12-topshiriq:
Oʻzbekiston miliy banki (National bank of Uzbekistan) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mamlakatimiz Prezidenti I.Karimov 1991-yil sentabr oyida chiqargan Farmon bilan tashkil etilgan. Bank oldiga mamlakatimiz kompaniyalarining tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha xalqaro andozalar darajasida xizmat ko‘rsata oladigan, O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni, ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga qodir bo‘lgan moliya muassasasi yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Mohiyatan, bugungi kunda O‘zmilliybank mamlakatimiz bank tizimining xalqaro moliya bozorlaridagi „tashrifnoma“si bo‘lib qoldi. Konservativ, puxta o‘ylangan siyosatga tayanib, Bankni boshqarishning samarali mexanizmlarini, o‘sish strategiyasini ishlab chiqdi. Bu holat unga dadil va jo‘shqin rivojlanib, professional moliya muassasasi, o‘z mijozlarining ishonchli sherigi sifatida mustahkam obro‘ga ega bo‘lish imkonini berdi.
Bank bozor o‘zgartishlarini amalga oshirishda faol yetakchilik qilib kelmoqda. Loyihalarni moliyalash, universal tijorat, investitsiya va jamg‘arma banklari funksiyalarini eng maqbul tarzda uyg‘unlashtirib ishlayotgan O‘zmilliybank O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli kirib borishiga yordam bermoqda.
1993-yildan buyon „The Banker“ jurnali reytinglariga ko‘ra, Milliy bank jahondagi eng katta bank muassasalarining obro‘li birinchi mingligiga kirgan va hozir unda 862-o‘rinni egallab turibdi.
Mamlakatimiz bank sho‘’basi jadal rivojlanayotgan sharoitda Milliy bank O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib hisob yuritish xalqaro andozalariga mos keladigan yangi hisobvaraqlar rejasidan foydalanishga o‘tdi. Hozirgi vaqtda Milliy bankda joriy etilayotgan eng yangi „Globus“ avtomatlashtirilgan bank tizimi Bankka o‘z biznesini maksimal darajada kengaytirish imkonini beradi.
O‘zmilliybank „Reuters“, „Dow jones Telerete“, „Swift“ kabi nufuzli xalqaro moliya kommunikatsiyalari tarmoqlariga, „VIZA“ hisob-kitob tizimiga aʼzo bo‘lgan, jahondagi eng katta emitentlar chiqargan, jumladan „Ameriken Ekspress“ yo‘l cheklarini to‘lovga qabul qilayapti va sotayapti.
Mamlakatimizning iqtisodiy muhim hisoblanuvchi barcha mintaqalarida joylashgan 96ta filial va bo‘lim Milliy bankning 603 mingdan ziyod korporativ va xususiy mijozlariga keng doiradagi xizmatlar ko‘rsatilishini taʼminlamoqda.
Shuningdek, Milliy bank Moskva shahrida o‘zining „Aziya-Invest Bank“ sho‘’ba bankiga ega. U 2001-yil yakunlariga ko‘ra Rossiyaning 200ta eng yirik banki safiga qo‘shildi.
Xalqaro aloqalar faol rivojlanmoqda. Hozirgi kunda Milliy bank vakillik tarmog‘i jahonning 67 mamlakatidagi 570 bankni o‘z ichiga olgan.
Bank 2004-yilda o‘zining respublika moliya bozoridagi mavqeini mustahkamlab, rivojlanishda ijobiy dinamikaga erishdi. Milliy bankning jamlama balansi hajmi ekvivalentda 2.929 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Hisobot yilida Bank sarmoyasi 11 mln. AQSh dollariga ko‘payib, 01.01.2005 yildagi holatga ko‘ra 485 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. 2005-yil 1-yanvardagi holatga ko‘ra, kredit portfeli hajmi 2.418,4 mlrd. so‘mni tashkil etdi (2004-yil 1-yanvarda 2.312,3 mlrd. so‘m edi).
Milliy bank keng doirada yuritayotgan faoliyat ichki va xalqaro bank operatsiyalarining amalda barcha sohalarini qamrab olgan. Endi u xalqaro andozalar darajasida bank xizmatlari ko‘rsatish imkonini beruvchi zamonaviy bank texnologiyalarini rivojlantirmoqda. Bank xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va eksport-import agentliklari ajratayotgan kredit yo‘nalishlaridan foydalanish maqsadida korporativ xizmatlar ko‘rstib, ular bilan aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash borasida aniq maqsadli siyosat yuritmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |