz olimni sub’ektivlik balosidan, qotib qolgan qolip - andozlardan xalos qilish kuchiga ega. Voqelikning eng murakkab, o‘zgaruvchan omillarga bog‘liq bo‘lgan hodisalarini bilish va anglash zarur bo‘lganda farazning qudratli kuchidan foydalanamiz.
Faraz bilan bir qatorda fahm-farosat turadi. Fahm-farosat yuzaki qaraganda taxmin qilish sifatida ko‘rinsada, aslida haqiqatni ko‘ra olish, ya’ni dalil-isbotga muhtoj bo‘lmagan narsalarning ob’ektiv bog‘lanishini anglatadi, fahm-farosat haqiqatni bevosita mushohada etishdir.
Fahm-farosatsiz ijodiy faoliyat, jumladan, badiiy va ilmiy faoliyat ham bo‘lishi mumkin emas. Fahm-farosat badiiy faoliyatda o‘ta murakkab va rivojlangan shaklda namoyon bo‘lsa, fanda u voqea hodisalarni aqliy mushohada qilish bilan chambarchas bog‘lanib ketadi.
Olimlarning tahlillariga ko‘ra, ilmiy faoliyatda fahm-farosat faktlarni to‘plash, nazariya va yangi tushunchalarni shakllantirish, eski nazariyadan yangisiga o‘tish, yangi g‘oyaning tug‘ilish, keyingi ilmiy ijod uchun yo‘l ochish, olim ichki e’tiqodiga asoslangan yangi nazariyanmg haqiqatligini sinab ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fahm-farosat o‘zidan o‘zi vujudga kelmaydi. U ilmiy faoliyat sohibidan barcha bilimi va hissiy qobiliyatini, avval erishgan tajribasini ishga solishni taqozo etadi. Boshqacha qilib aytganda, fahm-farosat aslida ehtirossiz, ilhomsiz vujudga kelishi, binobarin ehtiroslarsiz hech qanday buyuk narsalar yaratishi va mavjud bo‘lishi ham mumkin emas.
Faraz, fahm-farosat, ehtiros-ilhom nafosatli tavsifga ega bo‘lib, «toza» va rivojlangan ko‘rinishda san’atga taalluqlidir. Ayni vaqtda faoliyatining zarur qismlari sifatida fanda o‘z ifodasini topadi. Ular fanga alohida-alohida tarzda emas, balki birgalikda, aniq tizim vositasida o‘tkaziladi.
Ilmiy ijod jarayonida his-tuyg‘u, shodlik, beg‘araz qoniqishga intilish estetik omillar muhim ahamiyat kasb etadi. Ilmiy ijodning nafosatli quvonch, shodlik, qoniqish hissini qondirishga emas, balki ilmiy natijalari va ularga erishish usullarida ifodalanadi. Donishmand olimlar ilmiy izlanishlarning barcha bosqichlarida nafosatli his-tuyg‘ular ulkan ahamiyatga molikligini ta’kidlaganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |