Muso Al-Xorazmiy (783-850) buyuk matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiy VII asrning oxiri va IX asrning birinchi yarmida yashab ijod etdi. Bu davrda O’rta Osiyo arab xalifaligi tarkibiga kirar edi.
Xorazmiy dunyo faniga g’oyat katta hissa qo’shdi. U algebra fanining asoschisi bo’ldi. «Alegbra» so’zining o’zi esa uning «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al muqobala» nomli risolasidan olingan. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo’lib, hozirgi kunda biz foydalanadigan o’nlik pozitsion hisoblash sistemasi va shu sistemadagi amallarning Ovro’poda tarqalishiga sabab bo’ldi. Olimning «al-Xorazmiy» nomi esa «algoritm» shaklida fanda abadiy o’rnashib qoldi. Uning georgrafiyaga doir asari esa arab tilida o’nlab georgafik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning «Zij»i Ovro’poda ham, Sharq mamlakatlarida ham astronomiyaning rivojlanish yo’lini ko’rsatib berdi.
Ma’lumki, al-Ma’mun 809 yildan Marvda dastlab xalifa Xorun ar – Rashidning noibi so’ng 813 yildan boshlab xalifa bo’ladi va 819 yili Bag’dodga ko’chadi. Al-Ma’mun Marvda bo’lganida Xorazmiyni O’rta Osiyolik va xurosonlik boshqa olimlarni o’z saroyiga jalb qilgan.
Xalifa al-Ma’mun davrida Bag’dodda O’rta Osiyo va Xurosondan kelgan bir guruh yirik olimlar ijod etgan. Ular orasida Xorazmiy bilan bir qatorda marvdan Yaxyo ibn Abu Mansur, al-Farg’oniy, Xabash al-Marvaziy Xolid ibn Abdumalik al-Marvarrudiy, Forobdan Abul Abbos al-Javxariy va boshqa olimlar bor edi.
Bog’dodda al-Ma’mun otasi tomonidan asos solingan ilmiy markaz – «Bayt ul-xikma» faoliyatini har tmonlama takomillashtirib, unga yirik davlat muassasasi tusini berib, avvaliga tarjimonlik faoliyatini keng ko’lamda rivojlantirdi.
Marvlik mashhur astronom va matematik Habash al-Hosib («Hisobchi habash») laqabi bilan ma’lum bo’lgan Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy ham Bog’dodda Xorazmiy bilan hamkorlikda ishlagan. U ikkita «zij» tuzgan bo’lib, bular O’rta asr astronomlari tomonidan keng foydalanilgan. Tadqiqotchilarning ko’rsatishicha, u tagens va kotangens, kosekans funksiyalarini kiritib, ularning jadvallarini ham keltirgan.
Xorazmiy bilan Bag’dodda, keyinchalik «Ma’mun akademiyasi» deb tanilgan «Bayt ul-hikma»da ijod etgan olimlarning barchasini ham o’rta osiyolik yoki xurosonlik deyish xato bo’lardi. U yerda Suriya, Iroq, Eron va xalifalikning boshqa yerlaridan kelgan olimlar ham ishlagan. Biroq ular orasida o’rta osiyoliklar salmoqli o’rin egallagan. Xorazmiy ana shunday ilmiy muhitda yashab ijod qildi va 850 yilda Bag’dodda vafot etdi.
Xorazmiy qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Bular «Aljabr va almuqobala hisobi haqida qisqacha kitob» - algebraik asar. «Hind hisobi haqida kitob» yoki «Qo’shish va ayirish haqida kitob»-arifmetik asar; «Kitob sur’at-ul-arz», geografiyaga oid asar. «Zij», «Asturlob bilan ishlash haqida kitob», « Asturlob yasash haqida kitob», «Asturlob yordamida azimutni aniqlash haqida», «Kitob ar – ruhoma», «Kitob at-tarix», «Yaxudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola». Bu asarlarning to’rttasi arab tilida, bittasi Farg’oniyning asari tarkibida lotincha tarjimada saqlangan va qolgan uchtasi hali topilgan emas.
Xorazmiy hind raqamlari asosida o’nlik pozitsion sistemada sonlarning yozilishini batafsil bayon qiladi. U sonlarning bunday yozilishidagi qulayliklar, ayniqsa, nolь ishlatilishining ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. Keyin Xorazmiy arifmetik amallarni bayon qilishga o’tadi. Bunda xorazmiy sonlarning martabalarini, ya’ni razryadlarini e’tiborga olishni hamda nolni yozishni unutmaslikni uqtiradi, aks holda natija xato chiqadi, deydi u.
Risolaning boshlanishida Xorazmiy undagi masalalar o’z davrining amaliy talablariga javob sifatida vujudga kelganligi qayd qilinadi.
U shunday deydi: «... Men arifmetikaning oddiy va murakkab masalalarini o’z ichiga oluvchi «Aljabr va almuqobala hisobi haqida qisqacha kitob»ni ta’rif qildim, chunki meros taqsim qilishda, vasiyatnoma tuishda, mol taqsimlashda va adliya ishlarida, savdoda va har qanday bitimlarda va shuningdek, yer o’lchash, kanallar o’tkazishda, (amaliy) geometriya va boshqa shunga o’xshash turlicha ishlarda kishilar uchun bu zarurdir.
Xorazmiy algebrasi- bu sonli kvadrat va chiziqli tenglamalarni yechish haqidagi fandir.
Xorazmiyning aytishicha, algebrada uch xil son bilan ish ko’riladi: ildiz (jizr) yoki narsa (shay), kvadrat (mol) va oddiy son yoki dirham (pul birligi). Yana uning aytishicha, ildiz o’zini o’ziga ko’paytiriladigan miqdordir, kvadrat esa ildizni o’ziga ko’paytirishda hosil bo’lgan kattalikdir. Xorazmiy ish ko’radigan tenglamalar mana shu uch miqdor orasidagi munosabatlardir.
Xorazmiyning boshqa asarlaridan farqli o’laroq, uning algebraik risolasining uchta qo’lyozmasi saqlangan. Ular Kobulda, Madinada va Oksford universitetining Bodleyan kutubxonasida saqlanadi.
Xorazmiyning eng yirik astronomik asari uning «Zij»idir. Olim bu asarni 830 yil atrofida yozgan.
Asar 1037 yili ko’chirilgan yagona arabcha nusxasida bizgacha yetib kelgan bo’lib, bu nusxa Strasburg universtiteti kutubxonasida saqlanadi.
Kitobda shaharlar, tog’lar, dengizlar, orollar va daryolardagi 2402 ta geografik joyning koordinatlari keltiriladi. Shaharlar, daryolar, tog’lar, orollar va boshqa ob’yektlar iqlimlar bo’yicha taqsimlangan. Iqlim so’zi yunoncha klima-«og’ish» so’zidan kelib chiqqan bo’lib, uni fanga Gipparx (eramizdan oldingi II asr) kiritgan. Gipparx Yerning odamlar yashaydigan qismini 12 ta iqlimga ajratgan. Undan so’ng Ptolemey iqlimlarning sonini 8 tagacha kamaytiradi, lekin o’z «Geografiya»sida u iqlimlar nazariyasiga to’la rioya qilmaydi, chunki georgafik joylarni mintaqalar va yeparxiyalar bo’yicha taqsimlaydi.
Geografiyani iqlimlar nazariyasiga to’la rioya etgan holda birinchi marta Xorazmiy bayon qiladi. U yerning ma’mur, ya’ni insonlar yashaydigan obod qismini yetti iqlimga ajratadi. Xorazmiy qadimgi yunon olimi Ptolemeydan farqli o’laroq, mintaqalar, mamlakatlar va ulardagi geografik joylarni tavsiflamaydi, balki 1-iqlimdan to 7-iqlimgacha joylashgan joylarni tavsif etadi.
Xorazmiyning geografi k risolasi o’rta asrlardagi eng birinchi geografik asar edi.
Xorazmiy ham Ptolemey kabi uzunliklarni Kanar orollaridan boshlab hisoblaydi. Xorazmiy ekvatordan janubda 8 shahar, 1-iqlimda 64-shahar, 2-iqlimda 54 shahar, 3-iqlimda 59 shahar 4-iqlimda 146 shahar, 5-iqlimda 79 shahar, 6-iqlimda 63 shahar, 7-iqlimda 25 shahar va 7-iqlimdan shimolda 40 shaharning koordinatlarini keltiradi.
Risolaning ikkinchi bobida iqlimlardagi tog’lar tavsiflanadi. Tog’larning boshi va oxirining koordinatlari keltiriladi. Xorazmiy Yaqin va O’rta Sharqdagi hamda Kavkaz va O’rta Osiyodagi tog’larni ham u yerlardagi shaharlar kabi tatafsil bayon qiladi. Bunga qaraganda olim u yerlarning georgafiyasi bilan shaxsan tanish bo’lgan ko’rinadi.
Risolaning uchinchi bobida Xorazmiy dengizlarni, to’rtinchi bobida orollarning qirg’oq chiziqlari va ulardagi punktlarni, beshinchi bobda esa mamlakatlarni, oltinchi bobida esa daryolar va buloqlarni tavsiflaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |